Vizantiyaliklaming lotinlarni tez orada haydab yuborishga bo'lgan umidlari zoye ketmaydi. Bo‘ysundirilgan aholi salibchilarni yoqtirmaganlar, lotinlar esa o'zaro kelisha olishmagan.
Kunlardan birida nikeyaliklar harbiy bo‘linmasi lotinlarni “qo'rqitish” uchun Konstantinopolga keladi. Ayni paytda lotinlar qo‘shini nikeyaliklarga qarshi dengizdan hujum qilishga ketgan va shaharni himoyasiz qoldirgan edilar. Konstantinopol yunonlari nikeyaliklar qo'shini yaqinlashganini eshitib, ularga shahar darvozasini ochib beradilar. Ularning yordami bilan nikeyaliklar shaharga kirib, poytaxtni osongina egallaydilar. Tez orada ortga qaytgan lotinlar shaharni qo'ldan ketganiga guvoh bo'ladilar. Nikeyaliklar bilan jangda mag'lubiyatga uchragan lotinlarga kemalarga o'tirib, Yevropaga qaytishdan boshqa chora qolmaydi. Nikeya imperatori Mixail VIII Paleolog 1261-yiIning 15-avgustida Konstantinopolga tantanali kirib keladi. Shu tariqa Vizantiya imperiyasi tugallanadi. Endi Vizantiya dunyoning qudratli mamlakatidan unchalik katta bo'lmagan yunon davlatiga aylanadi.
Salib yurishlarining tugashi va oqibatlari.
XIII asrda tashkil qilingan qator salib yurishlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni o'zgartira olmaydi. Fransiya qiroli Lyudovik IX ning 1269 —1270-yillardagi sakkizinchi salib yurishlari so'nggi salib yurishlari bo'ladi. Ko‘p o‘tmay salibchilarning Sharqdagi mulklari birin-ketin musulmonlar qo'liga qaytadi.
Salib yurishlari to'xtatilishining asosiy sababi XIII asrning oxiridan G'arbiy Yevropa mamlakatlarida boshlangan o'zgarishlar bo'ladi. Ishlab chiqarish kuchlari o'sadi. O‘rmonlar kesilib, ekinzorlarga aylantirila boshlanadi. Qishloq aholisining yersiz bir qismi tobora yuksala borayotgan shaharlarga ketadi. Qirol hokimiyatining kuchaya boshlashi va mamlakatni markazlashtirish siyosati ritsarlarga qirol qo'shinida xizmat qilish imkonini yaratadi. Savdogarlar tinch yo‘l bilan savdo-sotiq olib borishning afzalligiga yana bir bor ishonch hosil qiladilar.
Salib yurishlari o'zining asosiy, ya’ni Sharqda kuchli xristian davlatini yaratish maqsadiga erisha olmaydi. Unda qatnashgan 100 minglab kishilar halok bo'lib, katta moliyaviy zarar ko'riladi.
Lekin Sharqning yuksak madaniyati bilan tanishish Yevropa feodallari turmush tarzini keskin o'zgartirdi. Yevropa mamlakatlarida soliqlarni mahsulot bilan emas, pul bilan olish o‘sib boradi. Ayrim feodallar qaram dehqonlarini to'lov evaziga ozodlikka chiqara boshlaydilar.