Mustaqillik davrida ajdodlarimiz ma’naviy merosiga munosabatning tubdan yangilanishi
Parijda, YuNESKO ijroiya kengashida so‘zlagan nutqida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek: "Vatanimiz asrlar mobaynida jahon sivilizatsiyasining beshiklaridan biri hisoblangan"4. Ammo yurtimizda 70 yil hukmronlik qilgan sobiq totalitar tuzum makkorlik bilan o‘z asoratiga olgan xalqlarning buyuk o‘tmishini avlodlar xotirasidan o‘chirmay turib manfur maqsadlariga yeta olmasligini yaxshi bilar edi. Shu sababli tinimsiz kurash g‘oyasini hayot ma’nosi deb e’lon qilgan "dohiylar"ning sodiq shogird va izdoshlari nafaqat tirik "dushmanlar" bilan kurashdilar, balki millatlarning o‘tmish ma’naviy merosi bilan ham tinimsiz "jang" qildilar. "Din —afyun", diniy ilm peshvolari, tasavvuf ulamolari "ashaddiy reaksioner", barcha o‘tmishdagi hukmdorlar — qonxo‘r, bosqinchi (faqat ayrim rus podshohlari bundan istisno etildi), o‘tmish allomalar — dunyoqarashi cheklangan, shoirlar-maddoh va hokazo da’volar qilindi. Bunday qora tamg‘alar qaramlik asoratiga tushgan barcha xalqlarning boy ma’naviy merosiga bosib chiqildi. Hatto uyidan eski arab yozuvida kitob topilgan odamlar davlatga qarshi jinoyatda ayblangan davrlar bo‘ldi. Bolshevizm mafkurasining itoatkor qullariga aylantirilgan "sovet intellegensiyasi"ga tirik va o‘lik "dohiylar"ni madh etish, "kommunizmning birinchi bosqichi" deb e’lon qilingan bolshevistik diktatura tuzumining jahon tarixidagi barcha makon va zamonlardan "afzalligi"ni har qanday usul bilan isbotlab va dalillab berish asosiy vazifa qilib belgilangan edi. Ushbu vazifadan zarracha chekinish xalqqa va "nurli kelajak"ka xiyonat deb baholanardi.
Masalan, 1937 yilda Uzoq Sharq janubidan asosan Qozog’iston, qisman O’zbekistongaham, jami 9 ming xitoy, 1940 yilda G’arbiy Ukraina va Belo – russiyadan shuki respublikaga jami 61 ming‘olyak, 1944 yilda Qrim ASSR dan faqat O’zbekistonning o’ziga 182 ming qrimtatarlari, 42 ming grek, bolgar, arman va boshqa millat vakillari, Gruziyadan esa asosan O’zbekiston, shuningdek, Qozog’iston va Qirg’izistonga jami 92 ming mesxeti turklari ommaviy de’ortatsiya qilinganini qayd etadi5.
Mustaqillik tufayli bizning ma’naviy qadriyatlarimiz, o‘tmish ajdodlarimiz qoldirgan meros, o‘zining butun mukammalligida, qaychilanmasdan, "progressiv-reaksion" atalmish zo‘raki qoliplarga tiqishtirilmasdan tiklana boshladi. Qur’oni karim, Hadisi shariflar birinchi marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Nosiriddin Rabg‘uziy, Ahmad Yassaviy, Ubaydiy, Muhammad Rahimxon Firuz, Burxoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy, Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon va boshqa sovet davrida, hatto, nomlarini eslash man qilingan allomalarimizning asarlari birin-ketin nashr etihb, chanqoq kitobxonlar qo‘liga yetib kela boshladi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilindi. Tasavvuf pirlari — Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband yubileylari millatimizning ruhida poklanish tuyg‘ularini uyg‘otdi. Poytaxtimizning qoq markazida sohibqiron bobomiz Amir Temurning ulug‘vor mujassamasi o‘rnatilishi o‘zbek xalqining har bir farzandi ruhida haqli iftixor hislaridan o‘chmas yog‘du paydo qildi. XX asr boshlarida millatni ma’rifat, adolat, hurriyat sari yetaklagan jadid allomalarimiz xalq dilidan yana munosib o‘rin ola boshladi. "Bosmachi" deya yoppa qoralangan milliy ozodlik harakati ishtirokchilari o‘z qadrlariga loyiq baholandilar.
Yaqin o‘tmishda, ya’ni qaramlik davrida milliy ma’naviy merosni o‘rganishga qanday yondoshildi, degan masalada ba’zan bahs tug‘ilib qoladi. Ba’zilar shunday fikrlashadi: "Axir o‘sha yillar davomida ham o‘tmish meros ozmi-ko‘p o‘rganildi-ku! Forobiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy va boshqa qator allomalarning asarlari rus va o‘zbek tillarida bosilib chiqdi, tadqiq va targ‘ib etildi. Bu ulkan ijodiy mehnat bir necha avlod olimlarining umr mazmunini tashkil etmadimi?" Nihoyatda to‘g‘ri. Ustozlarimiz bu yo‘lda chinakam fidoiylik namunalarini ko‘rsatishdi. Bugungi milliy ma’naviyatimizni tiklash yo‘lidagi urinishlar ko‘p jihatdan o‘sha zahmatkash ustozlar yaratgan zalvorli poydevorga tayanib turibdi. Ammo ayrim insonlarning millat ma’naviyati yo‘lidagi fidoiyligi bilan hukmron tuzum va uning mafkurasi ko‘zlagan asl maqsad, bu sohada yuritgan qat’iy siyosati orasida jiddiy farq bor ekanligini ham bugun o‘zimizga oydinlashtirib olishimiz kerak. Biz o‘tmishni yoppa inkor qilish yo‘lidan borsak, yana "bolshevikcha" ish tutgan bo‘lamiz. Yetmish yil ichida nimalar yutdik va nimalarni yutqizdik — uning sarhisobi alohida. Bu o‘rinda yaxshi anglab yetishimiz kerak bo‘lgan masala shuki, sobiq hukmron tuzum o‘tmish merosni o‘rganishda ham o‘z siyosati, yetakchi g‘oyasi, mafkurasi ildizlarini mustahkamlashni niyat qildi. O‘zbekning asl milliy ma’naviyati, ajdodlarimiz yaratgan boylik bevosita ularni hech qachon va mutlaqo qiziqtirgan emas.
Bolsheviklar diktaturasi agar olimlarimiz uchun o‘tmish ajdodlar merosini o‘rganishga zarracha imkon bergan bo‘lsa, buning evaziga ular oldiga ulkan shart va talablar ham qo‘ygan edilar. Bir so‘z bilan "kommunistik partiyaviylik" deb atash mumkin bo‘lgan talabning mazmuni shunda ediki, o‘tmish merosimizda marksizm g‘oyalarini quvvatlovchi, bu g‘oyalarning keng xalq ommasi ongiga puxta va mustahkam o‘rnashuviga xizmat qiluvchi har qanday narsa topilsa, barchasini yaqqol ochib berish, targ‘ib qilish, ajdodlarimiz bildirgan fikr va mulohazalarni iloji boricha "marksistik ruhda" talqin qilish, ammo agar nimaiki "proletar diktaturasi" g‘oyalariga zid kelish ehtimoli bo‘lsa rad etish, inkor qilish, qora yorliqlar yopishtirish, zarur holatlarda esa ko‘rib turib ko‘rmaslikka solib o‘tib ketish lozim edi. Merosni o‘rganish ishiga marksizm "falsafa"sini chuqur va jiddiy o‘zlashtirgan, totalitar siyosatga sodiqligi tajribada isbot etilgan, mavjud tuzumga chin dildan tarafdor kishilar darg‘a qilib belgilanar, ularga har bir soha tadqiqotchilarining "dialektik va tarixiy materializm", "ilmiy kommunizm" prinsiplaridan zarracha o‘ng yo so‘lga og‘ishmay borayotganligini qat’iy nazorat etish va ta’minlash ishonib topshirilgan edi. Qatag‘onlar odamlarning yuragini olib qo‘ygan, ko‘plar hukmron "partiya" nima desa, "ha, shu to‘g‘ri ekanda" deb qo‘ya qoladigan bo‘lib qolishgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |