Xalq amaliy san’ati va dizayn
. Ma’lumki, mavjud barcha san’at asarlari o‘z o‘quvchisiga,
tinglovchisiga yoki tomoshabiniga o‘tkazadigan badiiy, estetik, ruhiy ta’siri orqali bilim beradi,
tarbiyalaydi. Shu o‘rinda amaliy san’at turlarining xususiyatlari o‘ziga xos bo‘lib, ularni
boshqa hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ya’ni bunday san’at asarlari ayni chog‘da ham
badiiy, ham amaliy vazifalarini bajara olishi ularning ahamiyatini belgilaydi. Shuning uchun xalq
amaliy san’atiga e’tibor kuchayib bormoqda. Mustaqillikdan so‘ng kandakorlik, kashtado‘zlik,
zardo‘zlik kabi amaliy san’at turlariga e’tibor ortdi. «Xalq amaliy san’ati va
hunarmandchiligini kelgusidagi rivojini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari
to‘g‘risida»gi farmon, «O’zbekiston xalq ustasi» unvonining ta’sis etilishi, sohaga oid
xalqaro konferensiyalarning o‘tkazilishi bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi. Vazirlar
Mahkamasining 2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish,
asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish masalasini Davlat dasturi ham o‘z oldiga
maqsad qilib qo‘ydi. Amaliy-bezak san’ati va hunarmandchilik bozor iqtisodiga moslashib,
uning tur va janrlari bozor iqtisodi bilan bog‘liq holda rivojlanmoqda. Shaxsiy ustaxona va
korxonalar tashkil etilmoqda. Mustaqillik yillari yog‘och o‘ymakorligi, uning maishiy va
monumental turlarining keng rivojlanish davri boldi. Mahobatli yog‘och o‘ymakorligi keng
rivoj topdi. Barpo etilgan me’moriy majmualarda bu san’at o'zining salmoqli o‘rnini
egalladi. O‘zbekistonda muntazam o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ham xalq amaliy an’atining
bir qancha turlari namoyish etilmoqda. Misgarlik, kashtado‘zlik, yog‘och kandakorligi
buyumlarida qadim ustalarimiz an’analarining zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirilgani
turmush estetikasining yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu buyumlar xorijliklarning
ham e’tiborini tortmoqda. Bugun milliy hunarmandchiligimiz nafaqat O‘zbekistonda balki
jahonga ham mashhur bo‘lib bormoqda. Hindiston, Xitoy, Shuningdek, Yevropa
mamlakatlarida xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari tashkil qilinayotgani fikrimiz dalillidir.
Dizayner va ustalarimiz nafaqat respublikamizdagi zamonaviy inshootlarda, balki chet ellarda
masjid va madrasalar, islom san’ati muzeylari interyerlarini bezashda muvaffaqiyatli faoliyat
olib bormoqdalar. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Qo‘qon va
boshqa shaharlardagi me’morchilik va xalq amaliy san’ati yodgorliklari o‘tmish
ajdodlarimiz yaratgan barkamol, takrorlanmas va tarixan bebaho asarlarning namunalari
bo‘lib, xalqimizning va shu bilan birga jahon madaniyatining durdonalaridan bo‘lgan
badiiy va madaniy merosni tashkil etadi. Xalq amaliy san’ati kishilarning ma’naviy
olamini boyitadi, badiiy-estetik didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. Shuning
uchun ham o‘zbek xalqi amaliy san’ati kishilarning badiiy, axloqiy, umuminsoniy jihatdan
tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda ham madaniy darajasini
yuksaltirishda eng zarur manbalardan hisoblanadi. Bugungi zamonaviy inshootlar kabi turar-
joylarda amaliy san’atning bir qancha turlarini ko‘rish mumkin. Turar-joylarning turli-tuman
badiiy-texnologik usullarda namoyon etilgan badiiy bezak turlari, O‘zbekiston
me’morchiligida ham muhim o‘rin tutadi. Interyerlarning badiiy bezatilishda asosiy ahamiyat
devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib, bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan
hisoblanadi. Yog‘och o‘ymakorligi faqat intererning sirtida namoyon bo'lib qolmay turli shakl
va kompozitsiyalarda ham aks etadi. Bu interyer uchun ishlangan stol, stullar,
xontaxtaning nafaqat shaklining bejirimligi balki yog‘och fakturasining go‘zalligi va ularga
berilgan ishlov hamda naqshlarning betakror va yengilligi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Toshkent
turar-joy me’morchiligida O‘rta Osiyo me’morchiligi amaliyotida qo‘llanilgan badiiy
bezaklarning deyarli barcha turlari mavjud: suvalgan devor ganch naqqoshligi hamda
o‘ymakorligi shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |