11-§. Tuproq va topografik omillar 11 sinf "Biologiya" darsligi asosida. 2018 - Tuproq – edafik omillar (yunoncha «edaphos» – yer, tuproq) tirik organizmlar hayoti va tarqalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi tuproqning xossalaridir. Edafik omillarga asosan tuproqning organik moddalar bilan belgilanadigan xossalari: kimyoviy tarkibi, strukturasi, suv rejimi, havo va harorat me’yori misol bo‘ladi.
- Tuproq Yer qobig‘ining o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar, tog‘ jinslari o‘zaro ta’siri natijasida paydo bo‘ladigan va o‘zgaradigan yuza qismi hisoblanadi. Tuproqning tarkibi, strukturasi, paydo bo‘lishi, o‘zgarishi va rivojlanishi qonuniyatlari, tabiatdagi ahamiyati, melioratsiyasi – tuproqning xususiyatlarini yaxshilash, unumdorligini oshirish usullari, tuproqdan ratsional foydalanish, tuproq ifloslanishining oldini olish choralari kabi muammolarni tuproqshunoslik fani o‘rganadi. Tuproqshunoslik faniga rus olimi V.V. Dokuchayev asos solgan.
- V.V. Dokuchayev tuproq hosil qiluvchi beshta asosiy omillarni ko‘rsatib bergan: geologik omillar (tog‘ jinslari); iqlim omillari, topografik omillar (relyef); tirik organizmlar; vaqt (geologik yoshi).
- Hozirgi davrda yana bir omil – insonning xo‘jalik faoliyati ham kiritiladi. Geologik omillarga tuproqni hosil qiluvchi tog‘ jinslari misol bo‘ladi. Yer yuzasiga chiqib turgan tog’ jinslari yog’inlar, atmosfera, havo harorati, mexanik kuchlar, suv va unda erigan moddalar, mikroorganizmlar va o’simliklar ta’sirida yemiriladi, ya’ni nuraydi.
- Tuproqning hosil bo‘lishi va shakllanishida mineral tog‘ jinslarining yemirilishini ta’minlovchi tirik organizmlar – mikroorganizmlar, o‘simliklar, hayvonlar katta rol o‘ynaydi. Evolutsiya jarayonida tirik organizmlar paydo bo‘lgach, ularning faoliyati natijasida tuproq hosil bo‘lgan. Tuproqning hosil bo‘lish jarayoni o‘simliklar, hayvonlar, mikroor ganizmlarning o‘zaro uzviy va murakkab munosabatlari natijasi sanaladi.
- Tuproqda xilma-xil mikroorganizmlar (bakteriyalar, bir hujayrali suvo‘tlar), zamburug‘lar, umurtqasiz hayvonlar (chuvalchanglar, molluskalar, hasharotlar va ularning lichinkalari), umurtqali hayvonlar (yumronqoziq, yerqazar, krot) yashaydi.
- Insonning xo‘jalik faoliyati tuproq hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omildir. Hozirgi davrda Yer yuzida inson ta’siri bo‘lmagan joy kam qoldi. Yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish, o‘tlarni o‘rish, mollarni boqish, o‘rmonlarni kesish va boshqa inson faoliyati bilan bog‘liq tadbirlar tuproqning hosil bo‘lish jarayonini o‘zgartirib, tuproqning sifatiga ta’sir etadi.
- Inson tuproq hosil bo‘lish jarayonini ongli ravishda boshqarib, uning unumdorligini oshiradi. Hozirgi ilmiy-texnik taraqqiyot davrida tuproqdan foydalanishga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarmoqda. Shuning uchun tirik organizmlarning yashash muhitini tashkil etuvchi omillardan biri bo’lgan tuproqdan noto’g’ri foydalanish tuproq eroziyasiga, uning sho’rlanishi va botqoqlanishiga olib keladi. Tuproqning ifloslanishini kamaytirish maqsadida undan foydalanish qoidalari joriy qilingan.
- Ma’lum hududda o‘sadigan o‘simliklarning xilma-xilligi tuproqning strukturasi, kimyoviy tarkibi, pH kabi bir qancha ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Relyef, yerosti suvlarining joylashuvi kabi omillar ham tuproqning xususiyat larini belgilaydi, bu esa o‘z navbatida unda o‘sadigan o‘simlik turlari xilma-xilligini ta’minlaydi. Quruqlikda yashovchi hayvonlarga esa tuproqning yuqorida keltirilgan xususiyatlari kamroq ta’sir etadi.
- Lekin hayvon turlarining Yer yuzi bo‘ylab tarqalishi, xilma-xilligi o‘simliklar bilan bog‘liq. Tuproqning hayvonlar harakatlanishiga ta’sir etuvchi xususiyatlari ahamiyatli. Ochiq joylarda yashovchi va dushmandan katta tezlikda qochib, qutulib qoladigan tuyoqli hayvonlar qattiq va zich tuproq yuzasidan itarilish kuchi hisobiga o‘z tezligini oshiradi.
- Topografik omillar. Abiotik omillarning ta’siri ko‘p jihatdan joyning topografik xususiyatlariga, ya’ni relyefiga bog‘liq, chunki relyef iqlim sharoiti hamda tuproqning xossalarini ham belgilaydi. Topografik omillarga quyidagilar misol bo‘ladi: balandlik (dengiz sathiga nisbatan); qiyalikning tikligi; qiyalikning ekspozitsiyasi (dunyo tomonlariga nisbatan joylashuvi).
- Asosiy topografik omillardan biri dengiz sathiga nisbatan balandlikdir. Balandlik ortgan sari havo harorati, atmosfera bosimi pasayadi, yog‘ingarchilik miqdori, shamolning tezligi va radiatsiya kuchi ortadi. Tog‘lik joyda yuqoriga ko‘tarilgan sari o‘simliklar vertikal zonallik bo‘yicha tarqalgan.
- Tog‘lar yangi turlarning paydo bo‘lish jarayonida geografik alohidalanishga sabab bo‘ladigan evolutsiya omili bo‘lsa, tirik organizmlarning migratsiyasida to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.
- Topografik omillardan yana biri qiyalikning tikligidir. Tog‘ va tepaliklar da qiyalik qancha tik bo‘lsa, unda o‘simliklar shuncha kam o‘sadi, chunki suv ta’sirida tuproq yuvilib ketadi va uning unumdor qatlami kamayadi. Tik qiyaliklarda asosan kserofit o‘simliklar uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |