O’zbekistonni turistik rayonlashtirish
.
Boshqa geografik fanlar kabi turizm geografiyasida ham rayonlashtirish katta
ahamiyatga ega. Biroq, ta‘kidlash lozimki , turistik va umuman rekreatsion
rayonlashtirishning nazariy va metodik muammolari uzil-kesil yechilmagan.
Ayniqsa ushbu rayonlarning klassifikatsiyasi va tiplari , ularning hududiy
rekreatsion (turistik) tizim yoki majmualar bilan munosabati to‘g‘risida yagona
kelishilgan nuqtai nazarlar yo‘q. Aynan na shu masalani V. A.Kotlyarov (1978),
N.S.Mironenko, I.I.Pirojnik, I.T.Tverdoxlebov (1989) va boshqa olimlar ham e‘tirof
etishadi. Ma‘lumki, iqtisodiy geografiyada rayonlar eng avvalo ikki shaklda
ajratiladi: integral (oraliq) va sohaviy (tarmoq) rayonlar. SHuningdek,
rayonlashtiriladigan ob‘ekt hududiy uzluksiz yoki diskret, ya‘ni areal ko‘rinishda
bo‘ladi. Ikkinchi shakldagi rayonlashtiriladigan hodisa yoki voqelik hududning
ayrim joylarida mavjud bo‘ladi, xolos (Coliev, Qarshiboeva, 1999). Masalan,
turistik rayonlashtirishda tabiiy landshaftlarni jozibaligi (attraktivnost‘) hisobga
olinganda, turli rayonlar – cho‘l, tog‘, voha va boshqa landshaft rayonlari
ajratiladi va ular butun mamlakatni qoplab oladi. Ayni vaqtda ijtimoiy -madaniy
nuqtai nazardan turistik rayonlashtirishda belgilangan rayonlar areal (azonal)
ko‘rinishda bo‘ladi. Chunki, arxeologik yodgorliklar, arxitektura va shaharsozlik
ob‘ektlari, qadamjo va boshqa turistik elementlar hududning faqat ayrim
joylarida uchraydi. Binobarin, ana shunday ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy madaniy
ob‘ektlarni turistik jihatdan rayonlashtirish ancha qiyinchiliklar tug‘diradi
(Gladskiy, Chistobaev, 2000). Turistik rayonlashtirish sohaviy yoki tarmoq
rayonlar turkumiga kiradi. Bunday rayonlar ham hududiy mehnat taqsimoti va
hududiy ixtisoslashuv asosida vujudga keladi. Rayon shakllantiruvchi omillar
sifatida tabiat manzaralari (peyzaj, landshaft ), ijtimoiy -iqtisodiy, madaniy-tarixiy
ob‘ektlar va turistik infratuzilma xizmat qiladi. Ayrim olimlar fikricha, (masalan,
Mironenko, Pirojnik, Tverdoxlebov, 1989) hududiy turistik tizim yoki majmualar
turistik rayonlarga nisbatan tor tushunchadir. Biz ham aynan shu fikr
tarafdorimiz. Zero, HTM-lar, yuqorida ta‘kidlaganimizdek, turistik rayonlarning
ichida shakllanadi va ularning quyi pog‘onalariga mos keladi.Turistik rayonlarga
ham integral rayonlar kabi ma‘muriy iqtisodiy birliklar doirasida ko‘rish
ma‘qulroq. Chunki, bunday miqyosda statistika masalasi, boshqaruv
muammolari osonroq o‘z yechimini topadi . Xuddi shu fikrni Ye.A.Kotlyarov
(1978, b.58), I.I.Pirojnik (1985, b.152) ham ma‘qullashgan. Binobarin, biz ushbu
metodologik asoslarga tayangan holda hamda O‘zbekistonni mavjud iqtisodiy
rayonlar to‘rini e‘tiborga olib, mamlakatimizdagi turistik faoliyatni quyidagi
tartibda ko‘rishni lozim topdi :
1. Toshkent turistik rayoni (Toshkent viloyati)
2. Mirzacho‘l turistik rayoni (Sirdaryo va Jizzax viloyatlari)
3. Farg‘ona turistik rayoni (Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari)
4. Zarafshon turistik rayoni (Samarqand, Buxoro, Navoiy, viloyatlari)
5. Janubiy turistik rayoni (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari)
6. Quyi Amudaryo turistik rayoni (Xorazm viloyati, Qaraqalpog‘iston
Respublikasi)
Toshkent turistik rayoni. Bu rayon Toshkent shahri Toshkent viloyatini
birlashtirib, respublikaning eng muhim turistik mintaqasi hisoblanadi.
Toshkent - respublikaning poytaxti sifatida sayyohlikning eng yirik
markazlaridan biridir. Chunki, u xalqaro transport tuguni sifatida (havo, temir
yo‘l, avtomobil) muhim o‘rin tutadi . Shuningdek, Toshkent viloyatidagi
mahalliy va xalqaro ahamiyatidagi sayyohlik maskanlari mintaqaning bu borada
imkoniyatlarining nihoyatda kattaligidan dalolat beradi. Mazkur rayonda tarixiy
obidalar, tabiiy rekreatsiya resurslari , suv omborlar, daryolar va shifobaxsh
mineral suvlar, tog‘ manzilgohlari mavjud. Bu yerda Oqtosh, Xumson,
G‘azalkent, Tovoqsoy, Boldirsoy, Chorbog‘, Chimgan, Kumushkon, So‘qoq,
Ohangaron, Yangiobod, Ertosh, Ko‘ksaroy, Qizilchi dam olish va davolanish
kishilarning miriqib dam olishi hamda sog‘ligini tiklashda beqiyos ahamiyatlidir.
Rayonning tekislik va adir qismida ham ekskurtsiya ob‘ektlari va shifobaxsh
maskanlar juda ko‘p. Bu yerda Botanika, Turon, CHinobod, Toshkent mineral
suvi , 8 mart, Qibray, Bo‘ston, Zanggi ota kabi o‘nlab sanatoriya va kurort
zonalari joylashgan. Ularning xilma xil kasalliklarga shifo berish imkoniyati
mavjud. Bu turistik rayonda turizm infratuzilmasi boshqa rayonlarga nisbatan
ancha yuqori rivojlangan. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati tog‘
oldi mintaqalaridagi turistik ob‘ektlarda, mehmonxona va dam olish uylarida
sayyohlarga xizmat ko‘rsatish yuqori darajada tashkil etilgan. Bu esa yuqori
darajada urbanizatsiyalashgan hudud uchun (Toshkent aglomeratsiyasi) ayniqsa
muhimdir. Mirzacho’l turistik rayoni. Mazkur rayon o‘zining tabiiy landshaft
va qadimiy sardobalari bilan mashhur. SHuningdek, bu yerda irrigatsiya
shahobchalari, yangi o‘zlashtirilgan yerlar, Sirdaryo IES kabilar ham turistik
jihatdan e‘tiborga loyiqdir. Zomin va Baxmal tog‘ va tog‘oldi dam olish
mintaqalari rayonning eng yirik tabiiy turistik maskanidir. Jizzax viloyatining
Morguzor va Turkiston tog‘ tizmalaridagi tabiiy va rekreatsiya maskanlari,
Sangzor daryosi havzasining o‘ziga xos landshaftlari ushbu rayonning turistik
boyligi hisoblanadi. Farg’ona turistik rayoni. Bu turistik rayon
respublikamizning eng so‘lim, tabiati go‘zal maskanlardan biridir. Uch viloyatni
birlashtirgan (Farg‘ona, Andijon, Namangan) rayon qadimdan rivojlanib, ko‘p
ming yillik tarixiy taraqqiyoti jarayonida qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilikning
eng yirik markazlari sifatida hozirgi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan.
Aholining milliy hunarmandchilik buyumlari jahon sayyohlarining e‘tiborini
jalb qilib kelmoqda. Shu o‘rinda, Marg‘ilon ipaklari , shoyilari va do‘ppilari,
Chust pichoqchiligi, charmdo‘zlik hamda Rishton kulolchilik mahsulotlari
kabilar jahon ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelmoqda. Turistik rayonda Madrasai
Amir (XVIII-asr), Xudoyorxon saroyi, milliy uslubdagi naqqoshlik va
ganchkorlik naqshlari bilan qurilgan tarixiy obidalar Qo‘qon, Rishton, Quva,
Kosonsoy, Shahrixon va Namanganda ancha keng tarqalgan. Amir Kon,
Chilustin g‘orlari, Marg‘iloniy, Al-Farg‘oniy ziyoratgohlari sayyohlarni o‘ziga
jalb qiladi. Yozyovon cho‘llari Markaziy Farg‘onada saqlanib qolgan noyob
landshaft turidir. Shuningdek, Axsi, Eski Pop, Tuproqqal‘a kabi ekoturistik
obidalar va rayon etnografiyasi, san‘ati, (askiya, qiziqchilik) madaniyati, urf-
odatlari (to‘ylari , kurash musobaqalari va h.k.) hamda choyxonalari
sayyohlikning o‘ziga xos o‘rganilmagan jihatlaridan biridir. Farg‘ona turistik
rayonidagi Andijon, Asaka, Pop, Qo‘qon, Marg‘ilon, Shahrixon, Chust va
boshqa shaharlardagi milliy hunarmandchilikning o‘ziga xos turlari mintaqa
turistik salohiyatini yanada oshiradi. Bularning barchasini turizmni rivojlantirish
maqsadida ilmiy jihatidan o‘rganish katta ahamiyatga egadir.
Hozirgi paytda vodiyda 55 ga yaqin noyob tabiiy turistik ob‘ektlar hisobga
olingan. Rekreatsiya va dam olish maskanlaridan Chortoq, CHimyon,
SHoximardon, Vodil, Bobur bog‘I kabi ob‘ektlar rayonning dam olish,
sog‘lomlashtirish, tanishuv, diniy, sport va boshqa turistik xususiyatlarini
mujassamlashtiradi. Namangan viloyatidagi Chortoq, Gulshan dam olish va
davolanish sihatgohlari, Baliqko‘l, Nanay, G‘ova, Movlono Lutfillo, Parda
Tursun kabi dam olish maskanlari va ziyoratgohlari, Andijon viloyatidagi
Bog‘ishamol, Shirmonbuloq, Xonobod, Dilkushod dam olish maskanlari,
Qutayba ibn Muslim, Imom ota, Qambar ota va boshqa diniy ziyoratgohlar
turizmda nihoyatda ahamiyatlidir Vodiyda 50 dan ortiq mineral suv buloqlari
mavjud. CHortog‘ mineral suvi 1946 yilda ochilgan bo‘lib, suv 1000-3000 m
chuqurlikdan 43-47 gradus issiqlikda otilib chiqadi. Chortog‘ dam olish
maskanida poliartrit, me‘da-ichak, xotin qizlar kasalliklari, teri xastaligi va
boshqa kasalliklar davolanadi. Bundan tashqari , Chimyon, Shahimardon, Vodil
kabi ko‘plab rekreatsiya va dam olish ob‘ektlari, go‘zal sermanzara soylar
rayonning turistik imkoniyatini yanada oshiradi (Nurmatov, Islomov, Chorieva,
2002, b.103-105) Hozirgi paytda maxalliy sayyohlik nihoyatda faol bo‘lib, chet
ellik sayyohlarni qabul qilish va ularni jalb qilish ancha past darajada. Chunki,
mintaqa turistik jihatdan keng ko‘lamli o‘rganilmagan va turistik
infratuzilmaning pastligi kelajakda ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar asosida taklif va
loyihalar yaratishni talab etadi. Zarafshon turistik rayoni. O‘zbekistonning eng
muhim turistik markazidan biridir. Bu turistik rayon tarixiy rivojlanishi davrida
Movaraunnaxr markazi hamda jahon tsivilizatsiya o‘choqlari qatori mashhurdir.
Turistik rayon dunyoning eng qadimiy shaharlari qatoriga kiruvchi Samarqand,
Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalar, arxitektura, arxeologik, shaharsozlik,
shuningdek, milliy hunarmandchilik hamda o‘ziga xos madaniyati va san‘ati
bilan ajralib turadi. Zarafshon turistik rayoni xalqaro turizmning Markaziy
Osiyodagi muhim bug‘ini sifatida o‘z salohiyatiga egadir. Shu jihatdan bejizga
«Samarqand sayqali ruyi zamin ast, Buxoro qubbati dini islom ast» deb
aytishmagan. Samarqand dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, ochiq
muzey hisoblanadi. Uning asrlar davomida saqlanib kelayotgan tarixiy turistik
ob‘ektlari dunyo sayyohlarini o‘ziga chorlab kelmoqda. Shaharning eramizdan
oldingi davrlardan boshlab, 14-15 asr va undan keyingi tarixiy , madaniy
yodgorliklari diqqatga sazovordir. Qadimiy Afrosiyob, Shohi-Zinda, Bibixonim
madrasasi, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Imom Buxoriy, Al
Motrudiy, Xo‘ja Axrori Vali va temuriylar tomonidan qurilgan ko‘plab
maqbaralar muhim turistik ob‘ekt sifatida qaraladi. Biroq ta‘kidlash joizki ,
turistik ahamiyatga ega bo‘lgan nodir go‘shalari va xilma-xil tabiiy turistik
ob‘ektlaridan hozirgi kunda imkoniyat darajasida foydalanilmayapti . Binobarin,
bu salohiyatlardan turizm soxasida to‘laligicha foydalanilsa nihoyatda katta
iqtisodiy samaraga erishishga shubha yo‘q. Buxoro viloyati, xususan, Buxoroyi
Sharif boy tarixiy turistik ob‘ektlarga ega. U islom olamining muqaddas
shaharlaridan biridir. Buxoro viloyati va shaharning o‘zida 140 dan ortiq tarixiy
obidalar saqlangan. Ayniqsa, Ismoil Somoniy maqbarasi (9-10 asr), Sayfuddin
Buxoriy (13 asr), Poyi-Kalon ansambli, Qush madrasasi, Labi-hovuz (12-13
asrlar), G‘ijduvoniy, Naqshbandiy ziyoratgohlari eng noyob tarixiy va diniy
turistik ob‘ektlar hisoblanadi. O‘zbekistonda Buxoro o‘ziga xos milliy
hunarmandchilik (zardo‘zlik, kashtacilik, kulolChilik va h.k.) maktabiga egadir.
Buxoro viloyatidagi Sitorai-Moxi-Xosa va Abu Ali Ibn Sino nomli shifoxonalari
respublika ahamiyatidagi sog‘lomlashtirish va dam oladigan joylardan biridir.
Bundan tashqari , mintaqa cho‘l ekoturistik salohiyati jihatidan ham
respublikada o‘ziga xos mavqega ega. Navoiy respublika viloyatlari ichida
hududiy jihatdan eng katta bo‘lib, unda yuzlab madaniy, tarixiy va tabiiy
turistik ob‘ektlar mavjud. Xususan, mintaqadagi Nurota, Malikrabod,
QosimShayx tarixiy ziyoratgohlari diniy sayyohlikda ahamiyatlidir. Shuningdek,
viloyat hududidan «Buyuk Ipak yo‘li»ning kesib o‘tganligi natijasida o‘nlab
qadimiy sardobalarning ham turizmda muhimdir. Bundan tashqari , viloyatda
«seliteb» landshaftlar, jumladan, qadimiy shahar va qal‘a harobalari, arxeologik
obidalar, tabiiy ekoturistik joylar hozirgi kunga qadar turizm maqsadida
foydalanilmagan. Ayniqsa, Qizilqumning go‘zal tabiati , Nurotaning tarixiy
ziyoratgohlari va buloqlari hamda zamonaviy Navoiy shaharsozligi mintaqada
mahalliy va xalqaro sayyohlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Junubiy turistik rayoni. Ushbu turistik rayon o‘zining tarixiy va tabiiy
rekreatsiya imkoniyatlari jihatidan boshqa turistik rayonlardan ajralib turadi
.Qashqadaryo viloyatining betakror tabiati , Amir Temur qurdirgan Oqsaroy
ansambli, ko‘plab diniy ziyoratgoh va madaniy yodgorliklar, milliy an‘ana va
udumlari, to‘y va marosimlari mintaqada turizmning ko‘plab turlarini tashkil
etish va rivojlantirish imkonini yaratadi. Ayni paytda u bilan chegaradosh
Surxondaryo vohasi o‘zining ming yillik tarixi va muqaddas qadamjolari, tabiiy
sharoiti va o‘ziga xos mikroiqlimi sayyohlikni rivojlantirishda ahamiyatlidir.
Bu yerda yashab ijod etgan buyuk siymolardan At-Termiziy ziyoratgohi, yuzlab
tarixiy obidalar, arxitektura yodgorliklari, jumladan, eramizdan oldingi shahar
va qal‘alar xarobalarining halqaro turizmdagi o‘rni nihoyatda muhimdir.
Viloyatda tabiiy go‘zal va o‘ziga xos tabiati , rel ‘efi turizmning turli
yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi. Ayniqsa, Xisor tog‘ining go‘zal
manzarasi va undagi ko‘plab shifobaxsh buloq va chashmalar aholining ishdan
bo‘sh vaqtlarida miriqib dam olishi va salomatligini tiklashga xizmat qiladi.
SHuningdek, bu yerda yashayotgan xalqning uzoq o‘tmish an‘analari, san‘ati,
madaniyati va urf-odatlari, mahalliy hamda jahon sayyohlarini qiziqtirishi
shubhasizdir. A. Ro‘ziev ta‘rifi bilan aytganda, «bu hudud turizm sohasida
ochilmagan qo‘riq bo‘lib, turistik boyliklari hali kashf etilmagan» (Ro‘ziev, 1996).
Quyi Amudaryo turistik rayoni ham ulkan turistik imkoniyatlarga ega bo‘lib,
u o‘zining madaniy, tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari,
hunarmandchiligi hamda san‘atining o‘ziga xosligi, tabiati va boshqalari bilan
ajralib turadi . Xorazm vohasi qadimiy madaniyat, ilmu – fan va san‘ati bilan
jahon sayyohlarini hayratga solib keladi. SHu o‘rinda Xiva dunyoda xech bir
joyda uchramaydigan majmuali va ko‘p tarmoqli ochiq muzey shahar sifatida
mashhurligini ta‘kidlash joiz. Binobarin, yurtimizga tashrif buyurgan har bir
chet ellik sayyoh bu afsonaviy sanalmish shaharni tomosha qilishga qiziqadi.
Respublika mintaqalarining turizm imkoniyatlarini tadqiq qilish bilan birgalikda
barcha rayonlarda jahon andozalari asosida turizm infratuzilmasi va bozorini
shakllantirish lozim. Shu bilan birga kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish,
firma va korxonalar o‘rtasida sof iqtisodiy raqobatni yuzaga keltirish,
shuningdek, turizm sohasini mukammal egallagan malakali turli kadrlarni
tayyorlash mintaqalarning turizm muammolarini hal etish va kelajakda mazkur
sohani iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘iga aylantirishga xizmat qiladi.
Binobarin, respublikaning har bir viloyatidagi o‘ziga xos turistik ob‘ektlaridan
oqilona foydalanish O‘zbekistonni turizm rivojlangan davlatlar qatoriga olib
chiqishiga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |