O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 50-modda
Beruniyning «Agar insonlar tabiatga nisbatan zo‘ravonlik qilib, uning qonunlarini qo‘pollik bilan buzsalar, bir kun kelib, tabiat ularning boshiga shunday kulfatlarni solishi mumkinki, buni hech qanday kuch qaytara olmas» degan hikmati bugungi global ekologik muammolarning bundan ming yil oldin bashorat qilinganini ko‘rsatadi.
BILIB OLING!
Bir mintaqaga yoyilgan muammo ma’lum bir millatning, insonning, davlatning emas, mintaqaning muammosiga aylanishi, odamlarning bir-biriga sherik bo‘lish va hamkorlikda uni bartaraf etishni talab etadi. Bu jarayonda ma’naviy sifatlar asosiy vosita bo‘lib xizmat qilishi lozim.
IJODIY FAOLIYAT
1. Siz atrof-muhitga biror ziyon yetganda, uni bartaraf etish qo‘lingizdan kelsa, qanday yo‘l tutasiz? Buning oldini olish sizga qanday foyda keltiradi?
2. Quyidagi vaziyatni o‘qing va Karimning xatti-harakatlariga o‘z fikringizni ayting.
Karim maktabdan qaytayotganida qo‘shnisining suv nasosi buzilib, kranidan tinmasdan suv oqishi oqibatida butun hovlining suvga g‘arq bo‘lgani va hatto orqa qo‘shnining devori ham ag‘anashdan beri bo‘lib qolganini ko‘rdi. Biroz to‘xtab qarab turdi. «Uyda hech kim yo‘q, shekilli», deb qo‘ydi. Indamay o‘tib ketdi. Uyga bordi, kiyimlarini almashtirdi, ovqatlangandan so‘ng maktabdagi shahmat to‘garagiga borish vaqti kelganini eslab, yana maktabga qaytdi. Endi qarasaki, suv bosgan qo‘shnining uyida odam to‘la. Yon qo‘shnisining devoir ag‘anagan. Suv bosgan hovlidagi jamiki narsalar, ekilgan va tuvakka o‘rnatilgan gullar tiklab bo‘lmas holga kelib qolgan. U ham qo‘shni hovliga kirib: «Voy-bu, hamma yoq rasvo bo‘libdi-ku, nega darvozani, suvni ochib ketib qoldingiz?» dedi. Qo‘shni qiz «Darvoza ochiq qolganini qayerdan bilding? Sen suv oqayotganligini ko‘rganmiding?» deganida qizarib ketgan Karim na «ha» va na «yo‘q» deyishini bilmay qoldi. Vaqtida kran jo‘mragini o‘chirmagani uchun afsuslandi.
Bugungi kunda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy asos yaratildi. O‘zbekistonda bu sohada o‘ttizga yaqin muhim, qonun va yuzlab qonunosti normativ hujjatlar qabul qilindi. «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonun va,boshqa me’yoriy hujjatlarda jamiyat a’zolarida ekologik madaniyatni shakllantirish, mamlakatda atrof muhitni himoya qilish o‘z aksni topdi.
Dars sabog‘i. Bugungi kunda ekologik ta’lim va tarbiyani insonlar ong-u tafakkuriga singdirmasdan turib, yuksak ma’naviyatli, ma’rifatli jamiyat qurib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |