Shveytsariya atalmish «olmos». 3-qism. Turizm va mehmonxona biznesi
Alp tog‘larining shundoq o‘rtasida joylashgan Shveysariya xuddi atayin turizm uchun yaratilgandek
МУАЛЛИФ
KUANISH BERDIMURATOV
12 Yanvar, 2017
Share0
+10
Tweet
Share
Share0
SHARES0
<- Oldingi qismini o‘qish
Uzoq yillar davomida Shveysariya “sifat va nufuz mamlakati” degan nom olish ustida ishladi va bugungi kunga kelib millionlar ongida aynan shunday mamlakat sifatida gavdalanmoqda. Hozirda Shveysariyaga tashrif buyuradigan sayyohlarning keti uzilmaydi. Turizm biznesi - mamlakat iqtisodiyotining asosiy sohalaridan biri. Shveysariya yalpi daromadining 20 foizi turizmga to‘g‘ri keladi. Sayyohlar ichida barcha toifadagi kishilarni: pensionerlar-u maktab o‘quvchilarini, yosh kelin-kuyovlar-u, hech nimadan qo‘rqmaydigan “yakkaxonlarni” ko‘rish mumkin.
Alp tog‘larining shundoq o‘rtasida joylashgan Shveysariya xuddi atayin turizm uchun yaratilgandek. Gelvet afsonalariga ko‘ra “alp gavhari”ning paydo bo‘lish tarixi juda o‘zgacha:
Tabiat boyliklarini tarqatib berar ekan, Yaratguvchi Yevropaning qoq markazida joylashgan kichkinagina va oddiygina mamlakatni esidan chiqarib qo‘yibdi. Shunda, o‘z aybini yuvish uchun, faromushxotir Yaratguvchi bu o‘lkaga tosh qasrlarga o‘xshaydigan tog‘lar, qo‘z qamashtiradigan muzliklar, ulkan sharsharalar-u moviy ko‘llarni hadya etibdi. Ilohiy go‘zallik va donolikning mutlaq timsoli bo‘lgan Gelvetsiya ana shunday paydo bo‘libdi.
Turizm industriyasi markazi bo‘lgan Shveysariya - bu avvalambor keng tarmoqli tog‘ kurortlari. Alp tog‘ tizmasi esa tog‘ chang‘isi vatani bo‘lgan Shveysariya hududining 2/3 qismini egallagan. Turizm va xalqaro sport vatani Davos, mineral buloqlari bilan mashhur Sankt-Morits yoki yon bag‘irlaridan eng yirik Alp muzligi - Gornerni ko‘rish mumkin bo‘lgan Sermatt kabi butun dunyoga dong taratgan kurortlarni alohida tanishtirishga xojat yo‘q.
Shaharda dam olishni xush ko‘radiganlar betakror me'moriy obidalari, antiqa muzeylari va Alp tog‘larining 3D-panoramasini tomosha qilish mumkin bo‘lgan Alpineum bilan hammaga ma'lum va mashhur Lyutserna bo‘ylab sayr qilishlari yoki bo‘lmasa Erazm Rotterdamskiy dafn etilgan Bazelning o‘rta asrlarni eslatadigan jinko‘chalari bo‘ylab kezishlari, “quyi shahri”da 16 asr qasrlari saqlanib qolgan fransuzzabon Lozannaga tashrif buyurishlari mumkin.
Jeneva shahri alohida e'tiborga loyiq. Bu yerda BMT shtab-kvartiralaridan biri joylashgan, ammo zamonaviy megapolislar tamadduni atigi 100 000 aholiga ega shaharchaning 2000 yillik tarixiga umuman putur yetkazmagan. Bu yerda xuddi vaqt to‘xtab qolgandek (butun Shveysariyada kabi), o‘tgan kunlar haqida esa faqat har turli muzeylar-u galereyalar eslatib turadi.
Shveysariyaning o‘n ikkita tarixiy va madaniy yodgorligi YUNESKO himoyasiga olingan. Masalan, mamlakatning sharqiy hududida joylashgan, XVIII asrda Karolinglar tomonidan bunyod etilgan betakror Avliyo Ioann benediktchilar monastiri. Noyob yodgorlik savdo yo‘lida qurilgan va bu yo‘ldan yurgan savdogarlar tunda shu abbatlikda qo‘nim topganlar. Monastir devorlarga tushirilgan suratlari va roman uslubidagi naqshlari bilan mashhur. Yana bir tarixiy obida - o‘rta asrlarga mansub Kastelgrande qasri qachonlardir qadimiy Bellinsona shahrini himoya qilgan uchta qo‘rg‘ondar biri hisoblanadi. Turli davrlarning me'moriy usullarini o‘zida mujassam etgan eski Bern. Qisqasi, chang‘i uchishga hech qanday istak yo‘q, tarixiy obidalar o‘ziga tortadi.
Shveysariya turizmi gullab yashnashi mamlakatda mehmonxona biznesi rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Transport, ovqatlanish, xordiq chiqarish va turopereyting industriyasi qatorida mehmonxonalar ham turizm infratuzilmasining muhim tarkibiy qismidir.
Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, dam oluvchilar soni - nisbatan doimiy ko‘rsatkich bo‘lib, mavsum o‘zgarishiga bog‘liq emas. Albatta, sayyohlar yoz va qishda nisbatan ko‘proq bo‘ladi, ammo “o‘lik” mavsumda ham sayyohlar yetishmovchiligi sezilmaydi. Mehmonxonalar (bu yerda ularning soni 10 000 taga yetadi) mehmonlarni Alp o‘lkasida o‘ta qadrlanadigan mehmondo‘stlik an'analariga sodiq holda kutib oladilar. Muhtasham, qimmatbaho mehmonxonalar ham, kichkina va shinam shalelar ham a'lo darajadagi servis va benuqson jihozlanganligi bilan ajablantiradi.
Infratuzilma mehmonxonalar taklif etadigan turli-tuman xizmatlar bilan hayron qoldiradi. Vindserfing, golf maydonlari, ot sporti yozgi xordiq ishtiyoqmandlari xizmatiga shay; qishda dam olishni xush ko‘radiganlar uchun esa turli xil (chana trassasidan tortb yugurish chang‘ilarigacha) tog‘ chang‘isi trassalari tayyorlab qo‘yilgan, endi chang‘ida uchishni o‘rganayotganlarga esa boshlovchi chang‘ichilar uchun maktab taklif etiladi; professional instruktorlar boshchiligida toqqa chiqish, turli yo‘nalishlarda piyoda sayrlar, sun'iy qoplamali yaxmalaklar, tennis va skvosh kortlari, parapshyut bilan sakrash va havo sharida sayohat yil o‘n ikki oy sayyohlarga muntazir.
Yaqinda qurib bitirilgan Atlantis by Giardino yoki Fairmont Le Montreux Palace 5* muhtasham mehmonxonalari bilan bir qatorda Shveysariyada uzoq yillik tarixga ega ko‘plab mehmonxonalar deyarli qadimiy ko‘rinishda saqlanib qolgan. Umuman olganda, Shveysariya mehmonxona biznesining tarixi mamlakatning 1815 yilda Napoleon urishlaridan keyin boshlangan yangi tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Biroq, 19 asrning oxirlariga qadar Shveysariya turizmi faqat yozgi dam turlarini o‘z ichiga olgan. 19 asrda turizm markazlari faqat ko‘l bo‘ylaridagi shaharlarda rivojlangan. Go‘zal tabiat manzaralari va moviy ko‘llar tez orada Shveysariyani boshqa turizm mamlakatlari ichida birinchi o‘ringa olib chiqdi. Bu orada ilk sayyohlar ishtiyoq bilan Alp yerlarini “kashf etardilar”: qadimiy shaharlarning ko‘chalari bo‘ylab sayr qilishar, ko‘hna qasr va cherkovlarni tomosha qilishar, toqqa chiqishar edi. Sekin-asta shveysariyaliklarga turizm infratuzilmasini rivojlantrish fikri keldi. Shunday qilib, 1834 yilda birinchi “haqiqiy” mehmonxona - Jeneva shahridagi ulkan «Hotel des Berges» paydo bo‘ldi va butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli mehmonxonalar qurilishi boshlab yuborildi.
Afsuski, odamlar chet elga nafaqat dam olish yoki ishlash uchun chiqadilar.
Uzoq yillar davomida Shveysariya “sifat va nufuz mamlakati” degan nom olish ustida ishladi... Davomini o‘qish ->
Shveytsariya atalmish «olmos». 1-qism. Oligarxlar, soliqlar va banklar haqida ->
Shveytsariya atalmish «olmos». 1-qism. 2-qism. Xavfsiz hayot uchun orzudagi joy ->
Do'stlaringiz bilan baham: |