Muvozanat organi (vestibulyar analizator). U odam tanasining fazoda ma'lum muvozanatda bo`lishini ta'minlaydi. Tik turganda, chopganda, yurganda, sakraganda, raqsga tushganda, narvondan yuqoriga ko`tarilganda va pastga tushganda, arg`imchoq uchganda, suvda suzganda, daraxtga chiqqanda,
turnikda gimnastika mashqlari bajarganda, har xil tarnsportda yurganda, ya'ni odam tanasida eng oddiy holatdan eng murakkab holatlarga o`tganda tanasining muvozanatini ta'minlovchi asosiy organ vestibulyar analizatordir. Bu analizatorning ishi buzilsa, odam tanasining muvozanatini saqlash xususiyati pasayadi yoki butunlay yo`qoladi. Bu analizator juda qattiq zararlansa, odam xatto yotgan holatdan turganida uning boshi aylanadi, ko`zi tinadi, ko`ngli ayniydi u tezda o`tirishga yoki yotishga majbur bo`ladi. Agar odam yoshligidan boshlab vestibulyar analizatori yaxshi chiniqtirilmasa, odam tanasi murakkab holatlarda bo`lganida seziladi. Chunonchi mototsiklda, avtomashinada tez yurganda, karuselda aylanganda, har xil transportda yurganda boshi aylanadi, yuragi tez urib, rangi oqaradi, ba'zan xatto xushini yo`qotishi mumkin. Vestibulyar analizatorning retseptorlari daxliz, yarim aylana kanalchalar ichida joylashgan. Retseptorlarning qo`zg`alishi vestibulyar nerviga o`tib, miya ko`prigidagi po`stloq osti muvozanat markaziga, undan miyachaga va bosh miya yarim sharlari po`stlog`idagi muvozanat markaziga boradi. TERI ANALIZATORI
Tashqi dunyoni sezishda teri analizatori muhim rol o`ynaydi. Odam terisi 3 qavatdan iborat: 1. Epiteliy epedermis terining eng ustki qavati. 2. Derma yoki chin teri. 3. Gipoderma teri osti yog`` qavati. Teri analizatorining nerv markazi bosh miya yarim sharlar po`slog`ining orqa markaziy chuqurligida joylashgan. Terining derma yoki chin teri qavatida sezuvchi retseptolar joylashgan bo`lib, ular uch xil ogriqni, haroratni (issiq, sovuq), siypalash va bosimni sezuvchi (taktil) retseptorlar bor. Bu retseptorlar bir-biridan tuzilishi hamda joylashgan joyining chuqurligiga qarab farq qiladi. Teri sezgisi dastlab sakkiz oylik xomilada vujudga kelib, bola tug`ilgandan keyin ham uning rivojlanishi davom etadi. Odamda teri sezgisini ta'minlaydigan 500.000 retseptor bo`lib, o`rtacha 1 sm2 yuzaga 25 ta to`g`ri keladi. Lekin tananing turli qismida bunday retseptorlar turli xil qalinlikda joylashgan. Masalan, boldir terisida 1 sm2 yuzaga o`rtacha 10 retseptor to`g`ri kelsa, bosh qismda 165-300 ta bo`ladi. Bunday retseptorlar barmoq uchlarida, qo`l kaftida eng ko`p bo`ladi.
Teridagi haroratni sezuvchi retseptorlarning soni 300.000 dan ortiq bo`lib, sovuqni sezuvchi retseptorlar 270.000 ta, issiqni sezadigan retseptorlar 30.000 dan ortiq bo`ladi. Endi tug`ilgan bolalarda haroratni sezuvchi retseptorlar morfologik jihatdan to`liq shakllangan bo`ladi. Bola muhitning issiq va sovuq haroratiga har xil reaktsiya beradi.
Siypalash va bosimni sezuvchi (taktil) retseptorlar 500 ming atrofida. Bu retseptorlarning sezuvchanligi terining turli qismlarida bir xil emas. Yangi tug`ilgan bolalarda taktil sezgisi yaxshi rivojlangan. Burun uchida, lab terisida, qo`l barmoqlari uchida va oyoq osti yuzasida sezuvchanlik juda rivojlangan bo`ladi. Shuning uchun ko`zi ojiz bolalar, oyoqlari bilan paypaslab qulay yulni topadi, qo`l barmoqlari bilan paypaslab pulni va boshqa buyumlarni aniqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |