Partiyaning «XXI asr» nomli ijtimoiy-siyosiy gazetasi mavjud.
Mamlakatda «Xalq birligi» harakati 1995-yil iyundan faoliyat ko‘rsatmoqda. Adliya vazirligi 1995-yil 9-iyunda ro‘yxatga olgan.
O‘zbekiston «Xalq birligi» harakatining asosiy maqsadi ko‘p millatli mamlakatda millatlar birligini yanada mustahkamlash, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va kafolatlarini to‘la-to‘kis amalga oshirish va fuqarolik, vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirishdan iborat.
«Xalq birligi» harakatining oliy organi — Qurultoy 4 yilda bir marta chaqiriladi. Unda rahbar organlar saylanadi.
O‘zbekiston «Xalq birligi» harakatining «Birlik» va «Yedinstvo» haftalik gazetalari mavjud.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda turli jamoat tashkilotlari va nodavlat uyushmalari vujudga keldi. 2002-yilga kelib ularning soni 2500 dan oshib ketdi.
O‘zbekistondagi eng ommaviy jamoat tashkilotlaridan biri — bu O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasidir. Unda turli kasb egalari bo‘lgan mehnatkashlar jinsi, diniy e’tiqodlari, irqiy va milliy mansubliklaridan qat’iy nazar ixtiyoriy birlashganlar.
Kasaba uyushmalarining tashkiliy tuzilishi o‘zgardi. Uning asosini jahon kasaba uyushmalari amaliyoti andozalariga mos keladigan federalizm, demokratiya, mustaqillik va ixtiyoriylik tamoyillari tashkil eta boshladi. Kasaba uyushmalarining tuzilishi federalizmga asoslangan. Quyidan yuqorigacha barcha kasaba organlari kasaba uyushmalari a’zolari tomonidan saylangan vakillarning yig‘ilishlari, konferensiyalari va qurultoylarida saylanadi va ular oldida hisob beradi. Kasaba uyushmalarining har bir a’zosi saylash va saylanish, yig‘ilishlar, matbuot va boshqa vositalar orqali kasaba uyushmalari hamda ma’muriy organlar faoliyatiga taalluqli masalalarni qo‘yishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalarining 53 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotga birlashgan 7,5 milliondan ziyod a’zosi bor. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibida 21 tarmoq kasaba uyushmalaridan tashqari hududiy jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari kengashlari mavjud.
Ko‘ppartiyaviylik va hurfikrlilik deganda nimani tushunasiz?
O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik muhitini yaratish borasida nima ishlar qilindi?
«Muxolifat»ning ma’no-mohiyati nimadan iborat?
Siyosiy partiyalarning huquqlarini so‘zlab bering.
Oliy Majlisdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari qanday huquqlarga ega?
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining tashkil topishi va uning faoliyati to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasi qachon tashkil topdi? Uning dasturiy maqsadi va faoliyatini ayting.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining tashkil etilishi, uning dasturiy maqsadlari va faoliyatini tushuntiring.
O‘zbekiston «Fidokorlar» milliy demokratik partiyasi qachon tashkil topdi? Bu partiyaning dasturiy maqsadi va faoliyati haqida nimalarni bilasiz?
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nima maqsadda tuzilgan va uning vazifasi nimalardan iborat?
«Xalq birligi» harakati haqida so‘zlang.
O‘zbekistonda qanday jamoat tashkilotlari va uyushmalarini bilasiz? Ularning faoliyati haqida so‘zlab bering?
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalardan birini tanlang va uning faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalaringizni yozing.
Do'stlaringiz bilan baham: |