15.2. Qishloq turizmini rivojlantirishning xalqaro modellari
va uni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash
Jahonda qishloq turizmini tashkil qilishning ancha mukammal modellari Evropa davlatlarida ishlab chiqilgandir. Bu modellar deyarli biri – biriga o‘xshamaydi. Eng muhimi, quyida qayd qilingan modellar hozirda Evropa davlatlarida muvoffaqiyat bilan ishlamoqda va jahondagi ko‘plab davlatlar bu modellar asosida o‘z mamlakatlarida qishloq turizmini rivojlantirishmoqdalar.
Britaniya modelida asosan qishloq turizmida turistlarni joylashtirishga ko‘proq e’tibor berilgan. Boshqa jihatlar esa Evropadagi davlatlar tajribasidan olingan hisoblanadi.
Turistlarning ommaviylashgan, ular yaxshi ko‘radigan yashash tarzi 3 tipga bo‘linadi:
Fermerning uyida yashash va uning oilasi bilan faqat nonushta qilish. Bu sharoitda fermer bilan, uning oila a’zolari bilan do‘stona aloqalarni boshlash imkoniyatlari, sharoitlari yuzaga keladi;
Alohida binoda, qisman qulaylik sharoitida o‘z – o‘ziga xizmat qilish bilan yashash;
Atroflari o‘ralgan, o‘rtacha 8 – 15 turistni joylashtiradigan binoda, o‘z – o‘ziga xizmat qiladigan sharoitda yashash.
Fransiya modeli. Fransiya jahonda qishloq turizmini rivojlantirgan birinchi mamlakat hisoblanadi. Bu davlat XX – asrning o‘rtalarida qishloq turizmini rivojlantirishning davlat dasturini ishlab chiqqan edi. Hozirga kelib qishloq turizmi fransiyaning barcha departamentlarida yaxshi tashkil qilingan. Fransiya modelida qishloq turizmi ancha murakkab va maxsus ixtisoslashtirilgan hisoblanadi. Mamlakatning janubida qishloq – cho‘milish plyaj turizmi infratuzilmalari etarli darajada yaratilgan. Bu qishloqlarda turistlar uchun maxsus kotedj uylari qurilgan. Markaziy rayonlarda agroturizm yaxshi rivojlangan. Bu erdagi qishloqlarda turistlar uchun kichik uylar barcha sharoitlari bilan turistlarning ixtiyoriga beriladi. CHunki, faranglar ovqatni o‘zlari tayyorlashni xush ko‘rishadi.
Germaniya modeli. Germaniyada qishloq turizmini fermer turizmi deb nomlashadi. Tabiiylikka intilgan nemislar imkoni boricha qishloqlardagi eski uylarda yashashga intiladilar. SHuning uchun ham nemislar qishloqlarda zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan uylarni qishloqlarda qurishmaydilar. Nemis turistlari qishloqlarda dam olishda erda ishlash, hayvonlarni boqish, madaniy o‘tirishlar, suhbatlar va baliq ovlashga qiziqishadi.
Qishloq turizmi tashkilotchilari asosan yozgi – ta’til mavsumidaga to‘g‘ri keladigan xalqning milliy bayramlari, milliy folklor festivallariga moslab turmahsulot tayyorlashadi, qishloqlarda xalqaro ko‘rgazmalar ko‘plab tashkil qilinadi. Masalan, «Oktoberfast» bayramiga jahonning deyarli barcha mamlakatlaridan turistlar kelishadi. SHuningdek, nemis qishloqlarida 100 yillab o‘z tarkibini o‘zgartirmasdan tayyorlanayotgan pivo ichimligi bayramlari ham ko‘plab uyushtiriladi.
Italiya modeli. Italiyada qishloq turizmi ko‘pincha dehqon turizmi deb ataladi va turistik dasturlar asosan 3 mavzuda tuziladi va ishlab chiqiladi:
Tabiat va sog‘liq
An’anaviy gastronomiya
Sport
Qayd qilingan tur mahsulotlar ishlab chiqilgan maxsus, ixtisoslashgan qishloqlar bor. Masalan, K’yaniy, Umbriya va Sitsiliya provinsiyalari faqat «tabiat va sog‘liq» yo‘nalishiga moyil turistlarni qabul qilishadi.
O‘zbekistonda qishloq turizmini rivojlantirishdagi dastlabki bosqichda qishloq turizmini tashkil qilish va boshqarishning tashkiliy – iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Ikkinchi bosqichda esa ana shu tashkiliy – iqtisodiy mexanizmlar asosida qishloq turizmini rivojlantirishning huquqiy – me’yoriy qonunlarini ishlab chiqish maqsadli yo‘nalish bo‘ladi. Uchunchi bosqichda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishning huquqiy – me’yoriy qonunlariga asoslanib qishloqlarimizdagi turistik resurslarimizni ro‘yhatga olishimiz, ularning ta’rif–tavsiflarini tayyorlashimiz, foydalanish imkoniyatlarini hisoblab chiqishimiz, turistik ob’ektlarda turistik infratuzilmalar va turistik marshrutlar yaratishimiz lozim bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |