[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.23.00.00 Bayramlar. Xotira kunlari. Yubileylar]
[
TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat gerbi. Davlat madhiyasi. Davlat bayrog‘i. Davlat tili. Poytaxt. Bayramlar. Xotira kunlari. Yubileylar]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
SAMARQAND ShAHRINING 2750 YILLIGINI NIShONLAShGA TAYYORGARLIK KO‘RISh VA UNI O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qadimiy va boy tarixi,
betakror madaniyati, buyuk siymolari bilan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, milliy davlatchiligimiz va ma’naviyatimizning ko‘hna beshiklaridan biri bo‘lgan, noyob tarixiy-me’moriy obidalar, muqaddas qadamjolarni o‘z bag‘rida asrab-avaylab kelayotgan Samarqand shahrining 2750 yillik qutlug‘ sanasini 2007-yilda Mustaqillik umumxalq bayrami bilan bog‘liq tantanalar kunlarida keng miqyosda nishonlash hamda yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlodni milliy g‘urur
va iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida:
1. YUNESKO Bosh konferensiyasining 2005-yil 20-oktabrdagi 33-sessiyasida Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash va unda YUNESKOning ishtirok etishi haqidagi qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat
va sport ishlari vazirligi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, Samarqand viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilikning Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash haqidagi taklifi ma’qullansin.
2. Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi, tadbirlar dasturi 1 va 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi
Samarqand viloyati hokimligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2006-2007-yillarda Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni ta’mirlash, ijtimoiy hamda kommunal sohasida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish va obodonlashtirishga doir tadbirlar dasturini 3-ilovaga* muvofiq amalga oshirsin.
* 3-ilova berilmaydi.
4. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand davlat universiteti, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Samarqand shahrida 2007-yil may oyida “Samarqand shahrining umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etish, mazkur anjuman ishiga mamlakatimiz va chet ellardagi taniqli olim va mutaxassislarni jalb etgan holda, uni har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish, shu mavzu bilan bog‘liq badiiy-tarixiy ko‘rgazmalar
uyushtirish, konferensiya materiallarini chop etish va keng yoritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
Belgilab qo‘yilsinki, xalqaro ilmiy konferensiyani o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjeti hisobidan qoplanadi.
5. Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasi yilning har choragida o‘tkaziladigan majlislarida tadbirlar dasturining ijrosini ta’minlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.
6. Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga doir tadbirlar dasturini amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Samarqand shahrining 2750 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tantanalariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tadbirlari hamda 2006-2007-yillarda tarixiy obidalarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq barcha xarajatlar ushbu tadbirlarni bajarishga mas’ul
vazirliklar, hokimliklar va idoralarning 2006-yilda shu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan, shuningdek, 2007-yildagi budjet parametrlarida rejalashtirilgan mablag‘lari doirasida va homiylar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.
KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 25-iyul,
PQ-426-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 7-son, 406-modda)