Tashxisi. Isitma, buyraklarning og‘riq sezishi, siydik yo‘lining kalinlashuvi, gematuriya, proteinuriya, siydikning past zichlikda va yuqori kislotalikka ega bo‘lishi, siydikdan ammiak xidi kelishi, siydik cho‘kmasida korinebakteriyalar, buyrak jomi xujayralari va kanalchalar epiteliyasining uchrashi va shishlar kuzatilmasligi tashxis uchun to‘liq asos bo‘ladi. Pielonefrit siydik yo‘llarining yiringli yallig‘lanishlar bilan o‘tadigan kasalliklari (yiringli nefrit, urolitiaz) va gematuriya hamda gemoglobinuriya bilan kechadigan yuqumli kasalliklaridan farqlanadi.
Davolash. Patogen mikrofloraning ta’siri pasaytiriladi. Buyrak, buyrak jomi va siydik yo‘li funksiyalari tiklanadi. Kasal hayvonlarga ko‘p ta’sirlantirmaydigan va engil hazmlanadigan oziqalar (sifatli pichan, ildizmevalilar, kepakdan tayyorlangan atala, toza ichimlik suvi). Kuchli ishqoriy muhit kuzatilgan paytlarda ratsionga kislotali oziqalar qo‘shiladi.
Antibiotiklar va sulfanilamidlar siydik cho‘kmasidan ajratilgan mikrofloraning sezuvchanligini hisobga olgan holda birgalikda ishlatiladi. Sulfanilamidlardan urosulfan, sulfadimetoksin, biseptol, sumetrolin, nitrofuranlardan furazolin, furadonin va bulardan tashqari gramurin va nevigramon ishlatiladi. Bunday davolash 7-14 kun davomida siydik cho‘kmasini nazorat qilib borish bilan birgalikda olib boriladi.
Siydik haydovchi dorilardan temisal, diakarb va antiseptik dorilardan beladonna ekstrakti, platifillin qo‘llaniladi. Kasallikning boshida paranefral novokainli blokada o‘tkaziladi, vaginit, endometrit, urotsistit kabi kasalliklarni davolashga ham e’tibor beriladi.
Profilaktikasi. Siydik yo‘llari va jinsiy tizim kasalliklari o‘z vaqtida davolanadi. Sun’iy o‘rug‘lantirish, jinsiy a’zolarni tekshirish, tug‘ishga yordam ko‘rsatish paytlarida aseptika va antiseptika qoidalariga rioya qilinadi.
Urotsistit (Urocystitis) - siydik xaltasi shilliq pardasining chuqur yoki yuzaki yallig‘lanishi bilan xarakterlanadi. Kataral, yiringli, difterik va flegmonoz urotsistitlar farqlanadi. Asosan go‘shtxur hayvonlar va qoramollar kasallanadi.
Sabablari. Buyraklar yoki tashqi siydik kanali tomonidan, gematogen yoki limfogen yo‘llar orqali mikrofloraning siydik xaltasiga kirib kelishi, urg‘ochi hayvonlarda vaginit, endometrit, tug‘ruq travmalari oqibatida rivojlanayotgan mikroorganizmlarning xaltaga kirib kelishi kasallikning asosiy sabablari hisoblanadi. Iflos katetrlarlarning ishlatilishi ham kasallikka sabab bo‘lishi mumkin.
Xaltada hosil bo‘lgan siydik toshlari, siydikdagi yallig‘lanish mahsulotlari yoki turli xildagi toksinlar, organizmdan ajralib chiqayotgan qitiqlovchi moddalar ta’sirida ham xalta shilliq pardasi yallig‘lanadi.
Siydik xaltasi devorining passiv giperemiyasi, siydikning turib qolishi, travmalar keltirib chiqaruvchi sabablar hisoblanadi. Siydik xaltasi devorida qon aylanishning buzilishlari sovuq havo ta’sirida, qo‘shni a’zolardagi yallig‘lanishlar va qo‘shni a’zolarning siydik xaltasini qisib qo‘yishidan paydo bo‘ladi. Siydik xaltasi yallig‘langanda unda stafilakokklar, streptokokklar, ba’zan ichak tayokchalari yoki yashil yiring tayokchalari uchraydi. Kasallikning turli davrlarida undagi mikroflora turlicha bo‘lishi mumkin.
Rivojlanishi. Urotsistit asosan o‘choqli xarakterda rivojlanadi. Yallig‘lanish mahsulotlari siydik bilan aralashib, siydikda yiringli ekssudat, shilliq qavat epiteliysi va eritrotsitlar paydo bo‘ladi. Shilliq pardalarning ta’sirlantiradi, xalta devorining reflektor qisqarishlarini keltirib chiqaradi va natijada siydik ajratish tezlashadi.
Yallig‘lanish mahsulotlarining so‘rilishi organizmda modda almashinuvi jarayonlarini buzadi, tana harorati oshadi, periferik qonda neytrofilli leykotsitlar miqdori ortadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |