2. Kambag‘allik sabablari, omillari va konsepsiyalari
Kambag‘allikning vujudga kelish sabablari turlicha bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liqdir. Kambag‘allik sabablari quyidagi guruhlarga birlashtiriladi:
• iqtisodiy (ishsizlik, ish haqining kamligi, mehnat unumdorligining pastligi);
• ijtimoiy-tibbiy (nogironlik, qarilik, kasallanish darajasining yuqoriligi);
• demografik (to‘la bo‘lmagan oilalar, oilada boqimandalarning ko‘pligi);
• ijtimoiy-iqtisodiy (ijtimoiy kafolatlar darajasining pastligi);
• ta’lim-malaka (ta’lim darajasining pastligi, kasbiy tayyorgarlikning yetarlicha emasligi);
• siyosiy (harbiy mojarolar, majburiy migratsiya);
• mintaqaviy-geografik (mintaqalarning rivojlanishining tabaqalashuvi).
Mamlakatda kambag‘allik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar turlicha bo‘lib, ular bir-birlari bilan chambarchas bog‘liq. Kambag‘allik darajasiga ta’sir etuvchi quyidagi omillarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
○ iqtisodiyotning yalpi samaradorligi;
○ mamlakatdagi mavjud uy xo‘jaliklarining tarkibi va ularning iqtisodiy tizimga kira olish imkoniyati;
○ ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish uchun xarajatlar miqdori;
○ amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar turlari va ularning samaradorlik darajasi.
Jahon amaliyotida kambag‘allikni aniqlashning quyidagi konsepsiyalari mavjud:
1. Kambag‘allikning mutlaq konsepsiyasi. Ushbu konsepsiya kambag‘allik chegarasi tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir. Kambag‘allik chegarasi mavjud daromad, yalpi daromad yoki iste’molning shunday darajasiki, ushbu darajadan past bo‘lganda odam kambag‘al hisoblanadi. Mutlaq kambag‘allik ko‘pincha iste’mol yoki daromad darajasi kambag‘allik chegarasidan past bo‘lgan odamlar yoki uy xo‘jaliklar soni orqali o‘lchanadi. Jahon banki mutlaq kambag‘allik chegarasi sifatida kuniga 1,90 AQSh dollari hisobiga (dollar kursi xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha hisoblanadi) kun kechirishni belgilab qo‘ygan.
2. Kambag‘allikning nisbiy konsepsiyasi. Kambag‘allikning nisbiy ko‘rsatkichi kambag‘allik nisbiy chegarasini belgilaydi va aholining amaldagi daromadini ana shu darajaga nisbatan taqqoslaydi. Aholining real daromadlari ortib borayotgan sharoitda taqsimlash o‘zgarmasa, nisbiy kambag‘allik avvaldagidek saqlanib qoladi. Nisbiy kambag‘allik konsepsiyasining asoschisi, ingliz sotsiologi P.Taunsend ushbu kategoriyani iqtisodiy resurslarning yetishmasligi oqibatida mazkur jamiyat ko‘pchilik a’zolari uchun odatdagi turmush tarzini davom ettirishning imkoniyati bo‘lmasligi sifatida ta’riflagan. U o‘zining kambag‘allikning tahlil etish usulini ko‘p o‘lchamli deprivatsiya tushunchasiga asoslagan. Bunday holatni u “shaxs, oila yoki guruhning jamiyat yoki umuman millat holatida kuzatilayotgan va asoslanadigan nochor ahvoli” sifatida tushungan.
P. Taunsend tomondan ko‘p o‘lchamli deprivatsiya usuli qo‘llanilib, unda moddiy deprivatsiyaga (ovqatlanish, kiyim-kechak, turar joy sharoitlari, uzoq muddat foydalaniladigan ashyolar, yashash joyi muhiti, mehnat sharoitlari va xususiyatlari) ijtimoiy deprivatsiya ko‘rsatkichlari (ish bilan bandlik, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, ta’lim va hokazolar xususiyatlari) qo‘shilgan (2-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |