10-mavzu : Yosh ijodkorlar faoliyati
Zamonaviy O’zbekshe’riyati
Guljamol Asqarova ijodi
“Nazarimda, she’r tug`ilish uchun shoir ruhini larzaga soladigan kuch kerak. Dard, iztirob, yorug` tuyg`ular lozim. She’r iztirob bo’g`zingga tiqilganida yoziladi, quvonch ruhni ko’kka parvoz ettirganida, zavq-u shavqqa to’ldirganida yoziladi…”
Iste’dodli shoira Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati, Kattaqo’rg`on tumani, Beshdarg`at qishlog`ida tug`ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. 2001-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. «Dilfasli», «Ro’shnolik», «Bedorqo’ng`iroq», »Baxtdastxati» va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. Shoira o’zi haqida quyidagilarni aytgan:
—Mashqlarim tuman gazetasida chiqib turardi. Ammo men respublika matbuotini ko’zlardim… «Saodat» jurnalida she’rlarim nashr etilganida endi zo’r shoira bo’ldim, deb o’ylaganman, ko’chada ko’rgan har bir odam mening she’rimni o’qigan bo’lsa kerak, ismimni bilsa kerak, degan bolalarcha sodda va g`o’r fikrda bo’lganman. Har bir ijodkorda ma’lum ma’noda xudbinlik, o’zini qattiq yaxshi ko’rish tuyg`usi bo’ladi. Jumladan, eng xokisor shoirda ham She’rim ortidagi shuhratdan umidvor bo’lmaganman, degan shoirga ishonish qiyin.
Nazarimda, she’r tug`ilishi uchun shoir ruhini larzaga soladigan kuch kerak. Dard, iztirob, yorug` tuyg`ular lozim. She’r iztirob bo’g`zingga tiqilganida yoziladi, quvonch ruhni ko’kka parvoz ettirganida, zavq-u shavqqa to’ldirganida yoziladi. Lekin bir haqiqat ayonki, qanday yozganim yodimda qolmaydi… Bu holat shu qadar oniyki, men uni yodimda tutib qololmayman… Kapalak tutganmiz-ku bolaligimizda, to’g`rirog`i, tutolmay ovvora bo’lganmiz… She’r yozish, ilhom desa, bolaligimdagina shu xotira elas-elas yorqin, rangin holatlarda yodimga tushadi negadir…
Bolaligimdan onamga, opamga, dugonalargayam sir, dard aytmaganman. O’zim kuchli bo’lsam, hamma narsani o’zimda saqlab qolsam-da, kunlardan bir kun hayotimda eng sevimli va beminnat bir odam paydo bo’lsa-yu, men hammasini o’shanga ishonsam, degan fikr bor edi. Hayotimda o’shanday odamni haliyam kutyapman, chog`i… (U turmush o’rtog`im bo’ladi, degan fikrdan mutlaqo yiroqman). Do’st izlash har bir odamda shunday kechar, balki… Shunday do’st-u qadrdon, hayot-u ruhimga singib ketadigan odam bo’lsa, sirlarim, ming yillik hasratlarimni aytardim, balki… Shunday deyman-u, ammo ijodkor odam hammasini xalqiga, muxlislariga she’rlarida aytib qo’yadi, nazarimda…
Mumtoz shoirlarimizni hech bir muhokamasiz hammasini yaxshi ko’rib o’qiyman. Barcha-barchasi jon-u jahonimga tutash. Ularning satrlari meni benihoya maftun etgan.
Zamonamiz shoirlaridan o’qiydiganlarim bor. Nomma-nom sanashga imkon yo’q. Mashhur shoirlarni o’qishimiz tabiiy. Lekin matbuotda tez-tez ko’rinmasa-da, go’zal she’rlar yozayotgan ijodkorlarimiz, masalan, Farog`at Kamolova, Ibodat Rajabova kabi shoira opalarimizni sevib, izlab o’qiyman. Odam yoshi o’savergani sayin negadir hayqiribmas, ichida o’qiladigan she’rlarga, qalb qiroatiga moyil bo’laverar ekan-da. Xurshid Davron, Eshqobil Shukur, Salim Ashur bugun men sevib o’qiyotgan shoirlarim.
Bir paytlar ijodiy rejalar qilardim, shu rejalarimni bajarardim ham… Hozir negadir sal o’zgarganman. Aslida, ijodkorning bitta rejasi bo’ladi, bu ham bo’lsa eng yaxshi she’rini yozish… Zo’r she’rlar yozsang, seni haqiqiy so’z qadrini bilganlar sevsa, kitoblaring xonadonlardagi eng qimmatbaho buyumdek tursa, o’qilsa, odamlarning qalb javonlaridan har kuni olib varaqlansa, ko’zyoshlar tomib, sevilib o’qilsa…. Shu — rejalarim.
Hayotning tashvishlari-yu taloto’plaridan ortib, she’r o’qiyotgani va e’tibori uchun o’quvchilarimga tashakkur aytaman. Aslida, umrning go’zal o’tishi adabiyotga oshuftalik bilan belgilanadi. «Kichkina shahzoda» asarida «Feruza gulimizni asraylik», degan so’zlar keladi. Shu qatorda men ham she’r muxlislariga ichimizdagi gulni, ya’ni ko’nglimizni asraylik, deb qolaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |