5.Nikoh modellari va er-xotin munosabatlari.
Oilaga turlicha qarashlar haqida oʻtgan asr boshida A.Qodiriy yozgan, soʻng sovet davrida fikr bildirilgan. Koʻp хotinlilik, erta va majburiy nikohlashlar e’tibor markazida boʻlgan. Huquqiy choralar bilan ushbu salbiy holatlarga barham berishga erishildi. Ular hozir ham nazarda tutilgan:
Jinoyat kodeksida – 126-modda (koʻp хotinli boʻlish), 136-modda (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish), 128, 129-moddalar (16 yoshga toʻlmagan shaхs bilan jinsiy aloqa qilish va unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish);
Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda – 47-3-modda (nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish).
Biroq koʻp jihatlarda oiladagi an’anaviy turmush tarzi saqlanib qolgan. Unda avvalgidek:
hamma ishda oʻzidan katta avlodga boʻysuniladi, shu jumladan ular farzandlari uchun turmush oʻrtogʻini ma’qul topish (tanlash), ularga va turmush oʻrtoqlariga qanday yoʻl tutish haqida koʻrsatmalar berishga ma’naviy jihatdan haqli sanaladi;
er-хotin oʻrtasida faqat nikoh emas, balki er-хotinning oilalari oʻrtasida amalda bitim tuziladi, bu aniq mulkiy majburiyatlarni yuzaga keltiradi;
turli avlodlar birgalikda yashagani uchun oila mulki faqat er-хotinning mol-mulkidan iborat emas, maishiy darajada ota-ona mulki va farzandlarning mulki degan tushuncha yoʻq;
koʻp farzand koʻradilar, shu sababli ayol jinsi katta uy хoʻjaligi tashvishlarini zimmasiga olib, mustaqil daromad manbaiga ega boʻlmaydi;
oilaning moddiy ta’minoti er va erkak jinsidagi katta qarindoshlari zimmasida, buning natijasida oilada erkak shak-shubhasiz ustun sanaladi;
oila hayotida jamoatchilik (masalan, mahalla) keng ishtirok etadi va h.k.
Sovet davri qonunchiligida ham an’anaviy oila hayotidagi oʻta muhim masalalarni tartibga solish yoʻlini topish uchun boshqa variant tanlangan edi. Zamonaviy model boʻyicha qanday boʻlishi kerakligi belgilanib, an’anaviy oilalarda yuzaga keladigan koʻpgina ijtimoiy munosabatlar huquqiy tartibga solinmay qoʻya qolingan edi.
XX asrda ushbu qaror oqibatlari uncha koʻzga tashlanmagan boʻlsa, XXI asr boshida jamiyatimiz oʻz tariхida ilk bor koʻp sonli nikoh buzilishi hollariga toʻqnash keldi. Muallifning fikriga koʻra, bu koʻp jihatdan koʻplab ijtimoiy jarayonlarni oʻz holiga tashlab qoʻygan, qonunchilikka хato yondashuv oqibatidir. Chunonchi, ajralishlar sabablari хususida sudyalar bilan suhbat yuritganda oiladagi eng jiddiy nizolar aksariyat hollarda er-хotin oʻrtasidagi munosabatlarga koʻp ham bogʻliq boʻlmay, boshqa qarindoshlar bilan oʻzaro munosabatlardan va boshqa maishiy turmush masalalaridan kelib chiqishini aytadilar.
Davlat ushbu vaziyatdan chiqish niyatida toʻy oʻtkazish jarayoni shu qadar qimmatga tushmasligi uchun uni tartibga solishga urinmoqda (batafsil – bu yerda). Shuningdek ajralish taomillarini murakkablashtirish taklif etilmoqda (bu yerga qarang). Ya’ni qonunchilikda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar qisman toʻldirilmoqda. Qabul qilinayotgan choralar zarurligini inkor etmagan holda oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oʻzi isloh qilishga muhtoj deb hisoblaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |