Matematik qobiliyatlar ustida V.A. Krutetskiy ish olib borgan. Matematik qobiliyatar tarkibida matematik xotira, miqdoriy va fazoviy munosabatlar sohasidagi mantiqiy tafakkur qobiliyati, matematik materialning tezda kengaytirilgan holda umumlashtirish, bir operatsiyadan ikkinchisiga oson va erkin o‘tish, mulohaza va echimlarning aniqligi, oddiyligi, tejamkorligi va omilkorligiga intilish katta ahamiyatga ega. Matematik qobiliyatlar o‘zagini V.A. Krutetskiy tafakkurning matematik yo‘nalganligi tashkil etadi deb hisoblaydi. YOrdamchi xossalar sifatida sensor va aqliy sohalardagi individual-psixologik xususiyatlari matematik faoliyat talablariga javob beradigan, mos bo‘lgan sohadagi ma’lum bilim, malaka va ko‘nikmalarning aniq zahirasini ko‘rsatadi.
Pedagogik qobiliyatlarni N.V. Kuzmina, F.N. Gonobolinlar tadqiq qilganlar. Pedagogik qobiliyatlar tuzilishida pedagog odobi, kuzatuvchanlik, bolalarga muhabbat, bilimlarni berishga ehtiyoj, perseptiv, kommunikativ, tashkilotchilik va boshqa qobiliyatlar majmuasi etakchi sifatlar o‘rnini egallaydi. YOrdamchi sifatlarga artistlik mahorati, notiqlik, hazilkashlik va boshqalar kiradi.
Tashkilotchilik qobiliyatlari muammosini uzoq vaqt L.I. Umanskiy tadqiq qilgan. Muallif tashkilotchilik qobiliyatlari tarkibini aniqladi. Qobiliyatli tashkilotchi shaxsi uchun L.I. Umanskiy fikricha quyidagi sifatlar zarurdir, bular: shaxsning yo‘nalganligi, uning shayligi, umumiy sifatlari (muloqotchanlik, rivojlanganlikning umumiy darajasi, amaliy ong, kuzatuvchanlik, faollik, tashabbuskorlik, qat’iyatlilik, tashkilotchilik, mustaqillik, o‘zini tuta bilish), maxsus xossalar (tashkilotchilik hissi, psixologik odob, emotsional-irodali ta’sirchanlik, jamoatchilik faolligi, talabchanlik, tanqidiylik, tashkilotchilik faoliyatiga moyillik, shaxsning individual xususiyatlari shular jumlasidandir.
O‘quvchilarning texnikaviy qobiliyatlari M.G. Davletshin tomonidan o‘rganilgan. Texnikaviy qobiliyatlar tarkibida muallif tomonidan tayanch va etakchi xossalar, shuningdek, yordamchi sifatlar ko‘rsatilgan. Texnikaviy qobiliyatlarning tayanch xossasi bo‘lib texnikaviy kuzatuvchanlik hisoblanadi (inson idrokining mashina, asosiy bo‘g‘inlar va tuzilmalarning tuzilish tamoyiliga, ularning o‘zaro ta’siriga yo‘nalganligi). Etakchi xossalar bo‘lib texnikaviy tafakkur va texnikaviy xayol hisoblanadi (texnikani tushunish, amaliy zakovat, texnikaviy moslamani tahlil qilish, qismlardan yaxlitlikni yasash qobiliyati, fazoviy tasavvurlarning jonliligi va aniqligi, shakllar va masofalarni yodda olib qolish, konstruktiv fantaziya). YOrdamchi xossa qo‘l epchilligi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |