29-rasm. Oriyentobilgarsiya(Orientho-bilharzia turkestanica)ning rivojlanish sikli: A-parazitning asosiy xo'jayinlari; B-parazitning oraliq xo'jayini-mollyuska; 1-jinsiy voyaga yetgan parazit; 2-tuxum; 3-miratsidiy; 4-serkariy.
Ona sporotsista o’z navbatida partenogenetik yo’l bilan ko’payib 100 - 200 ta qiz sporotsistalar va har bir qiz sporotsistada kelgusida 100 tadan serkariylar hosil bo’ladi, ya’ni bitta miratsidiydan kelgusida 20 mingdan ortiq serkariylar shakllanadi. Mollyuskalar tanasida serkariylar 18 - 21 kunda rivojlanadi va mollyuskalardan suvga chiqadi. Bunda serkariylar asosiy xo’jayinlari tanasiga terini teshib kiradi. Yosh parazitlar jigar, oshqozon, charvi, oshqozon osti bezining qon tomirlariga o’tib 2 oydan keyin jinsiy voyaga yetadi va yana tuxum qo’ya boshlaydi. Orientobilgartsiyalar asosiy xo’jayini organizmida 7 yilgacha yashashi mumkin.
Respublikamizda bu kasallik asosan Orol bo’yi hududida, ya’ni Qorapolpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyati chorvachilik xo’jaliklariga tegishli hayvonlar orasida keng tarqalgan. Kasallik mamkalatimizning shimoli-sharqiy hududlarida ham qayd etilgan. Orientobilgartsiozga barcha yoshdagi qo’ylar va qoramollar chalinadi. Yilning hamma fasllarida orientobilgartsioz qayd etilishi mumkin, ammo kuz-qish davrida invaziya ekstensivligi va intensivligi eng yuqori darajaga etadi. Hayvonlar mollyuskalar yashaydigan suv havzalarida zararlanadi.
Respublikamizda qoramollar o’rtacha 43,7 %, qo’ylar - 20,9 %, echkilar - 12,2 %, tuyalar - 8,3 %, otlar - 18,7 %, cho’chqalar - 5,0 % zararlanganligi va invaziya intensivligi 110000 tagacha nusxani tashkil yetganligi aniqlangan.
Orientobilharzia turkestanica trematodasi serkariyalari odamlarda shistosomatid "serkariozi" yoki "dermatiti" kasalligini keltirib chikarishligi mumkin. Bu kasallik O.turkestanica trematodalarining oraliq xo’jayinlari mavjud suvlarda cho’milish vaqtida, baliq tutishda, suv havzalari bilan bog’liq ishlarni bajarayotganda paydo bo’ladi.
Orientobilgartsiyalar yopiq tizimda parazitlik qilib, qon tomirlarini tuxumlari va modda almashinuvining so’ngi mahsulotlari bilan to’ldiradi. Serkariyalar organizmga kirishi va migratsiya qilishi, tuxumlarning to’qimalardan o’tish davrida organizmga mexanik ta’sir ko’rsatadi. Parazitlarning modda almashish mahsulotlari esa toksik ta’sir etadi.
Qo’ylarni tajriba sharoitida orientobilgartsiya bilan zararlab ko’rish orqali, kasallik bir necha bosqichda kechishi aniqlangan.
Kasallikning birinchi bosqichida dermatit, tana haroratining ko’tarilishi, puls va nafas olishi tezlashuvi kuzatilib, orientobilgartsioz serkariozi bilan xarakterlanadi. Ushbu o’zgarishlar hayvonlar zararlangandan keyin 10-12 kun ichida kuzatiladi.
Ikkinchi bosqich - organizmda sezilarli fiziologik funktsiyalar buzilishi kuzatilmaydi. Bu davr orientobilgartsiyalarning qon tomirlarda o’sish va rivojlanish vaqtiga to’g’ri keladi
Kasallikning uchinchi (o’tkir) bosqichi hayvonlar zararlangandan 5-6 hafta o’tgach paydo bo’lib, kuchli ich ketishi kuzatiladi, tezakda qon va fibrin pardalari paydo bo’ladi. Barcha klinik belgilar yaqqol namoyon bo’ladi: tana harorati 41,6°C ga ko’tariladi, puls minutiga 180 tagacha yetadi, aritmiya, tez-tez nafas oladi. Kuchli zararlangan hayvonlar nobud bo’ladi
Qoramollar orientobilgartsiozida asosan ingichka ichak jarohatlanadi. Ichak ichidagi massa suyuq qon va fibrin parda aralash bo’ladi. Ichak shilliq pardalariga qon quyilishlari kuzatiladi. Ichak tutqichlari qon tomirlari qaralganda, ularda trematodalarni ko’rish mumkin. Jigar hajmi kattalashadi.
Bu kasallikka qarshi ambilgar, miratsil-D, dronsit kabi dorilar qo'llaniladi. Kasallikning oldini olish uchun esa parazitning oraliq va asosiy xo'jayinlari orasidagi biologik zanjirni uzish kerak. Buning uchuji esa mollarni ko'proq og'ilxonalarda boqish zarur, buzoqlarni alohida saqlash, xo'jaliklarda mollarni sug'orishni to'g'ri yo'lga qo'yish, botqoqliklarni quritish kabi ishlarni amalga oshirish lozim.
Trematodalar sinfidan yana prostogonimuslar, exinastomatidalar oilalari vakil-lari parrandalar va chorva mollari ichagida parazitlik qilib, og'ir kasalliklarni keltirib chiqaradi.
So'rg'ichlilar sinfi o'z navbatida digenetik so'rg'ichlilar va aspidogasterlar kenja sinflariga bo'linadi.
Digenetik so'rg'ichlilar (Digenea) kenja sinfi vakillarining barchasida 2 ta so'rg'ichi bo'ladi. Rivojlanishi juda murakkab bo'lib, nasl gallanishi orqali boradi. So'rg'ichlilar sinnning ko'pchilik turlari digenetik so'rg'ichliliar kenja sinfiga kiradi.
Aspidogasterlar (Aspidogastera) kenja sinfining 40 ga yaqin turi bor. Ularning yopishuv organlari juda keng yopishuv diskidan iborat. Disk bir necha qator so'rg'ich chuqurchalariga bo'lingan. Aspidogasterlar metamorfoz orqali rivojlanadi, lekin rivojlanish siklida nasl gallanishi bo'lmaydi. Tipik vakili Aspidogaster conchicola - ikki pallali mollyuskaiardan baqachanoqning yurak oldi xaltasida parazitlik qiladi. Boshqa vakillari, asosan, mollyuskalar, baliqlar va toshbaqalarda parazitlik qiladi.
O’zbekiston sharoitida yuqorida ko’rsatilgan trematodalarning tarqalishi, barcha biologik xususiyatlari O’zbekiston FA akademigi J.A.Azimov, professorlar Sh.A.Azimov., B.S.Salimov va ularning shogirdlari tomonidan chuqur o’rganilgan, fanga esa birmuncha yangiliklar kiritilgan va ularga qarshi kurashda ilmiy jihatdan asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |