14.2. Sanoat mashina va jihozlarining sifat ko‘rsatkichlari.
Ishlab chiqarish ko‘lami kengayib samaradorligi orta borgan sari mahsulot sifatini yaxshilash muammosi tobora dolzarblashib boradi.
Har qanday sanoat mashinasining ish unumdorligi, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati ushbu mashinadan qanday foydalanishga bog‘liq. Ma’lumki, mahsulot sifati deganda shu mahsulotning nomiga mos keladigan, standart talablariga javob bera oladigan o‘ziga xos xossalari yig‘indisi tushuniladi.
Mahsulotning sifat ko‘rsatkichlari esa aniq bir sharoitda mahsulotni yaratish va uni ekspluatatsiya qilish (foydalanish) bilan bog‘liq bo‘lgan sifati tarkibiga kiruvchi xossalarining miqdoriy tavsifidir.
Sanoat mashina va jihozlarining sifat ko‘rsatkichlari quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Mashina va jihozdan vazifasi bo‘yicha foydalanish samaradorligini tavsiflovchi va uning ishlatilish ko‘lamini belgilovchi ekspluatatsion – texnik;
Mashina va jihozning buzilmay, ishdan chiqmay, uzoq muddat ishlashini, remontga yaroqliligini va saqlanuvchanligini xarakterlovchi xossalari – ishonchlilik (puxtalik);
Mashina va jihozni yaratishda, unga texnik xizmat ko‘rsatishda hamda ta’mirlashda yuqori ish unumdorligini ta’minlash imkonini beruvchi konstruktiv – texnologik echimlar samaradorligini xarakterlovchi – texnologik;
Sanoat mashina va jihozlaridan foydalanishda “inson – mashina – muhit” sistemasini xarakterlovchi, insonning kompleks gigienik, aptropometrik, fiziologik va psixologik (ruhiy) xossalarini e’tiborga oluvchi – ergonomik;
Mashina va jihozlarning tashqi ko‘rinishidagi ma’nodorlik bilan uning qanday vazifani bajarishga moslanganligini bildirib turishi, aslligi (originalligi), uyg‘unligi, yaxlitligi, stili (uslubi)ni aks etuvchi – estetik;
Mashina va jihozning standartlashtirilish va uni tashkil etuvchi jismlarning unifikatsiyalanganlik darajasini aks ettiruvchi – standartlashganlik va unifikatsiyalan-ganlik;
Mashina va jihozning mamlakatimizda hamda xorijda himoyalanganlik darajasini xarakterlovchi patent-huquqiy;
Mashina va jihozni loyihalash, ishlab chiqarish va uni ishlatish (ekspluatatsiya qilish) xarajatlarini xarakterlovchi – iqtisodiy.
Mashina va jihozlarning eksplutatsion xossalari baholanuvchi parametrlar bo‘lib, amaliy masalalarni – ma’lum mashina va jihozdan turli texnologik jarayonlar va rejimlarda (qayta ishlanayotgan xom ashyo turi va sifati, tayyor mahsulotga quyiladigan talablar va boshqalar) foydalanish bir turdagi mashina va jihozni boshqasi bilan almashtirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, yanada yuqori ish unumdorlikka ega bo‘lgan yangi jihozlarni yaratish masalalarini hal qilishga yordam beradi.
Hozirgi paytda sanoat mashina va jihozlarining eng muhim baholanuvchi parametri ularning ish unumdorligi va ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligining tannarxidir.
Mashina va jihozning ish unumdorligi vaqt birligi ichida ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori bilan belgilanadi hamda u mashina va jihozdan foydalanish samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi. Bunda biz ekstensiv foydalanish va intensiv foydalanish tushunchalarini farqlashimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |