Nazorat savollari
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
Makroiqtisodiyot fani predmetining oʻziga xos xususiyati nimada va u mikroiqtisodiyot predmetidan nimasi bilan farq qiladi?
Pozitiv va normativ makroiqtisodiyot tushunchalariga izoh bering.
Makroiqtisodiyot subyektlari orasida davlatning roʻli qanday?
Agregat koʻrsatkichlar deganda nimani tushunasiz? Makroiqtisodiy tahlilda agregat koʻrsatkichlardan foydalanish zaruriyati nima uchun yuzaga keladi?
Makroiqtisodiy modellarning mohiyatiga izoh bering.
Zaxiralarni tavsiflovchi koʻrsatkichlar va oqimlarni tavsiflovchi koʻrsatkichlar oʻrtasida qanday bogʻliqliklar mavjud?
“Resurslar – tovarlar va xizmatlar” hamda “daromadlar –xarajatlar”ning doiraviy oqimi modelidagi qarama-qarshi omillarga izoh bering.
Doiraviy oqimlar modelini doiraviy aylanish tusini olishining shartlari qanday?
Makroiqtisodiy siyosatning muhim vazifalari nimalardan iborat?
17- MAVZU. ASOSIY MAKROIQTISODIY KOʻRSATKICHLAR VA ULARNI HISOBLASH
17.1. Milliy iqtisodiyotni tahlil qilishda qoʻllaniladigan asosiy koʻrsatkichlar
Mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini tahlil qilish, milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi muammolarni aniqlash hamda uni yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqarish uchun bir qator iqtisodiy koʻrsatkichlardan foydalaniladi. Alohida firmalar faoliyatiga baho berishda qoʻllaniladigan koʻrsatkichlardan farqli tarzda bu koʻrsatkichlar milliy iqtisodiyotning barcha subyektlari faoliyatiga umumiy baho berish, makroiqtisodiy tahlil oʻtkazish, mamlakat iqtisodiyotining jahon xoʻjaligida raqobatga bardoshliligi darajasini aniqlash imkonini beradi.
Bu koʻrsatkichlarga quyidagilar kiradi:
Yalpi ichki mahsulot (YaIM), Sof ichki mahsulot (SIM), Milliy daromad (MD), Shaxsiy daromad (ShD), Shaxsiy tasarrufidagi daromad (ShTD), Iste’mol (S), Jamgʻarish (S) koʻrsatkichlarining hajmi va oʻsish sur’atlari;
iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishi;
mamlakat eksporti va importi hajmi, tarkibi, YaIMdagi ulushi va oʻsish suratlari;
resurslardan foydalanishning samaradorligini xarakterlovchi koʻrsatkichlar (Mehnat unumdorligi, Fond qaytimi);
davlat byudjeti taqchilligi, deflyator, iste’mol baholari indeksi, inflyatsiyaning oʻsish sur’atlari;
ishsizlik darajasi va ishsizlar soni, aholining ish bilan bandlik darajasi;
aholining moddiy ne’matlar va xizmatlar iste’moli hajmi, ularning jamgʻarmalari, ish haqining quyi miqdori va boshqalar.
Davlat byudjeti taqchilligi va inflyatsiya surʼati kabi koʻrsatkichlar umumiy makroiqtisodiy vaziyatga baho berishda qoʻllanilsa, YaIM, SIM, MD, ShD, ShTD, S, S koʻrsatkichlari milliy ishlab chiqarishning parametrlarini va dinamikasini tahlil etishda foydalaniladi.
Bu koʻrsatkichlar iqtisodiyotning barcha subyektlari faoliyatlari natijasi sifatida aniqlanib, ularni hisoblashning asosini Milliy hisobchilik tizimi (MHT) tashkil etadi. MHT mamlakat buxgalteriyasi vazifasini oʻtagani holda uning standartlaridan kelib chiqqan holda makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblash, mamlakatlararo taqqoslovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy holatini oʻrganish, unga tizimli baho berish uchun yuqorida sanab oʻtilgan barcha koʻrsakichlardan foydalanish zarur, aks holda bir tomonlama yondashuvga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |