3. Korxonalarda iqtisodiy samaradorlikni oshirish yo‘llari.
Korxonalarning iqtisodiy samaradorlik darajasiga bir qancha omillar ta’sir etadi. Ularning asosiylari quyidagilar:
korxonalarning ishlab chiqarish fondlari bilan ta’minlanganlik va ulardan foydalanish darajasi;
mehnat resurslaridan foydalanishning holati va mehnat unumdorligi darajasi;
ishlab chiqarishning intensivlashganlik darajasi;
korxonalarning moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlanganlik holati;
xodimlarning moddiy va ma’naviy manfaatdorlik darajasi;
davlat, mahalliy budjetdan ajratilayotgan mablag‘ va boshqalar.
Korxonalar faoliyatining iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun quyidagi tadbirlarga e’tibor berish lozim:
1) Korxona yalpi mahsulotini ko‘paytirish va uning sifatini yaxshilash tadbirlari:
korxonalarda resurslar bilan ta’minlanganlik darajasini yaxshilash;
korxonalar faoliyatiga zamonaviy, yuqori unumdorlik darajasiga ega texnologiyalar joriy etish.
2) Korxonalarda moddiy, mehnat va pul xarajatlari tejalishini ta’minlovchi tadbirlar:
ishlab chiqarishni samarali joylashtirish, ixtisoslashtirish va tashkil etishni jadallashtirish;
yangi texnikalarni, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mavjud ishlab chiqarish vositalaridan samarali foydalanish natijasida ish jarayonlarini to‘liq mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish va elektrlashtirish;
ishchi-xizmatchilarni rag‘batlantirish tizimini rivojlantirish;
davr hamda moliyaviy faoliyat xarajatlarini tejash va boshqalar.
Bu tadbirlar, avvalo yetishtiriladigan mahsulotlar miqdorini talab darajasida ko‘paytirishga va ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi zarur. Alohida e’tibor ishchi-xizmatchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilishi zarur.
Yuqoridagilar bilan birga ishlab chiqarish, davr hamda moliyaviy xarajatlarni tejab amalga oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi texnika, ilg‘or texnologiyalarni korxonalar faoliyatiga joriy etish natijasida mehnat xarajatlari kamayishiga erishish mumkin.
Korxonalarda iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashda iqtisodchi kadrlarning ham o‘rni bor. Eng avvalo, ular yil boshida korxonaning biznes rejasini mukammal tuzishlari va iqtisodiy tahlil usullaridan foydalangan holda korxonaning xo‘jalik faoliyatini tahlil qilib borishi lozim. Amalga oshirilgan tahlil natijasida korxonada samaradorlikni oshirish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, korxona rahbariyatiga taqdim etishi lozim.
Yalpi foydaning ko‘payishi mahsulotlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar tejalishini ham taqozo etadi. Shuning uchun mahsulotlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni takomillashtirish lozim. Yuqorida ta’kidlangan tadbirlarni amalga oshirish qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining iqtisodiy samaradorligi oshishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |