Kitobxonlik Tanlovi
1.1. “Yosh kitobxon” tanlovi (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3138-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan respublikadagi eng yirik tanlov hisoblanadi.
1.2. Respublikada istiqomat qilayotgan millati va tilidan qat’iy nazar 14 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar va yoshlar tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning tanlov jarayonida rus va qoraqalpoq tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.
1.3. Tanlov ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy kitoblar hamda gazeta va jurnallar asosida tashkil etiladi.
1.4. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Matbuot va axborot agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi vakillaridan tuzilgan Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika tashkiliy qo‘mitasi tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
1.5. Tanlovning Respublika bosqichi “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatiladi.
II. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar
2.1. Tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad – bolalar va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.
2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
– yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishi, kitobxonlik to‘garaklari va klublar vujudga kelishiga erishish;
– yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish orqali ularning Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarni shakllantirish;
– yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ularning turli xil aqidaparastlik va zararli oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish;
– milliy va jahon adabiyoti durdonalari, adiblar ijodini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, kelajakda yoshlar tomonidan badiiy yetuk, yuqori saviyali asarlar yaratilishiga turtki bo‘lish;
– ijodkor, iste’dodli va iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish.
Do'stlaringiz bilan baham: |