12-mashg‘ulot
Sohada davlat tilida ish yuritish masalalari. Tashkiliy hujjatlar.
Reja:
Rasmiy-idoraviy hujjat turlari.
Tashkiliy hujjatlar, ularning zaruriy qismlari.
Tаyanch soʻz va iboralar:
Rasmiy-idoraviy hujjatlar, tashkiliy hujjatlar, hujjatlarning tarkibiy qismlari.
Hujjat – ish yuritishning asosi. O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hujjatlarning tili va uslubi masalasidir. Hujjat tayyorlash va rasmiylashtirishda eng avvalo o‘zbek tilining barcha asosiy qonuniyatlari va qoidalarini ma’lum darajada tasavvur etish zarur.
Hujjatchilik tarixi. O‘zining qadimiy va boy tarixiy an’analariga ega bo‘lgan o‘zbek davlatchiligi, o‘z ish yuritish tarixiga ega. Davlatchilikning boshlang‘ich shakllarida, hali yozuv bo‘lmagan paytlarda, ma’lum odat tusiga kirgan og‘zaki huquqiy me’yorlar asosida ish olib borilgan. Ular yordamida davlatlararo va mamlakat ichidagi, shaxslararo va oilaviy munosabatlar, jinoyatga qarab jazo belgilash, tartib va intizom masalalari yo‘lga qo‘yilgan. Yozuv paydo bo‘lgandan keyingi davrlar mahsuli hisoblanadigan qonun, farmon va farmoyishlar hamda boshqa mazmundagi hujjatlarning amaldagi ko‘rinishlari ham aynan ana shu hujjatlarning davomidir. O‘zbek davlatchiligining ma’lum bir bosqichi arablar istilosi bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan musulmon huquqi bilan bog‘liq bo‘lib, u Qur’oni Karim va hadislar shaklidagi urf-odatlarni izga soluvchi hujjatlar majmuini qamrab oladi. Ular uzoq yillar davomida jamiyatni boshqarish va tartibga solishning asosiy ma’naviy-huquqiy hujjatlari bo‘lib kelgan. Huquq doirasida amal qiluvchi asosiy hujjatlardan biri – yer egaligi bilan bog‘liq bo‘lgan vaqfnomalar sanaladi. Vasiqa ham qadimda keng tarqalgan hujjat turlaridan biri bo‘lib, mulkka bo‘lgan egalikni bildirib, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy asosga qo‘yuvchi hujjat sanalgan va qozilar tomonidan tasdiqlangan. Amir Temur davrida ham soliqqa oid ish yuritish ana shu ko‘rsatmalarga asoslangan. O‘rta asrlarda ish yuritish huquqiy maqomga ega bo‘ldi, davlat mahkamasida munshaot tizimi shakllandi va qator hujjat turlari paydo bo‘ldi. O‘zbek tilining rasmiy-idoraviy til sifatida qo‘llanishi qoraxoniylar hukmronligi davrida boshlandi. XX asrdan so‘ng o‘zbek xonlari va amirlari saroylarida yozilgan turli xil hujjatlar o‘ziga xos mazmuni, muayyan tartibi va nutqiy qolipi bilan ajralib turdi.
Hujjat – (arab “guvohnoma, isbot, dalil”) axborot qayd etilgan hamda uni vaqt va makonda uzatish imkonini beruvchi moddiy obyekt.
Normativ (me’yoriy) hujjat deb faoliyatning har xil turlari yoki ularning natijalariga doir qoidalar, umumiy tamoyillar va xususiyatlarni belgilab beruvchi hujjatga aytiladi.
Hujjat aylanishi– hujjatlarning muassasada ularning yaratilishi yoki qabul qilinishidan boshlab ijrosi yakunlangunga yoki jo‘natilgunga qadar harakatlanishi demakdir.
Elektron hujjat – elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va hujjatni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan axborot.
Hujjatlarni to‘g‘ri va bexato yozish savodxonlik va yozma nutq madaniyati ko‘rsatkichidir. Yozma nutqning rasmiy uslubida, asosan, quyidagi munosabatlar doirasidagi hujjatlar tuziladi:
1. Huquqiy munosabatlarga oid: qonun, fuqarolik va jinoyat aktlari, nizom, shartnoma va boshqalar.
2. Idoraviy-ma’muriy shaklga oid: dalolatnoma, buyruq va farmoyishlar, turli ish qog‘ozlari (ariza, tavsiyanoma, tilxat, ma’lumotnoma kabi).
3. Diplomatik munosabatlarga doir: bayonot, nota, bitim, memorandum va boshqalar.
Har qanday hujjat muayyan axborotni u yoki bu tarzda ifodalash uchun xizmat qiladi, demak, har qanday hujjatdagi birlamchi va asosiy unsur — bu tildir. Hujjatlarning sof o‘zbek tilidagi yagona andazalarini yaratish, ular bilan bog‘liq atamalarning bir xilligiga erishish borasida ish olib borish lozim. Mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik har qanday idoradagi ish yuritishning asosi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |