ILON PARI
O‘tgan zamonda bir podshoh yakka o‘zi ovga chiqib, ov
qilib yurib, uzoqda bir narsa ko‘ribdi. Podshoh sekin borib
qarasa, daraxt tagida bir pari qiz dam olib o‘tirgan emish.
U qizni ko‘rgan zamon hushidan ketibdi. Birozdan so‘ng
o‘ziga kelib qarasa, pari suv keltirib podshohning yuziga
sepib turgan emish. Podshoh uning qo‘lidan suvni ichib,
o‘zi bilan birga saroyga olib kelibdi.
Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha bi-
lan pari qizga uylanibdi.
Oradan bir necha vaqt o‘tgach podshohning darmoni
qurib, rangi sarg‘ayib, tusi o‘zgara boshlabdi. Nihoyat pod-
shoh vaziriga aytibdi:
– Ey vaziri a’zam, men uylanganimdan buyon dar-
monim qurib, kuchim borgan sari kamayib, holsizlana
boshladim. Nima qilmoq kerak? – debdi. Vazir:
84
– To‘g‘ri aytasiz, taqsir, rangingiz ham sarg‘ayib, tusi-
ngiz o‘zgarib, oriqlab bormoqdasiz. Bu holni bir sinchiklab
tekshirishga to‘g‘ri keladi. Taqsir, xafa bo‘lmasangiz, men
sizga bir sir aytaman, maylimi? – debdi. Podshoh:
– Mayli, ayt,– debdi. Vazir:
– Taqsir, tag‘in bu dashtdan olib kelgan qizingiz Ilon
pari bo‘lmasin. O‘tmishda qarilar:
– Dashtda ko‘lvar ilon bo‘ladi. Qirq yil odam ko‘rmasa
u pariga aylanadi-da, odamga kunduzi pari bo‘lib, kechasi
ilon bo‘lib ko‘rinadi, – der edilar. Xotiningiz tag‘in ilon
bo‘lmasin, – deb gumon qilaman, – debdi. Podshoh:
– Unday bo‘lsa, nima qilaman? – deb so‘rabdi.
– Agarda xo‘p desangiz, avval uni aniq bilish kerak,
keyin uning chorasini ko‘ramiz, – debdi vazir.
Vazir o‘ylab turib podshohga shunday yo‘l ko‘rsatibdi:
– Taqsir, bir kun kechqurun xotiningizga osh buyurasiz.
Qozonga sabzi-piyozni solib qovurib, suvga ketganda,
qozonga bir hovuch tuz tashlab yuboring. Oshni pishirib
tayyorlab olib keladi, birga yeysiz. So‘ngra osh juda sho‘r
bo‘lib ketibdi-ku, deb ko‘p choy-suv ichadi. Siz ham icha-
siz. So‘ngra qolgan ishni kechasi bilasiz.
Podshoh o‘sha kuni vazir aytgandek qilibdi.
Xotini sabzi-piyozni qovurib, suvga ketganda, bir hovuch
tuzni qozonga tashlab yuboribdi. Osh sho‘r bo‘libdi. Podshoh
zo‘rg‘a yebdi. Pari esa uyalganidan oshdan ancha yebdi. Sho‘r
bo‘lgani uchun ko‘p choy va suv ichishibdi. Kechasi yotib
uxlashibdi. Yarim kechada podshoh uyg‘onib qarasa, yo-
nida katta, uzun ilon yotgan emish, Ilon pari cho‘llab, sekin
o‘rmalab hovlidagi hovuzga boshini cho‘zib suv shimiribdi.
Boshi hovuzda bo‘lsa, dumi podshohning yonida emish. Pod-
shoh qo‘rqqanidan hech narsa deyolmay jim yota beribdi. Erta
bilan podshoh qarasa, yonida pari yotgan emish. Bu sirni hech
kimga aytmabdi. Faqat vaziriga aytibdi. Vazir podshohga:
85
– Taqsir, endi siz bir amallab bu xotiningizdan ajral-
masangiz bo‘lmaydi. Buning chorasi shunday bo‘ladi. Bir
temir qafasdan uy qurdirasiz. Bir amallab aldab xotini-
ngizni shu uyga olib kirasiz, o‘zingiz chiqib keyin eshikni
berkitib, tagidan o‘t yoqtirasiz, shu bilan Ilon pari kuyib
o‘ladi, – debdi.
Podshoh vazirning aytganini qilibdi. Bir temir qafas-
dan uy soldiribdi. Uyga xotini bilan birga kiribdi. Birozdan
so‘ng podshoh qafas uydan chiqib, ustidan qulf solibdi,
so‘ngra tagidan o‘t qo‘ydiribdi. Bir chinqirib Ilon pari ku-
yib o‘libdi. Shunday qilib, podshoh uning tashvishidan qu-
tulib qolibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |