ЎЗБЕКИСТОН
Юртим, сенга шеър битдим бу кун,
Қиёсингни топмадим асло.
Шоирлар бор, ўз юртин бутун —
Олам аро атаган танҳо.
Улар шеъри учди кўп йироқ,
Қанотида кумуш диёри,
Бир ўлка бор дунёда, бироқ
Битилмаган достондир бори:
Фақат ожиз қаламим маним,
Ўзбекистон, Ватаним маним.
Юрмасман ҳеч беҳиштни излаб,
Тополмасам чекмасман алам.
Ўтирмасман эртаклар сўзлаб,
Мусалло деб йўнмасман қалам.
Кўкламингдан олиб сурурни,
Довруғ солди устоз Олимжон,
Ғафур Ғулом туйган ғурурни
Қилмоқ мумкин дунёга достон.
Олис тарих қадамим маним,
Ўзбекистон, Ватаним маним.
Кечмишинг бор чиндан ҳам узоқ,
Илғай олмас барчасин кўзим.
Мақтамасман мозийни бироқ,
Ўтмишингни ўйлайман бир зум.
Забтга олиб кенг Осиёни,
Бир зот чиқди мағрур, давонгир,
Икки аср ярим дунёни
Зир қақшатди Буюк жаҳонгир.
Айтгум, бу кун, у маним, маним.
Ўзбекистон, Ватаним маним.
“ Moziyga qaytib ish ko`rish xayrlidur…”
Reja :
1. Abdulla Qodiriy qanday yashab o‘tdi?
2.O`tgan umr haqiqati
3. O‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi
( 10 aprel buyuk yozuvchi A. Qodiriy tavallud topgan kun. 1989 yilda Jizzax davlat pedagogika institutiga A.Qodiriy nomi berilgan quyidagi maqolada yozuvchi bilan bog‘liq chiroyli xotiralar va ma’lumotlar berilgan uni sizga taqdim etamiz ) Abdulla Qodiriy xalq uchun ilm-ma’rifat havodek zarur bo‘lgan, yurt tepasida johil shaxslar egalik qilayotgan bir zamonda yashab o‘tdi. Yaratgan qahramonlari orqali xalqni o‘tgan kunlardan saboq olishga, o‘z oramizdagi mehrobdan chiqayotgan chayonlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Millatning har bir xonadoniga Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolar qiyofasida kirib bordi, ular taqdiri orqali xalqni o‘ylatdi, yig‘latdi, yupatdi. Hayoti tazyiqlar, xavf-xatarlar ostida qolsa ham millati uchun yozishdan to‘xtamadi… Mashaqqatga to‘la bolalik…Aksariyat buyuk insonlar, daho ijodkorlarning bolaligi ko‘p mashaqqatli, qiyinchiliklar girdobida azobli kechgan. Abdulla Qodiriy ham bolaligini ma’yus xotiralar bilan eslagan. “Men qaysi yilda va oyda tug‘ilganimni bilmayman. Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al bog‘bonlik bilan kun kechiruvchi bir oilada tug‘ilib, yaqinlarimning so‘zlariga qaraganda mustabid Nikolayning taxtga o‘tirgan yilida tug‘ilganman”, deb yozadi Qodiriy o‘z tarjimai holida. Tarixda yozilishicha, Nikolay podshoh 1894 yilda taxtga o‘tirgan. Shunga qaramay ba’zi arxiv hujjatlarida, xususan, anketalarda Abdulla bobomiz tug‘ilgan yilini 1895, ba’zan 1896, hatto 1897 yil, deb ham ko‘rsatgan. Yozuvchining o‘g‘li Habibulla Qodiriy o‘z xotiralarida shunday eslaydi: – Qay bir vaqt dadamdan “Qaysi oy-kunda tug‘ilgansiz?” deb so‘raganimda, u kishi kulib “O‘rik gulida tug‘ilganman. Taxminan 10 aprelda bo‘lsa kerak” deganlari yodimda… O‘sha yillari Qodiriylar oilasida iqtisodiy tanglik hukm surardi. Bu vaqtda Qodir bobo yetmishdan oshib, ancha kuch-quvvatdan qolgan, oilaning doimiy daromadi yo‘q edi. To‘ng‘ich o‘g‘li Rahimberdi endi 15 yoshga kirgan, qo‘lidan hali durustroq ish kelmasdi, bog‘dan olingan daromad esa besh jonning yeb-ichishiga arang yetardi.
Boshida boy oilada tug‘ildimmi yoki kambag‘al oiladami, albatta, bilmadim. Ammo yoshim 7-8 ga yetgach, qornim oshga to‘ymaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog‘i faqat 80 yoshli bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin bog‘ning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelib, bog‘ mevalari ofatga uchrab qolsa, biz ham ochlikka duch kelib, qishi bilan jovrashib chiqar ekanmiz. Ehtimol shuning uchun ham Qodiriy asarlarida xalqning och-nahor, og‘ir hayoti nihoyatda ishonarli, tabiiy tasvirlangandir. Abdulla Qodiriyning matbuotdagi ilk chiqishi 1913-1914 yillarga to‘g‘ri keladi. Manbalarga ko‘ra, uning birinchi maqolasi 1914 yil 1 aprelda, “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Yangi masjid va maktab” sarlavhasi bilan bosilib chiqadi. Hali yosh yozuvchi ilk ijodini kichik-kichik maqola, xabarlar yozishdan boshlagan. Qodiriy 1914-1916 yillarda “Baxtsiz kuyov”, “Juvonboz”, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” kabi qator jiddiy, badiiy jihatdan pishiq, hatto shu kunlarda ham sevib o‘qiladigan asarlarni yaratdi. Bu asarlarni yozishga ilhomlantirgan omillar xususida adib shunday deydi: – “Padarkush” pesasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni o‘zim ham payqamay qoldim. Yana shu yilda teatrlarda chiqib turgan hikoya va romanlarga taqlidan “Juvonboz” otliq hikoyani yozib, noshir topilmaganidan o‘zim nashr qilib yubordim. Endi chin musannif bo‘ldimov, deb quvonar edim… Shu zaylda, zo‘r qudrat bilan milliy adabiyotimiz sari navqiron, ammo juda katta iqtidor, ijodiy potensialga ega millat yozuvchisi shiddat bilan kirib kelmoqda edi. Abdulla Qodiriyning “Mushtum” jurnalida birga faoliyat yuritgan safdoshlaridan biri o‘z xotiralarida adib haqida shunday yozadi: “Abdulla Qodiriy har qanday narsaga tanqidiy nazar bilan qarar, eski xurofot narsalarga g‘oyatda dushman edi. Uning har bir so‘zidan hajviy ifoda anqib turar edi. U g‘oyatda jasoratli, o‘z so‘zida ustuvor va barqaror, o‘tkir satirik va g‘oyatda zakovatli edi. Kim to‘g‘risida yozadigan bo‘lsa, xuddi o‘sha shaxsning o‘zi bo‘lib ketar edi. Bu xildagi yozishlar uchun o‘sha tipdagi kishilarning butun ichki sirlaridan xabardor bo‘lish kerak, albatta. Favqulodda zakovatga ega bo‘lgan bu yozuvchi, mazkur tipdagi shaxslar orasida yurib, har birisi bilan alohida suhbatlashishdan sira tortinmagani eski mullalar bilan ham, qimorvoz, bedanavoz chapanilar bilan ham, o‘g‘rilar bilan ham, eshonlar, muridlar, so‘filar, darveshlar, qalandarlar bilan ham, ko‘knori va bangilar bilan ham suhbatlashgan. U bir maqola yoki hikoyani yozishga o‘tirganda, o‘shani yozib tugatmasdan o‘tirgan yeridan turib ketmas edi. Xalq uning yozgan maqola, asarlarini g‘oyatda sevib o‘qir, asarlari bosilib chiqishini to‘zimsizlanib kutib turishar edi…”.
Filologiya fanlari doktori Ergash Rustamov taniqli sharqshunos olim Yevgeniy Edvardovich Bertels bilan Abdulla Qodiriy haqidagi suhbatini shunday eslaydi: “Men Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini 1925-1926 yillarda Toshkentdaligimda o‘qiganman. U ulug‘ romanchi, – dedi ustod va o‘rnidan turib, javondagi kitoblar orasini timirskilab, ikkita kitob oldi va joyiga o‘tirarkan menga uzatdi. Kitoblar, ikkisi ham menga tanish, jadid alifbosida bosilgan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining birinchi bosmasi edi. Kitoblarning ko‘p sahifalarida hoshiyasiga ustod qo‘li bilan ba’zi o‘zbekcha so‘zlarning ruscha ma’nolari va qandaydir boshqa bir xil izoh-ishoralar yozilgan edi. Ustod so‘zida davom etib: – Eron, turk, arab yozuvchilarining ham ko‘pgina romanlari bor. Lekin ularniki uslub jihatdan ingliz, fransuz, nemis romanchilik maktablaridan uncha farq qilmaydi, ularda taqlidchilik juda ustun. Abdulla Qodiriy ham ko‘pgina romanchilik maktablaridan iste’fodalangan, ularni chuqur o‘rgangan bo‘lishi mumkin. Ammo unda taqlidchilik ko‘rinmaydi. Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan o‘ziga xos uslubda yozilgan o‘zbek romanlaridir. Dunyoda 5 ta, ya’ni fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisi, ya’ni O‘ZBEK romanchiligi maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi” deya yozuvchi iste’dodini yuksak e’tirof etadi. Ergash Rustamov Muxtor Avezov fikrini ham keltirib o‘tadi: “Abdulla Qodiriy yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 1920 yillarda, go‘yo tekis sahroda to‘satdan “Pomir” tog‘lari vujudga kelganday paydo bo‘ldi. Qodiriy asarlarini Qurmong‘ozi yoki Chaykovskiy kuylarini tinglaganday dam olib, miriqib, gasht qilib o‘qiysan, kishi… Garchi Julqunboy 1920 yillar boshida matbuotda gazetchi, publitsist bo‘lib tanilgan bo‘lsa ham, uning romanlarida gazetchilik, jurnalchilik tili sira iz qoldirmagan. Uning tili ravon, shirali, musiqiy, menimcha, hamma O‘rta Osiyo xalqlariga ham tarjimonsiz tushunarli. Masalan, biz qozoqlar Julqunboy asarlarini tarjimasiz ham bemalol o‘qib tushunaveramiz”.
Do'stlaringiz bilan baham: |