14-seminar. Nazorat savollari
1. “Daues rejasi”ning mohiyati nimadan iborat edi?
2. Germaniya okkupatsiya qilingan hududlarda qanday iqtisodiy siyosat olib borar edi?
3. Buyuk depressiyaning Fransiyaga kech taʼsir etishining sabablari nimada?
4. Ikkinchi jahon urushidan soʼng Fransiya sanoatidagi progressiv siljishlarning sababi nimada?
5. Fransiyada mulkni davlat tasarrufiga oʼtkazilish xususiyatlari nimada?
Javoblar:
1. Sanoat burjuaziyasi, korporatsiyalar inflyasiyadan manfaatdor edilar. Ular qadrsizlanib borayotgan qog‘ozlar yordamida ishchilarga ish haqi, davlatga soliqlar va banklarga qarzlarni qaytarishardi. Banklarga qarzlarini to‘laganlaridan so‘ng sanoat korporatsiyalari mustaqillikka erishib moliyaviy guruhlar parchalanib ketdi. Shu sababdan inflyasiyadan banklar ham zarar ko‘rganligini aytish mumkin.
1924 yilda AQSh yordamga keldi. Ular “Daues rejasi”ni taklif etishdi. Rejaning mohiyati quyidagicha edi: AQSh (va qisman Angliya) Germaniyaga sanoatni tiklash uchun zaymlar berishadi, sanoatdan olingan daromadlar Angliya va Fransiyaga reparatsiyalarni to‘lashga yo‘naltiriladi, reparatsiyalarni olgan Angliya va Fransiya AQShga o‘z harbiy qarzlarini qaytaradilar.
Daues rejasi bo‘yicha Germaniya 30 mlrd. oltin markaga yaqin mablag‘ oldi. Ushbu reja amal qilish davrida 8 mlrd. marka reparatsiyalarni to‘ladi. Ushbu “oltin yomg‘ir” ostida nemis sanoati tiklandi va rivoj topdi.
2.Fashistik Germaniyada rejalashtirish indikativ emas edi – boshqaruvning ma’muriy metodlari ustuvorlik qilardi. Ekstremal holatlarda, urushga tayyorgarlik va urush holatlarida ushbu metodlar samarali ekanligini ko‘rsatdi.
Birinchidan, harbiy ishlab chiqarish harbiy bo’lmagan tarmoqlar hisobiga rivojlandi. Urush olib borishda muhim deb hisoblanmagan korxonalar yopildi. Natijada mamlakat sanoat mahsulotining 80%i harbiy mahsulotlari tashkil qildi, yetishmayotgan mahsulotlar esa okkupatsiya qilingan mamlakatlardan olib kelinardi.
Ikkinchidan, okkupatsiya qilingan mamlakatlardan harbiy ishlab chiqarish uchun resurslar olib kelinardi. Ulardan iste’mol qilinayotgan metallning yarmi, toshko‘mirning choragi va neft mahsulotlarining asosiy qismi olib kelinardi. Germaniya okkupatsiya qilingan mamlakatlarning mehnat resurslaridan ham foydalanardi: urush oxiriga kelib uning hududida 10 mln.ga yaqin xorijiy ishchilar mehnat qilishardi va ularning mehnati, tabiiyki, juda past baholanardi.
Uchinchidan, sanoatni rivojlanishiga uning maxsus fashistik manbalari yordam berardi; jumladan, demokratik tashkilotlar mulklarini egallab olish, ariec bo‘lmaganlar mulkini musodara qilish, okkupatsiya qilingan mamlakatlarni talon-taroj qilish. Germaniya armiyasi tarkibida maxsus iqtisodiy qismlar mavjud bo‘lib, ular turli-tuman boyliklarni to‘plash va Germaniyaga jo‘natish bilan shug‘ullanishar edi.
To‘rtinchidan, sanoatni rivojlanishiga ish haqiga qilinadigan xarajatlarni keskin qisqarishi turtki bo‘ldi. Gitler ishsizlarni ish bilan ta’minlash va’dasi ustidan chiqdi, lekin ish haqi juda past darajada bo‘lib, ishsizlik nafaqasidan sal yuqori edi xolos. Bu hol boshqa ishchilarga ish haqini pasaytirib uni “tenglashtirish” imkonini berdi. Yoshlar uchun majburiy mehnat joriy etildi, ya’ni barcha yosh nemislar majburiy tekin mehnat qilishlari zarur edi. Konsentratsion lager maxbuslari uchun majburiy tekin mehnat joriy etildi.
3. Inqirozdan keyin yangi sanoat o‘sishi yuz bermadi. Inqiroz o‘rnini depressiya egalladi, so‘ngra sezilar-sezilmas jonlanish yuz berdi. Agar inqirozgacha fransuz sanoati boshqa mamlakatlarga nisbatan tezroq o‘sgan bo‘lsa, endi u yana ulardan orqada qolardi. 1938 yilda 1913 yildagi kabi hajmda mahsulot ishlab chiqarilgan edi. Qishloq xo‘jaligida ham turg‘unlik holati edi. 1938 yilda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 1913 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan bor yo‘g‘i 10%ga oshgan edi.
XX asr 20-yy.da Fransiya iqtisodiy o‘sishini ta’minlagan omillar 30-yy.ga kelib o‘z ta’sirini yo‘qotdi, ishlab chiqarish kuchlari esa past darajada qolaverdi. Fransuz tovarlari jahon bozorida juda past raqobatbardoshlikka ega edi. Ikkinchi jahon urushiga kelib Fransiya hanuzgacha agrar mamlakat hisoblanar edi: qishloq xo‘jaligida aholining 37%, sanoatda esa – 25% band edi. Sanoat tarkibi ham qoloq edi. 20-yy.da og‘ir sanoatning “yangi” tarmoqlari jadal rivojlangan bo‘lsa ham yengil sanoat katta ustunlikka ega edi: tekstil, poyabzal va oziq-ovqat sanoatlarida sanoat ishchilarining yarmidan ortig‘i band edi.
4. O‘tgan davr ichida Fransiya sanoatida progressiv siljishlar amalga oshdi. Fransiya yengil sanoatning ustuvorligidan voz kechdi. 80-yy. boshlariga kelib mashinasozlik, metallni qayta ishlash, elektrotexnika, avtomobil, aviaraketa va kimyo sanoatlari jami sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning 60%ni, qazib olish tarmoqlari (metallurgiya, ko‘mir, neftgaz) bilan esa 70%ni tashkil qilgan. Yengil sanoat esa sanoat mahsulotining 30%ni tashkil etardi.
Urushdan so‘ng Fransiyada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini kompleks rivojlantirishga qaratilgan siyosat olib borildi. Ushbu siyosat integratsiya qoidalariga zid edi, chunki Fransiya xalqaro mehnat taqsimotida qatnashish o‘rniga barcha mahsulot turlari bilan o‘zini-o‘zi ta’minlashi nazarda tutilgan edi. Ushbu siyosat iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas edi, chunki unda jahon bozorida talab qilinmayotgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi an’anaviy tarmoqlarni rivojlantirish ham nazarda tutilgandi. Ushbu tarmoqlar fransuz sanoatining 40%ni tashkil etgan.
70-yy.da siyosat o‘zgardi. Endi hukumat jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi istiqbolli tarmoqlarni rivojlanishini rag‘batlantirardi. Avtomobil, aviaraketa va elektrotexnika sanoatlarida katta yutuqlarga erishildi. 80-yy. boshiga kelib rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda ushbu tarmoqlar ulushi bo‘yicha Fransiyaga 10% to‘g‘ri kelardi
5. Fransiyada mulkni davlat tasarrufiga o‘tkazilish angliyanikidan farqlanardi. Bunda “qadimgi” tarmoqlar korxonalari bilan bir qatorda “yangi” tarmoqlar korxonalari ham davlat tasarrufiga o‘tkazildi. Kompensatsiyani hamma olmadi: kollaborratsionistlar korxonalari davlatga kompensatsiyasiz olib qo‘yilardi. “Reno” kompaniyasining avtomobil zavodlari kompensatsiyasiz davlat tasarrufiga o‘tkazildi. Eng muhimi – birinchi 10 eng yirik banklar tarkibiga kiruvchi fransuz banklarini davlat tasarrufiga o‘tkazilishi jahon moliya bozorida fransuz pozitsiyalarini pasaytirib yubordi.
1982 yilda mulkni davlat tasarrufiga o‘tkazilishning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Endi davlat tasarrufiga yana, davlat sektoridan tashqarida qolgan eng yirik banklardan 36 tasi o‘tdi. Kredit tizimi deyarli to‘liqligicha davlat qo‘liga o‘tdi. “Pariba” va “Syuez” yirik moliya guruhlari, 5 ta yirik sanoat korporatsiyalari davlat tasarrufiga o‘tkazildi. Endi davlat sektori sanoat mahsulotining 23%ni ishlab chiqarardi, mamlakatdagi kapital qo‘yilmalarning yarmi ushbu sektorga to‘g‘ri kelardi. Sanoat mahsulotlarining bor yo‘g‘i 23% davlat sektoriga to‘g‘ri kelishining asosiy sababi mahsulotlarning asosiy qismi mayda firmalar va korxonalarda ishlab chiqilar edi. Davlat korxonalari endi aviatsiya mahsulotlarining 85%, qora metallning 80%, rangli metallning 62%, kimyo sanoati mahsulotining 48%, elektronika va elektrotexnikaning 44%ni ishlab chiqarardi. Davlat sektori korxonalarining deyarli yarmi – davlat va xususiy kapital ishtirokidagi aralash kompaniyalar edi. Bunday kompaniyalarda davlat bor yo‘g‘i eng yirik aksioner edi, xolos. Fransiyada davlat budjeti orqali milliy daromadning 40% o‘tardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |