GANDIMIYON SHARTNOMASI VA UNING OQIBATLARI
Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Kaufmai) tomonidan taklif etilgan sulh shartnomasini imzolashga majbur bo`ldi. 1873-yil 12-avgustda imzolangan, diplomatiya tarixiga Gandimiyon shartnomasi nomi bilan kirgan shartnomasida: "Xiva xoni hazratlari Rossiya bilan sulh va do`stlik shartnomasini tuzadi va imperator hazrati oliylarining yuksak himoyatidan foydalanadi", — deb ta'kidlangan.
Diplomatiya tilida bu Xiva xoni Rossiya imperatori tobeligiga o`tganini bildiradi. I moddada: "Sayid Rahim Bahodurxon o`zini butunrossiya imperatorining sodiq xodimi deb tan oladi. U qo`shni hukmdorlar va xonlar bilan har qanaqa bevosita do`stona munosabatlardan va ular bilan biron-bir savdo yoki boshqa shartnomalar tuzishdan voz kechadi hamda Rossiyaning o`rta Osiyodagi oliy hokimiyati ruxsatisiz ularga qarshi hech qanday jangovar harakatlarni amalga oshirmaydi", — deb to`g`ridan-to`g`ri yozib qo`yilgan. Xiva xoni tashqi olamdan, shu jumladan, eng yaqin qo`shnilardan ham to`liq ajralish, ular bilan amalga oshiradigan munosabatlarni Rossiya imperiyasi hokimiyati ruxsati bilangina yuritish majburiyatini oldi.
Shu paytgacha Xiva xonligining mulki hisoblangan Amudaryo o`ng sohilining va unga yondosh yerlarning hammasi o`sha yerda istiqomat qiluvchi va ko`chmanchi xalqi bilan xonning qo`lidan to`liq chiqib ketdi. Rossiya kemalariga Amudaryo bo`ylab harakatlanishda mutlaq huquq berildi. Rossiya savdogarlari butun xonlik bo`ylab erkin yurish va boj to`lovlarisiz savdo-sotiq qilish huquqiga ega bo`lishdi. Xiva xoni va mahalliy hokimiyat rossiyalik savdogarlar hamda ularning mollari xavfsizligi uchun javobgar edi.
Rossiya va Xiva xonligi o`rtasida imzolangan shartnomada yana shunday yozilgan edi: "Chap qirg`oqdagi mslar uchun zarur va qulay bo`lgan yerga ular o`zlarining pristanlarini qurish huquqiga ega. Xonlik ushbu pristanlarning saqlanishi va xavfsizligi uchun javobgar. Pristanlar uchun joyning tanlanishi o`rta Osiyodagi rus oliy hokimiyatining tasdiqlashiga bog`liq.
Xiva xonligidagi hamma shahar va qishloqlar rus savdosi uchun ochiq. Rus savdogarlari va karvonlari xonlikda erkin harakatlanadilar va mahalliy hokimiyatning alohida g`amxo`rligidan foydalanadilar. Karvonlar va omborlarning xavfsizligi uchun xon hukumati javob beradi. Xonlikda savdo qiluvchi rus savdogarlari har qanday soliqlardan ozod qilinadi, xuddi shunday Xiva savdogarlari ham Kazalinsk yo`lida va Kaspiy dengizining Orenburg pristanida savdo qilganlari uchun soliq to`lamaydilar. Rus savdogarlariga xonlik yerlaridan qo`shni davlatlarga yuklarini bojsiz olib o`tish huquqi beriladi".
Xiva xonligi zimmasiga 2,2 million rubl miqdorida mashaqqatli tovon (kofitributsiya) to`lash yuklandi. Xon xazinasida pul bo`lmagani uchun bu mablag` xalqdan yig`ib olinishi lozim edi. Uni 20 yil davomida to`lash rejalashtirildi.
Gandimiyon shartnomasi Xiva xonligini amalda podsho hukumatiga to`liq bo`ysunadigan mayda viloyat bekligi darajasida yerga urgan og`ir sharmandali shartnoma edi. U Xiva xalqi zimmasiga yangi soliqlarni va yangi majburiyatlarni yuklar edi. Xonlik hududi uch baravar kichraydi. Xiva xonligi o`z nomini va arzimagan hududini saqlab qoldi-yu, ammo mustaqillikdan to`liq mahrum bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |