3. ZIL—130 yuk avtomobilini yig‘ishning xususiyatlari
ZIL—130 avtomobili yig‘iladigan binoda bir qancha konveyer ishlaydi: ikkita bosh konveyer — aravachali, vertikal va yopiq; pol ustida plastinkali konveyer; yig‘ma birliklarni (kabina, dvigatel, orqa va oldingi ko‘priklar, g‘ildiraklar, platforma) yetkazib beradigan osma konveyerlar tizimi. Konveyerlar ishini va ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishda elektron hisoblash mashinalari (EHM) dan foydalaniladi. Hisoblash markazi avtomobillarni tayyorlash va topshirishni rejalashtiradi, yig‘uv binosining konveyerlarida turgan detallar va yig‘ma birliklar hisobini, amallararo zaxiralar o‘zgarishlarini hisobga olib boradi.
Yig‘uv binosida tashxis qo‘yish uchastkasi ham bor. U stendlar, yurish barabanlari, zamonaviy tashxis uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda avtomobillarni har tomonlama to‘liq sinovdan o‘tkazish mumkin. Tashhis va sinovlar natijasi yuqori sifatda, barqaror ta’minlanadi.
Aravachali, vertikal va yopiq bosh konveyer hammabop bo‘lib, ustunli va pol ustidagi qismlardan, ularni yurituvchi va taranglashtiruvchi stansiyalardan, bosh yuritgichdan, to‘xtatuvchi mexanizmdan iborat.
Konveyerning asosiysi ustunli qismdir (1-rasm). U quyidagi konstruktiv elementlardan iborat: yo‘naltiruvchi (1)lar ikki yelkali va posangili richag hamda maxsus shtift yordamida tortuvchi zanjir (3) bilan ulangan, yuk ortilgan aravachalar (2)ning bo‘sh yurishini ta’minlaydi. To‘xtatuvchi mexanizm (5) oldida aravachalar to‘planadi. Aravacha mexanizm (5)ning tirsagi (4)ga urilib, tortuvchi zanjir (3)dan ajraladi; keyingi aravachalar oldingisining tirsagiga tegib to‘xtaydi. To‘xtatuvchi mexanizm o‘chirilganda aravachalar konveyerning ustiga chiqib oladi. Bunday konveyerlarda hamma amallar yuqori darajada mexanizatsiyalashgan va avtomatlashtirilgan holda bajariladi. Konveyerning turtish tamoyili bilan ishlashi aravacha (2)lar zanjir (3)ning ustida bir-biriga bog‘lanib, ostida esa ajralishini va ustunlarni yotqizib, ularni ma’lum masofalar orasida turg‘azish imkonini beradi. Konveyer tezligi avtomat tarzda o‘zgara oladi (4,5 m/min gacha). Aravachalar masofadan turib boshqaradigan dasturlar vositasida yuqoriga chiqariladi.
1- r a s m. Yuk avtomobillarini yig‘uvchi, vertikal-yopiq aravachalari bor hammabop bosh konveyerning turg‘azish qismi: 1 — yo‘naltiruvchi; 2 — aravachalari; 3 — tortuvchi zanjir; 4 — to‘xtatuvc hi tirgak; 5 — to‘xtatish.
Konveyerda avtomobillarni umumiy yig‘ish ishlari ustunlarga ramani qo‘yishdan boshlanadi. Ramalar ombordan maxsus taxlovchi-kran (yuk ko‘tarishi 3,2 t) yordamida, to‘rttadan taxlam holda beriladi. Kran ustunining pastki qismida siqilgan havo bilan ishlaydigan «qo‘l»lar bo‘lib, ular ombordagi taxlamni ushlab oladi. Ramani konveyer ustunlariga manipulyatorlar o‘rnatadi. Manip ulyator masofadagi boshqaruv pultidan keladigan buyruq bo‘yicha ishlaydi va ustunlarni beradi. Manipulyatorning elektr sxemasi bosh konveyerning elektr sxemasi bilan ulangan. Shunday tarzda avtomobil ramalarini ombordan olib chiqish, uzatish va aravachalarga qo‘yish ishlari odam ishtirokisiz bajariladi.
Kabinalar, dvigatellar, oldingi va orqa ko‘priklar, platformalar va g‘ildiraklar yig‘ma holda osma, turtib ishlovchi konveyerlar bo‘ylab yetkazib beriladi.
Turtuvchi konveyerning osmasi ikkita vertikal tayoqchadan iborat bo‘lib, o‘ziga 7—11 ta yig‘ilgan g‘ildirakni sig‘diradi. Yuk tushiradigan holatda osma to‘xtaydi, tushiruvchi ikkita stol avtomat tarzda ishga kirishib, g‘ildiraklarni oladi va rolikli konveyerga qo‘yadi. Bu konveyer g‘ildiraklarni gorizontal holatda yig‘uv konveyerining ikki tomoni bo‘ylab olib ketadi. Rolikli konveyerning oxirida g‘ildiraklar gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tadi ayni vaqtda ikki oqimga ajraladi. Keyin g‘ildiraklar to‘rtta ariqchadan avtomobilning to‘rtta nuqtasiga beriladi.
Konveyerlarda kelayotgan agregatlar, uzellar to‘planib qoladigan bo‘lsa, ular yig‘uv binosidagi harakat qilib turadigan osma omborlarga o‘tkazib yuboriladi. Turtuvchi osma konveyerning tushiriluvchi seksiyasi asosiy yuk ko‘taruvchi mexan izm hisoblanadi. Seksiyalar bosh konveyer bilan baravar harakat qiladi. Shassi maxsus osma moslama yordamida to‘nkariladi. Bu moslama aravalar ustiga qurilgan. Shassini aylantirib, pol ustidagi konveyer ustunlariga qo‘yish paytida aylantiruvchi moslama bilan konveyer baravar harakat qiladi. Aylantiruvchi moslama ishi masofadagi pultdan boshqariladi.
Yig‘ilgan avtomobillar bosh konveyerdan o‘z oyog‘i bilan tushib, chiniqtirish stendiga boradi, keyin pardozlash va avtomobillarni qabul qilish joylariga yurib boradi. Chiniqtirish paytida ayon bo‘lgan nuqsonlar o‘sha yerdayoq tuzatiladi. Avtomobillarni pardozlash va qabul qilish pol ustidagi konveyerda bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |