Javoblar:
1. Romanning bugunini tushunish va istiqbolini bashorat qilish uchun bu janrning nima uchun, qachon va qayerda paydo boʻlganini aniqlash hamda unga xos yetakchi belgilarni tayin etish lozim boʻladi. Ilk romanlar milodning XII-XIII asrlarida roman tillarida soʻzlashuvchi xalqlar orasida yuzaga kelgan. “Roman tillari” tushunchasi “Rim (Roma)ga tegishli” degan maʼnoni anglatib, lotin tili asosida shakllangan ispan, italyan, moldova, portugal, rumin, flamand, fransuz va boshqa tillarni oʻz tarkibiga oladi. Ilk romanlar paydo boʻlgan davrda Ovroʻpodagi deyarli barcha davlatlar uchun lotin tili rasmiy va badiiy til sanalardi. Aholining asosiy qismi esa lotin tilini bilmas, binobarin, adabiyotdan bebahra edi. Ana shunday sharoitda, aholining ruhoniylar va aslzodalardan keyingi uchinchi va son jihatidan eng katta qatlami boʻlmish ish odamlari, kosib-hunarmandlarga tushunarli boʻlgan tildagi, ularning didiga muvofiq keladigan asarlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Roman ana shu ehtiyoj natijasi oʻlaroq yuzaga keldi. Ilk paydo boʻlgan chogʻida roman tillarining birida yaratilgan asar roman sanalib, “roman tilidagi qissa yoki hikoya” maʼnosida conte roman deyilgan.
Romanning aynan oʻsha vaqt, oʻsha joy va shu shaklda paydo boʻlishiga sabab nima? Maʼlumki, antik davrdan qolgan anʼanaga koʻra barcha badiiy asarlar “yuksak poeziya” shaklida boʻlib, ularga maʼbudlar, kohinlar, saltanat egalari, kam deganda, aslzodalar qahramon qilib olinardi. Uchinchi qatlam, yaʼni, mehnat kishilari uchun bu asarlarning tili tushunarsizligidan tashqari, qahramonlari ham mutlaqo begona edi. Holbuki, bu davrga kelib uchinchi qatlam ham son jihatidan, ham iqtisodiy mavqeiga koʻra katta kuchga ega edi. Agar insoniyat tarixining shu davriga qadar badiiy asarlar neʼmatlarga egalik qiluvchi va taqsimlovchilarning didlariga muvofiq yaratilgan boʻlsa, XII asrdan eʼtiboran ishlab chiqaruvchilarning didlariga mos asarlar ham yaratiladigan boʻldi. Mehnat bilan kun koʻradigan oddiy odamlarning estetik ehtiyoji natijasi oʻlaroq paydo boʻlgan romanlarda aks ettirilgan voqealar, ularda tasvirlangan obrazlar va bu asarlarning ifoda yoʻsini ham oʻqirmanlarning intellektual darajasiga muvofiq boʻlishi tabiiy edi. Shuning uchun ham Gegel romanni nimkinoya bilan “burjuaziyaning epopeyasi” deb ataydi.
Roman uchinchi qatlamga mansub kishilar didiga muvofiq dunyoga kelgan va oldin shakllangan “yuksak poeziya” namunalaridan keskin farq qiladigan janr boʻlgani uchun juda uzoq vaqt davomida adabiyot nazariyotchilarining eʼtiboridan chetda qolib keldi. Deyarli yetti yuz yil mobaynida romanga xos belgilar ilmiy jihatdan tadqiq qilinmadi. Bu boradagi ilk nazariy qarashlar romanchilarning oʻzlari tomonidan bildirildi. Faqat XIX asrga kelib, Gegel roman nazariyasiga qoʻl urdi. Aynan nazariy qolipning yoʻqligi romanning xilma-xil sinkretik va qirgʻoqsiz janr boʻlishiga olib keldi. Nazariy cheklovlarning kamligi sababli roman yetakchi adabiy janrga aylandi. Roman tarixiga qilingan qisqa ekskursiya uning janr sifatidagi belgilarini toʻgʻri aniqlash imkonini beradi. Ibtidoda insonning individual xususiyatlari, ruhiyat jilvalari tasviriga eʼtibor qaratilgani bois, Belinskiy romanni “individning eposi” deb atagan. Koʻrinadiki, roman alohida shaxslarning ichki dunyosini badiiy idrok etish va izohlash yoʻsini sifatida yuzaga kelgan.
Roman oʻzining tarixi mobaynida qahramonlarni tasvirlash yoʻsini hamda inson shaxsiga yondashuv maromiga koʻra asosan ochiq yoki ekstensiv va yopiq yoxud intensiv singari ikki turga boʻlindi. Servantesning mashhur “Don Kixot”idan boshlangan ochiq romanlarda tasvirlanayotgan obrazlarning taqdiri, xatti-harakatlari, faoliyati ijtimoiy turmush bilan aloqadorlikda, hayotiy determinizmga muvofiq sabab-oqibat bogʻliqligida tasvir etiladi. Ochiq romanlarda odamga asosan ijtimoiy mavjudot deb qaralib, uning taqdirida jamiyat tartiblari, ijtimoiy asoslar hal qiluvchi mavqeda boʻlishi koʻrsatilgan.
Fransuz adibi M. M. de Lafayetning “Malika Klevskaya” asaridan boshlab, alohida bir odamning oʻy-kechinmalari chuqur koʻrsatiladigan, tasvir fokusi qahramon shaxsiyatining ichki jihatlarini aks ettirishga qaratilgan yopiq romanlar yaratila boshlandi. Yopiq, yaʼni, personajlarning tabiati va xatti-harakatlarini toʻligʻicha ijtimoiy tartiblarning mahsuli sifatida tasvirlamagan romanlarda asosiy eʼtibor inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga qaratilgan. Vaqti kelib, inson ruhiyatining oʻzi olami kabir ekanligi anglab yetilib, uni badiiy aks ettirish usullari egallangach, birvarakayiga ochiqlik va yopiqlik xususiyatlariga ega boʻlgan romanlar yaratila boshlandi. Odam ichki dunyosi, ruhiyati va oʻylarining ham ijtimoiy, ham psixo-fiziologik asoslarini badiiy tasvirlash muhim boʻlganidan bu ikki xususiyatning aralash qoʻllanishi keng yoyildi.
Roman janriga xos belgilarni tayin etish borasida oʻzbek adabiyotshunosligida ham ancha ishlar qilingan. Agar dastlabki tadqiqotlarda hajmning kattaligi va mavzu janrining asosiy belgilari sifatida qaralgan boʻlsa, keyinchalik romanning mohiyati oʻzga unsurlardan ham qidirila boshlandi. Chunonchi, adabiyotshunos professor Dilmurod Quronov: “… asarda qoʻyilgan muammolar koʻlami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan… roman dunyo-yu davrni bilish maqsadiga qaratilgan boʻlsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadi… Koʻramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon vosita – dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning oʻzi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning oʻzi maqsad boʻlib qoladi”. Olimning roman dunyo-yu davrni bilish maqsadida yaratiladi va uning qahramoni ana shu jarayonning vositasi degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Chunki yuqorida keltirilgan dalillar roman dunyoni emas, balki aynan individni anglash maqsadida yuzaga kelganini koʻrsatadi.
2. Roman badiiy adabiyotning nisbatan navqiron, rivojlanishda davom etayotgan zamonaviy janrlaridan biri hisoblanadi. Jahon adabiyotida u drama, doston singari janrlardan ancha keyin paydo bo‘lgan. O‘zbek romanchiligi ham salkam bir asrlik taraqqiyot tarixiga ega. Abdulla Qodiriy yetuk namunalarini yaratib bergan o‘zbek romanchiligi tez rivojlandi, o‘sdi, izlandi va adabiyotimizning asosiy janrlaridan biriga aylandi.
O‘zbek romani ruhi poeziyaga, dramaturgiyaga ta’sir etdi va she’riy romanlar, romanga monand dramalar yaratildi. O‘zbek adabiyotida tarixiy, biografik, mistik, fantastik, detektiv, satirik va maishiy romanlar paydo bo‘ldi.
O‘tmish davri muammolari faqat mamlakat iqtisodiyoti yoki siyosatiga emas, jamiyat estetikasiga, ma’naviyatiga, madaniyatiga va maorifiga ham xosdir. Roman jamiyat badiiy-estetik tafakkurini ini’kos qiluvchi janr bo‘lgani uchun ham voqelik ichra evrilishi, inson o‘y-xayollari, ko‘rgan-kechirganlari, topgan-yo‘qotganlari bilan badiiy talqinga jalb etiladi. Hozirgi turlanib-tuslanib turuvchi bozor iqtisodiyoti sharoitida inson yana bir bor sinovdan o‘tadi. Moddiy manfaatdorlik qanchalar qiyinlashgani sayin inson ongida yechimsiz muammolar bo‘y ko‘rsata boradi. Bu nafaqat davr, voqelik ichra tizimsiz o‘y-xayollar ichra evrilgan insonni badiiy kashf etgan modern romanlariga xos xususiyat bo‘libgina qolmay, an’anaviy realistik romanlar qahramonlari ruhiyatiga ham xos xususiyat bo‘lib namoyon bormoqda.
Roman izlanishga imkon beruvchi janr. So‘nggi 10-17 yil ichida yaratilgan «Lolazor», «Otamdan qolgan dalalar», «Ming bir kecha», «Fano dashtidagi qush», «Kapalaklar o‘yini», «Jaziramadagi odamlar», «Muvozanat» singari asarlar bu janr imkoniyatlari, roman tarixi, tadriji haqida fikr-mulohaza yuritishga undaydi. Bugungi kunda oʻzbek romanchiligi oʻz taraqqiyotining polifonik bosqichiga yetib keldi. Endilikda, mavzuning dolzarbligi, voqealarning qiziqarli yoxud tilning shirali ekani romanni oʻqishli qilgani holda, uning umrzoqligini taʼminlay olmasligi mumkinligi anglab yetildi. Zamonaviy oʻzbek romani muallifidan har bir qahramonini tushunish va aks ettirishning birovnikiga mutlaqo oʻxshamaydigan konsepsiyasiga ega boʻlish talab qilinadi.
Oʻtgan 2010 yil romanchilik xirmoni barakali boʻldi. Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi, Omon Muxtorning “Xotin podshoh” va “Muhabbat oʻlimdan kuchli”, Ahmad Aʼzamning “Oʻzi uylanmagan sovchi”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Jumaqul Qurbonovning “Sardoba”, Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatlar girdobi”, Nurilla Abbosxonning “Shoʻrqishloq”, Abduqayum Yoʻldoshning “Bankir” romanlari tobora shaxslashib borayotgan millat vakillarining ichki olamidagi turli ziddiyatlarni koʻrsatishga bagʻishlangani bilan ajralib turadi.
Taniqli yozuvchi Ahmad Aʼzamning bir davrda yashab, deyarli bir xil ijtimoiy sharoitda faoliyat koʻrsata turib, tabiatlari va tutumlaridagi turfaliklar sabab insoniylik sinovlaridan turlicha yoʻsinda oʻtgan yoshlar hayoti aks ettirilgan “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanida xuddi bir odam kabi butun millatu jamiyat ham bir maʼnaviy-axloqiy holatdan boshqasiga ogʻriqsiz oʻtolmasligi aks ettirilgan. Shunday davrda ijod qilish chekiga tushgan yozuvchilar oʻz atrofidagi odamlar va ularni yuzaga keltirgan hamda ular tomonidan yuzaga keltirilgan sharoitga kinoyaviy nazar tashlaydi va nuqsonlarni oshiribroq tasvirlashga moyil boʻladi. Ijodkor ochun miqyosida fikrlay boshlaganda, odamning tutumlari va olamning hodisalariga kinoyaviy yondashuv ustuvorlik qiladi. Oʻzini oʻrab turgan ijtimoiy-milliy qobiqni yorib chiqqan ijodkorda hajviy-kinoyaviy tasvir asosiy ifoda vositasiga aylanadi. Negaki, bunday vaqtda estetik tafakkur voz kechilayotgan qadriyatlardan zada boʻlgani holda oʻzlashtirilishi kerak boʻlgan qadriyatlarni aniq tasavvur qilolmaydi. Shunisiyam borki, erkin odam hazil va kulgiga moyil boʻladi.
Oʻzbek tayanadigan maʼnaviy oyinlarning qadimiyligi bilan globallashuv tufayli xalqning bugungi turmush yoʻsiniga kirib kelayotgan yangi tutumlar oʻrtasidagi nomuvofiqlik va oʻzgachaliklardan tugʻilayotgan kulgili holatlarni aks ettirish “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanining bosh xususiyatidir. Yozuvchi kulgi hosil qilishda zoʻrakilik va sunʼiylikka yoʻl qoʻymagani holda tasvirga olingan hamma narsada kulgi koʻra bilgan va ulardan kulgi chiqara olgan. Romanda isteʼmolchilik mayli axloq darajasiga koʻtarilib, nimagadir ega boʻlish odamlikning etaloniga aylangan, moddiy isteʼmoldan boʻlak narsalar ikkinchi darajali deb qaralayotgan sharoitda ham ildizlari teran maʼnaviy qadriyatlar eskirmasligi taʼsirli aks ettirilgan.
Ahmad Aʼzam har bir personajni oʻz feʼliga yarasha til bilan taʼminlay olgan. Shu bois, xilma-xil, bir-biriga oʻxshamaydigan, ayni vaqtda, bir-biriga juda oʻxshash odamlarning ichki dunyosi koʻrsatilgan bu roman, shubhasiz, adabiyotimizda oʻziga xos estetik hodisa boʻlib qoladi.
Omon Muxtorning “Muhabbat oʻlimdan kuchli” romanida ezgulik bilan yovuzlik kuchlari oʻrtasidagi adoqsiz va murosasiz kurash muayyan shaxslar taqdiri misolida mistika aralash real aks ettirilgan. Adib yovuzlikning hech qanday sababsiz ezgulikka qattol dushman boʻlishini Ibrohim bilan Gʻayrat Nusrat, undan soʻng Nusrat Gʻayrat, Hasan bilan oʻgʻli Voris va ukasi Husan oʻrtasidagi munosabatlar tasviri asnosida aks ettirgan.
Omon Muxtor uslubiga xos bir jihat, yaʼni, tasvir yoʻsinini toʻligʻicha siniq mozaika asosiga qurish ushbu asarda ham ustuvorlik qiladi. Romandagi soʻzlar qatorining aksariyati siniq, bu siniq qatorlar orqali tasvirlangan timsollarning taqdirlari ham siniq, personajlararo munosabatlar ham siniq, faqat siniqlikning oʻzigina butundir. Omon Muxtor romanlari uslubidagi yana bir jihat ulardagi voqealar rivoji, timsollararo munosabatlar tasvirida dramaga oʻxshashlik borligidir. Asarni mistikaga oshno qilgan jihat tasvirda xronotop, yaʼni, makon va zamon mutanosibligi talabiga amal qilinmaganida ham koʻrinadi. Uning asarlarida odam yoʻqlikdan paydo boʻlishi, qahramon necha asrlar oldin boʻlib oʻtgan voqealar ichiga tushib qolishi, bugunda oʻtmish va oʻtmishda hozir namoyon boʻlishi mumkin.
Romanda oʻqirmanning chinakamiga badiiy zavq olishiga imkon bermaydigan jihatlar ham yoʻq emas. Chunonchi, asarda: “Spartakning vatandoshlari Ikor va Dilol parvozidan tortib”, degan jumla bor. Omon Muxtorday tarixiy dalillarni puxta biladigan adib tomonidan yunon miflarining qahramonlari xususida bu qadar parishon maʼlumot berilishi mutlaqo kutilmagan holdir. Bu oʻrinda, yunon miflaridagi qahramonlar: qanot yasab, koʻkka uchgan ota-bola: Dedal va Ikar koʻzda tutilgan.
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari oʻzbek romanchiligida alohida voqea boʻldi. U inson intellekti, odamiyligi va yovuzligi imkoniyatlari haqidagi falsafiy-ramziy romandir. Romanda odamzod paydo boʻlgandan buyon uning maʼnaviyatini kemirib, tirikligida azoblarga giriftor qilib, oʻlgach, doʻzax olovida kuyishiga sabab boʻlayotgan manfaatparastlik, qanoatsizlik va nafs atalmish illatlar yetovidagi kimsalarning qismati aks ettirilgan. Bu asar har bir odam va butun bashariyatga qilingan ogohlantirish, odamzodni yovuzlik va oʻz kuchiga ortiqcha baho berishdan qaytarishga boʻlgan bir badiiy daʼvat desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Professor Dilmurod Quronov va shoir Rahimjon Rahmatning “Boqiy darbadar” asari haqidagi maqolalarida asarga muayyan ijodiy tajribaning mahsuli sifatida qarash seziladi. Bizningcha, yozuvchi romanda tasvirlanishi lozim boʻlgan shaxslar, ularning taqdirlari va holatlarini shunchalar yaqqol his qilganki, asar oʻz shakli bilan dunyoga kelgan
3. Daniel Defo-Jahon adabiyoti tarixiga o‘lmas “Robinzon Kruzo” asarining muallifi sifatida kirgan. U ingliz va Yevropa adabiyotida roman janriga asos slogan mashhur yozuvchidir.
Piyer Jan Beranje- XIX asrning birinchi yarmida Fransiyada inqilobiy poeziya rivojlandi va bu adabiyot mehnatkash xalq ommasining kayfiyatlarini aks ettirgan. U ana shu demokratik adabiyotning yirik vakilidir.
Fransuz realist yozuvchisi. Balzakning ijodiy merosi janr jihatidan ulkan va xilma-xil: romanlar, povestlar, dramalardan iborat.
Balzakning ko‘pgina romanlari va povestlari umumiy g‘oya asosida birlashtirilgan va «Inson komediyasi» deb nomlangan ko‘p jildli epopeyani tashkil etadi. Unda Balzak o‘z zamonasidagi fransuz jamiyatining haqqoniy, yorqin manzarasini yaratgan. «Inson komediyasi»ni muallif 3 qismga bo‘lgan: «Odatlar haqidagi etyudlar», «Falsafiy etyudlar», «Analitik etyudlar».
O‘ylangan 143 ta asardan 97 tasi yozilgan. Eng katta qismi «Odatlar haqidagi etyudlar»dir, unga 72 ta roman kirgan bo‘lib, bular orasida — «Gobsek» (1830), «Yevgeniya Grande» (1833), «Gorio ota» (1834), «Yo‘qotilgan orzular» (1837—43) kabi asarlar bor.
Balzak ijodida fransuz realizmi o‘zining yuksak pog‘onasiga ko‘tarildi. «Inson komediyasi» epopeyasi 19-asrning 1-yarmidagi fransuz jamiyatining realistik manzaralarini keng qamrovda aks ettirganligi, voqealarga, dalillarga boyligi, turli toifadagi kishilar dramasi yaratilganligi, yorqin obrazlari va personajlari bilan katta taassurot qoldiradi. Gʻarb adabiyoti deganda, avvalo nafosat, sarguzasht va taxayyulga boy adabiyot koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Aynan shu xususiyatlari bilan ham bu adabiyot boshqa adabiyotlaridan ajralib turadi. Qirolicha Viktoriya davrida (oʻn toʻqqizinchi asr) ilm-fan va adabiyotga juda katta eʼtibor qaratilgan, qahramonimiz ana shu zamonning zabardast yozuvchisi, dovyurak adabiy tanqidchisi va jasoratli jurnalisti Charlz Dikkensdir. Mutaxassislar uning asarlari oʻziga xosligi, yangi qahramon yaratish boʻyicha uni Shekspirdan keyingi oʻrinda turadi deb eʼtirof etadilar. Adibning 15 ta roman, 5 ta novella va yuzlab hikoyalari, maqolalaru maʼruzalari bizgacha yetib kelgan
4. Jurji Zaydon- Jo‘rjiy Zaydon arab adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. U adabiyot sohasidagina emas, balki fan va madaniyat bobida ham anchagina ishlar qildi, adabiyotshunoslik, til, falsafa, tarix, huquq, geografiya, jurnalistika, yozuvchilik — bular Zaydon qiziqqan va hayratomuz darajada samarali ijod qilgan sohalardir.
Jo‘rjiy Zaydon 1861 yil 14 dekabrda Bayrut (Livan)da tug‘ilib, 1914 yil 21 avgustda Qohirada vafot etdi. U kambag‘al oilada tug‘ilgani uchun ko‘p o‘qishga qurbi yetmadi, poyabzal moylab yurib, mustaqil ravishda kitob mutolaasiga kirishdi; adabiyot, tarix uni erta qiziqtirdi. U o‘z kuchini sinab ko‘rgan sohalarning birortasida ham rasmiy ta’lim olmagan, hammasiga ham shaxsiy mutolaa bilan erishgan edi.Mustafo Kamol (asl ismi Mustafo), Mustafo Kamol, Kamol Posho (1881, Saloniki – 1938.10.11, Istanbul) – Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti (1923–38), harbiy sarkarda. Turkiyada familiya joriy qilingach, Buyuk millat majlisi tomonidan unga Otaturk familiyasi berilgan (1934)O. turkiy xalqlar tarixi, siyosiy va harbiy mavzuga oid koʻplab nazariy asarlar muallifi. Toshkentdagi koʻchalardan biri O. nomiga qoʻyilgan.
5. Juji Zaydonning “Farg‘ona kelini” romani IX asrda arab xalifaligida bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan. Roman voqeasini yaxshiroq tasavvur qilmoq uchun tarixiy voqealarni bir lahza ko‘z oldimizga keltiraylik.
Xalifalik territoriyasida IX asrda xalq harakatlari boshlanib, ba’zi bir joylarda avj olib ketgan edi. Xalifa hukmronligini dahshatga solgan voqealardan biri Bobak qo‘zg‘oloni edi. Bobak Xurramiy Ozarbayjon, Armaniston va Shimoli-g‘arbiy Eronda boshlangan xurramiylar harakatiga bosh bo‘lib, yigirma yildan ortiq kurashdi. Hatto xalifa Ma’munning (813—833) ham bu qo‘zg‘olonni bostirishga qurbi yetmadi. Shu bilan bir vaqtda Misrda (829—832) qo‘zg‘olon ko‘tarilib, uni bostirish uchun xalifaning o‘zi bosh bo‘lib Misrga boradi, qo‘zg‘olonchilarni qattiq jazolaydi. Bu orada ichki ziddiyatlar va taxt uchun kurashlar zo‘rayadi. Xalifalikda hatto arab qo‘shinlariga ham to‘la ishonch qolmaydi, ularning turini o‘zgartishga kirishiladi. Bag‘dod ayonlari va qo‘mondonlarining doimiy fitnalaridan xavfsiragan xalifa, avvalo O‘rta Osiyodagi xalqlardan qo‘shin to‘plab, o‘z taxtiga tayanch qilib oladi. Dastlab bu askarlar chegara to‘qnashuvlarida asir tushgan hamda o‘sha davrda qul bozorlaridan sotib olib kelingan qullardan, keyinchalik maxsus tuzilgan qo‘shinlardan iborat bo‘ldi. Bular xalifa dargohida turib, poytaxtdagi arab isyonkorlariga qarshi kurashda, ularning qo‘zg‘olonlarini bostirishda xizmat qilgan. Bu askarlar mahalliy arab aholisi bilan aloqada bo‘lmas, hatto ularga uylanish ham ta’qiqlangan edi. Shu boisdan ham ular uchun O‘rta Osiyodan turk cho‘rilari sotib keltirib, bir qismini uylantirib ham qo‘yishardi. (Bu holat romanda ham aks ettirilgan).
Xalifa bular xizmatidan yaxshi manfaatdor bo‘lgani uchun ularga yetarli maosh va mukofotlar berib turgan. Turk askarlaridan tuzilgan gvardiyaga keyinchalik shu xalqdan sarkardalar tayinlagan. So‘ngra ichki nizolardan qo‘rqqan xalifa Mu’tasim (813—843) yangi shahar Somurroni bunyod etib, turk gvardiyasiga o‘sha yerni qarorgoh qilib belgilaydi, so‘ngra poytaxtni ham unga ko‘chiradi. Lekin xalifa Somurroda ham bora-bora turk qo‘shinlari va lashkarboshilaridan xavfsiray boshlaydi. Chunki bu gvardiya boshliqlari toj-taxt uchun o‘zaro kurashlarga ham aralashib, o‘z manfaatlariga xizmat qiladigan nomzodni qo‘llashga harakat qila boshlaydilar.
Arab xalifaligiga kirgan boshqa xalqlar, hokimlar xalifalik taxtini saqlab qolishga urinishgan. Chunonchi, Ushrusana hokimi Afshin xalifalikning eng yirik sarkardasi bo‘lgan.
Shu Afshin yordamida Mu’tasim akasi Ma’mun ham bostirolmagan Bobak qo‘zg‘olonini bostiradi va Bobakni Somurroga keltirib o‘ldiradi. Afshinning o‘sib borayotgan nufuzidan qo‘rqqan xalifa uning Bobakni tutib berganini ham hisobga olmaydi, xiyonatda ayblab o‘ldiradi. Zaydonning “Farg‘ona kelini” romani ana shu voqealarga bag‘ishlangan. Bunda barcha tarixiy voqealar, shaxslar o‘zicha qoladi. Voqea Farg‘ona hokimining qizi Jahonning Zir-g‘om bilan sevgisi tasviri bilan boshlanib, tarixiy voqealarning borishiga ko‘ra, bu sevishganlar boshqa yurtlarda turli-tuman sarguzashtlarga duchor bo‘ladilar. Jahon Bobak qaroqchilari qo‘liga tushib, voqea Armanistonga ko‘chiriladi, u yerda xurramiylar bilan xalifalik qo‘shini to‘qnashuvi tasvirlanib, Bobakning qo‘lga tushishi, qatl etilishi ko‘rsatiladi. Nihoyat, roman Jahonning Iroqqa Somurroga kelishi, ikki sevishganning bir-biriga yetishuvi bilan tugaydi. Tarixni yaxshi bilgan Zaydon tarixiy asarlar yozish, bilan qanoat hosil qilmagan. U odamlarga tarixni badiiy asarlar orqali targ‘ib qilishni, ularni tarixdan o‘rnak olishga da’vat etishni ma’qul ko‘rgan. Shu sababdan roman janrini tanlagan. Bundagi barcha qahramonlar tarixiy shaxslar bo‘lib, ba’zi birlarigina avtorning ijodiy fantaziyasi mahsulidir.
Yozuvchining o‘zi bunday deydi: «Odamlarning tarix o‘qishiga va undan foydalanishiga eng yaxshi vosita tarixni roman shaklida ommalashtirish ekanligini tajribada ko‘rdik. Bunda, xususan,ba’zi bir Yevropa yozuvchilarida ko‘rganimizdek, roman tarixdan ustun turmasligi kerak, balki tarix romandan ustun turishi va romanni boshqarishi kerak. Bu xil G‘arb yozuvchilarida shundayki, ularning tub maqsadlari roman yozish bo‘lib, uni ishonarli qilib ko‘rsatish maqsadidagina tarixiy voqealardan foydalanishadi. Bunda ular tarixiy voqealarni izohlashdan chekinib, o‘quvchilarni adashtirib qo‘yadilar.
Biz esa o‘z romanlarimizda o‘tmishdagi tarixiy voqealarga asoslanganmiz. Barcha qiziq voqealarni keltirishimizdan maqsad o‘quvchini ularga qiziqtirishdir. Tarixiy voqealar hech o‘zgartishsiz, o‘zicha olingan, sevgi qissalarini kiritishdan maqsadimiz romani oxirigacha o‘qib chiqishi uchun o‘quvchida qiziqish uyg‘otishdir».
Avtor tarixiy romanni shunday tasavvur qilgan. Rostdan ham u tarixiy voqealarni chuqur mutolaa qilgan, romandagi yirik shaxslar va ular haqidagi tavsiflar, shahar ko‘rinishlari, qal’a, daryo, ibodatxonalar, diniy e’tiqodlar, kiyim-kechak, tashqi ko‘rinishlar, ma’lum xalqning kasb-hunarlari — hamma-hammasi tarixiy kitoblardan olingan. Hatto bularni sharhlashda o‘quvchi oldida mas’uliyat sezgan va uning shubhasidan hayiqqan Zaydon roman betlarida o‘zi tayangan manbalarni ham keltirgan. Shu tariqa roman sahifalarida mashhur sharq tarixchilaridan Mas’udiy, Yaqubiy, ibn Butata, ibn al-Asir, ibn Xallikon, al-Maqdisiy, Yoqut Hamaviy kabi nomlar va ularning asarlari uchraydi.
Zaydon bu romanni yozishdan oldin O‘rta Osiyo tarixini, geografiyasini birmuncha o‘rgangan ko‘rinadi. Lekin shunga qaramay, uning ba’zi ma’lumotlari roman voqeasidan keyingi davrlarga oid ma’lumotlardir. Hatto O‘rta Osiyo territoriyasini “Turkiston” deb atalishi ham keyingi asrlarga to‘g‘ri keladi. Zaydon Sirdaryoni “Farg‘ona tashqarisidagi Toshkent daryosi” deb oladi, bu yerdagi qadimiy turkiy xalqlar tilining qanday atalishini bilmay, uni chig‘atoy tili deb oladi. Vaholanki, Chig‘atoy nomi mo‘g‘ullar davrida (XIII) yuzaga kelgan, romandagi voqea esa to‘qqizinchi asrning birinchi yarmida yuz beradi. Bunga muallifning manbalardan kerakli ma’lumotlarni topa olmaganligi va bu o‘lkalarga sayohat qilmaganligi natijasi deb qarash mumkin. Shunga qaramay, Samarqand, Buxoro, Ushrusana, Toshkent,Farg‘ona, Ozarbayjon, Armaniston, Tabariston, Shom, Yunon, Antokiya, Latakiya, Konstantinopol kabi bir qancha shaharlar haqida ma’lumotlar beradiki, bu hol o‘quvchilarning ma’lumotini kengaytirishga xizmat qiladi.
Zaydon o‘z davrining ilg‘or kishisi edi. U tarixiy voqealarni roman shaklida sharhlashda yangi, o‘ziga xos yo‘l topdi, ularning qiziqarli, sarguzashtli bo‘lishini ta’minladi.
Jo‘rjiy Zaydonning “Farg‘ona kelini” romani arab mamlakatlarida ko‘p tarqalib, juda keng nashr etilgan, fors tiliga ham tarjima qilingan edi. Bu asar birinchi marta arabchadan o‘zbekchaga tarjima qilinib, o‘quvchiga taqdim etilmoqda. Tarjimon Shoikrom Shoislomov arab tilini mukammal biladi. U ilgari arab adabiyotidan ba’zi narsalarni tarjima qilgan bo‘lsa- da, lekin “Farg‘ona kelini” tarjimonning birinchi yirik tarjimasidir.
6. Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanini yozish bilan oʻzbek romanchilik maktabiga asos soldi. Yuksak talant egasi – yosh adib qalami ostidan chiqqan birinchi oʻzbek romani favqulodda bir muvaffaqiyat va shuhrat qozondi. Romanning boshidagi bir qancha fasl dastlab “Inqilob” jurnalining 1923 yilgi fevral-mart qoʻshma sonida bosiladi. Keyin kitob holida nashr etilib, qoʻlma-qoʻl oʻqiladi. “Oʻtkan kunlar” yaratilgan davr oʻzbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi oʻrni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. Abdulla Qodiriy oʻz davrining ilgʻor bir ziyolisi sifatida Vatan va millat taqdiri ustida astoydil qaygʻurdi, oʻzicha najot yoʻlini izladi. Zamon talotoʻplari adib qalbini iztirobga soldi. “Oʻtkan kunlar” romani orqali xalqning milliy ongini uygʻotmoqchi boʻldi, “tariximizning eng kir, qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi noahil “xon zamonlari” toʻgʻrisida soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻldi.
“Oʻtkan kunlar” romanining maʼno-mundarija doirasi nihoyatda keng. Unda xilma-xil taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviy-ishqiy muammolar qalamga olingan. Biroq ular orasida yurtning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin, el-yurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning asosiy pafosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yoʻlida hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilar qiyofasida tasvirlanadi. “Oʻtkan kunlar” bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan gavdalantiriladi. Romandagi uchlik – oshiq, maʼshuqa va agʻyor, bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zoʻr mahorat bilan tasvir etiladi. Asardagi juda kam insonlar qalbidan chuqur joy oladigan bir “durri bebaho” – ishq-muhabbat tuygʻusiga doir inja tafsilotlar kitobxonni hayajonga soladi; Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojeaviy sahnalar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni – Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Abdulla Qodiriy Otabek bilan Kumushning ishq tarixini yozar ekan, ayni damda oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir, degan fikrni gʻoyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.
Adib Yusufbek hoji zimmasiga katta yuk yuklaydi. U oʻzaro mahalliy ziddiyatlarning zararini yaxshi biladi, qipchoqni qirish ishini qoralaydi, aksincha, bir millatning ikki qavmini ularni “chin yovgʻa beriladigan kuch” uchun ittifoqchi sanaydi.
Abdulla Qodiriy romanida oʻzbekning sokin oilaviy hayot tarzini ham, kundosh kelinlar orasidagi oʻzaro nizolar va ularning yechimini ham juda ishonarli, bagʻoyat mahorat bilan tasvirlaydi. Romandagi tasvirlarga koʻra, Yusufbek hoji agar ikki kelin oʻrtasida “soʻz chiqqanini goho eshitsa, ikkala kelinni oʻz oldiga chaqirib” nasihat qiladi. “Avvalo Kumushdan oʻpka qilib: “Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan kichikka shafqat lozim, mundogʻ yaxshi emas!” degan gaplarni aytadi. Soʻngra Zaynabga nasihatlar berib, “keyin ikkisini duo qilib, bir-biriga salom” berdiradi. Qaynona-kelin munosabatlari ham Yusufbek hojidek dono-donishmand oila rahbari nazaridan chetda qolmaydi. Romandagi juda tabiiy obrazlardan biri boʻlgan Oʻzbek oyim bilan Yusufbek hoji, Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyim munosabatlari ham butun salobati bilan oʻquvchi tasavvuriga muhrlanadi.
Romandagi har bir qahramonda joziba bor; ularning koʻngli, koʻzi, maʼnaviy qiyofasi koʻzga koʻrinib turadi; yurak urishlari eshitiladi. Asosiy, ikkinchi darajali va hatto epizodik qahramonlarning fikrlari teran, mulohazalari hikmatlar bilan toʻyingandir. Rahmat, Akram hoji, Oysha buvi, Oybodoq, Ali va boshqa qator epizodik obrazlar oʻzining yorqin qiyofasi hamda latif soʻzlari bilan esda qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |