4. Huquq prinsiplari tushunchasi va mohiyati
Huquq prinsiplari, hech mubolag`asiz, uning mohiyatini ifodalovchi asosiy mexanizmlardan birini, tag zamin o`zagi (sinch - umurtqasi)ni tashkil etadi. Ular butun huquqiy materiyani - g`oyalar, normalar va munosabatlarni qamrab olib, jami huquqiy hayotga muayyan mantiq, mazmun - ma`no, sobitqadamlik, ichki mutanosiblik hamda uyg`unlik baxsh etadi. Yanada teranroq ta`rif qiladigan bo`lsak, huquq prinsiplarida, bamisoli, huquq rivojining butun dunyoviy tajribasi, insoniyat ma`rifiy taraqqiyotining hosilasi o`zining mujassam ifodasini topadi. Prinsiplar huquq shakllanishida yo`nalish beruvchi mo`ljal, mezon vazifasini o`taydi.
Huquq prinsiplari huquqning shakllanish jarayoni, rivojlanishi va harakatlanishining rahbariy g`oyasi, ibtido qoidasi, etakchi mezoni sifatida maydonga chiqadi.
Avvalo qonunda, huquqiy normalarda o`z tasdig`ini topadigan huquq prinsiplari jamiyatning butun siyosiy-huquqiy hayotiga, mamlakat ijtimoiy tizimiga to`laligacha singib ketadi. Ular nafaqat huquqning mohiyatini, balki uning mazmunini tavsiflaydi, nafaqat uning ichki tuzilishi, statik holatini, balki huquqni qo`llash jarayonini, huquq faoliyatining dinamikasini aks etti radi. Huquq prinsiplari normativ hujjatlarni tayyorlashning butun jarayoniga, ularni qabul qilish va chiqarishga, huquqiy talablarga rioya etish kafolatlari o`rnatilishiga nihoyatda katta ta`sir ko`rsatadi.
Huquq prinsiplari o`ziga xos tayanch tuzilma (konstruksiya) bo`lib, unga nafaqat huquq normalari, institutlari yoki tarmoqlari, balki butun huquq tizimi asoslanadi. Mazkur rahbariy tamoyillar davlat idoralarining butun huquq ijodkorligi, huquqni qo`llash va huquqni muhofaza qilish faoliyati uchun yo`naltiruvchi mash`al bo`lib xizmat qiladi. Ularga rioya etish darajasiga huquqiy tizimning baqamtiligi, barqarorligi va samaraliligi bevosita bog`liq. Huquq prinsiplari umummajburiy tusga ega bo`lganligi sababli ular turli huquq tarmoqlari va institutlari, normalari va huquqiy munosabatlar o`rtasidagi, ob`ektiv hamda sub`ektiv huquq o`rtasidagi ichki birlikni, uyg`unlikni va o`zaro aloqadorlikni ta`minlashga ko`maklashadi.
O`z mohiyati, tabiati jihatidan huquq prinsiplari tasodifiy emas, balki jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimi tomonidan ob`ektiv tarzda belgilanadi. Bundan tashqari, ular mazmuniga mamlakatda mavjud davlat va huquq, hukmron siyosiy va davlat rejimi, jamiyat siyosiy tizimining qurilish hamda amal qilish tamoyillari o`z ta`sirini o`tkazadi.
Yuqoridagi fikr kundek ravshan, uni isbotlab o`tirishning hojati ham yo`q. Zero, aytaylik, feodal huquqning tuzilish va harakatlanish prinsiplari quldorchilik huquqi yoki hozirgi zamonaviy huquq prinsiplaridan tubdan farq qiladi. Shuningdek, rim huquqiga asoslangan bugungi kunimizdagi roman - german huquqining prinsiplari islom dini arkonlariga asoslangan musulmon huquqi prinsiplaridan farqlanishi barchaga ayondir.
Huquq prinsiplari, odatda, bevosita qonun hujjatlarida (konstitutsiya va joriy qonunlarning muqaddimasida, moddalarida) mustahkamlanadi; ba`zan huquq normalarining mazmunidan kelib chiqadi. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida inson huquqlari va davlat suvereniteti g`oyalariga sodiqlik prinsipi, xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish prinsipi o`z aksini topgan.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning bir qator moddalarida o`ta muhim boshqa huquqiy prinsiplar mustahkamlangan. Ulardan ba`zilarini eslab o`tamiz: «davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas`ulligi» (2-modda), «xalq hokimiyatchiligi» (7-modda), «davlat hokimiyatining taqsimlanishi» (11-modda), «siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi» (12-modda), «Konstitutsiya va qonun ustuvorligi» (15 va 16-moddalar), «fuqarolarning qonun oldida tengligi» (18-modda) va hokazo.
Xorijiy davlatlar tajribasi ham aynan shunday. Misol uchun Shvetsiya Konstitutsiyasining 1-moddasiga muvofiq: «Shvetsiyada butun davlat hokimiyati xalqdan kelib chiqadi. Shved xalqining boshqaruvi fikrlarni erkin shakllantirish hamda umumiy va teng saylov huquqiga asoslanadi. Boshqaruv davlat tuzumi vositasi bilan, vakillik va parlament tizimi, va kommunal o`zini o`zi boshqarish orqali amalga oshiriladi».
Adolat va erkinlik huquq binosining tamal toshlaridir. Barcha prinsiplar orasida ular alohida muhim o`rin tutadi. Adolat va erkinlik prinsipi ko`pgina nufuzli xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarda, mamlakat ichki qonunchiligida o`z tasdig`ini topgan. Fikrimizning dalili sifatida 1948 yilda qabul qilingan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ni, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarni keltirish mumkin.
5. Huquq prinsiplarining tasnifi
Huquq prinsiplarini mazmuni, namoyon bo`lish jabhasi va xususiyatlariga qarab turli mezonlar asosida tasniflash mumkin. Masalan, huquqning tipi va harakatlanish ko`lamiga qarab quldorchilik, feodal, burjua va sotsialistik huquq prinsiplari haqida gapirish mumkin. Shuningdek, huquq prinsiplari o`z tabiatiga ko`ra ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy, axloqiy, diniy va maxsus-yuridik turlarga bo`linadi. Huquqshunoslikka oid adabiyotlarda umumiy va maxsus, sohaviy va tarmoqlararo prinsiplar to`g`risida fikr- mulohazalar mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |