ta’lim oluvchilar — talaba va tinglovchilar;
talaba — bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan shaxs;
tinglovchi — oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlash kursiga o‘qishga qabul qilingan amaldagi xodim va harbiy xizmatchi;
qayta tayyorlash kursi — “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni kunduzgi ta’lim shaklida maxsus olti oylik dastur bo‘yicha o‘qitish kursi.
2. Filial ta’lim oluvchilari bilimini nazorat qilish va baholashning maqsadi — yuqori malakali, raqobatbardosh, mamlakatda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida o‘tkazilayotgan tub islohotlarning talablariga, zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ta’lim oluvchilarda mustaqil ta’lim olish, ta’lim sifatini boshqargan holda yuridik faoliyatning tegishli sohalarida tizimli tahlil qilish va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek ularning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, modullarni o‘zlashtirishida bo‘shliqlar hosil bo‘lishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
Modul alohida o‘quv fani (uning qismi) bo‘lib, o‘zida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladi va ta’lim oluvchilarning fan dasturini o‘rganishi natijasida shakllangan bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadi.
3. Ta’lim oluvchilar bilimini nazorat qilish va baholashning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
ta’lim oluvchilarda tegishli bilim, ko‘nikma va malakalar shakllanganligi darajasini nazorat qilish va tahlil qilib borish;
ta’lim oluvchilar bilimi, ko‘nikma va malakalarini baholashning asosiy tamoyillari: aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik hamda bilimlarni baholashda shaffoflikni ta’minlash;
o‘quv materialining ta’lim oluvchilar tomonidan tizimli ravishda va belgilangan muddatlarda o‘zlashtirilishini tashkil etish va tahlil qilish;
ta’lim oluvchilarda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va axborot resurslari manbalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
ta’lim oluvchilar bilimini xolis va adolatli baholash hamda uning natijalarini o‘z vaqtida ma’lum qilish;
ta’lim oluvchilarning o‘quv rejasi doirasida kompleks hamda uzluksiz tayyorgarligini ta’minlash;
o‘quv jarayonining tashkiliy ishlarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlanishiga sharoit yaratish.
4. Kafedra mudiri har bir modul bo‘yicha modul rahbarini, ya’ni alohida modulni o‘qitishning sifati, o‘quv materialini shakllantirish, shuningdek barcha turdagi nazorat savollarini tuzish, ta’lim oluvchilar bilimini tekshirishda yagona standartlarni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan pedagog xodimni belgilaydi.
Modullar bo‘yicha ta’lim oluvchilar bilimini semestr (qayta tayyorlash kursi) davomida baholab borish nazorat jadvallari va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
5. Modulning o‘quv dasturi mazmunini o‘zlashtirish kreditni — talabalarning o‘quv yuklama hajmini aniqlashning shartli birligini qo‘llagan holda belgilanadi.
Kredit talaba tomonidan tegishli o‘quv ishlarini (modul xususiyati va bo‘lajak mutaxassisni shakllantirish uchun o‘quv ishlarining muhimligidan kelib chiqib, Filial tomonidan belgilanadigan) bajarishga ketadigan vaqt (soatlar)dan tashkil topadi. Har bir modul mustaqil kredit hisobiga ega bo‘ladi.
Filial bir kredit tarkibini, har bir modul bo‘yicha kreditlar sonini, shuningdek har bir kursni va umuman o‘qish davrini tamomlash uchun talaba tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlarning umumiy sonini belgilaydi. Talaba mazkur Nizomga muvofiq modul o‘quv dasturi mazmunini o‘zlashtirgan (olgan reyting ballidan qat’i nazar) taqdirda, u tegishli modul bo‘yicha kreditlarning zarur sonini to‘plagan deb hisoblanadi.
2-bob. Ta’lim oluvchilar bilimini nazorat qilish turlari
6. Ta’lim oluvchilarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun Filialda joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari o‘tkaziladi.
7. Modulning nazorat jadvallari, nazorat turlari va shakllari, nazoratlar soni hamda joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar uchun belgilangan maksimal va saralash ballari to‘g‘risidagi ma’lumotlar pedagog xodim tomonidan birinchi mashg‘ulotda ta’lim oluvchilarga e’lon qilinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat jadvallari haqidagi ma’lumotlar O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan Filial veb-saytiga joylashtiriladi.
3-bob. Joriy nazoratni o‘tkazish
8. Joriy nazorat ta’lim oluvchilarning modul mavzulari bo‘yicha bilimi va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi. Joriy nazorat ta’lim oluvchi tomonidan modul mavzusi mazmunini o‘zlashtirganlik darajasini baholashga qaratiladi, shuningdek o‘quv materialini konstruktiv ravishda sharhlash va tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash amaliy ko‘nikmalari, huquqni qo‘llash hujjatlari loyihalarini tuzish, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), jamoada ishlash, ilmiy prezentatsiyalar tayyorlash va boshqalarni baholashga qaratiladi.
9. Modulning mazmunidan kelib chiqqan holda modulning bir semestr (qayta tayyorlash kursi)da o‘qitiladigan bir-biriga bog‘liq mavzulari kafedra tomonidan uchtadan ko‘p bo‘lmagan bloklarga birlashtiriladi va ularni o‘zlashtirish natijasida ta’lim oluvchilar modul doirasida kelgusi kasbiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan mustaqil nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar majmuiga ega bo‘lishlari shart.
Modulning har bir blok mavzusi doirasida joriy nazorat seminar, amaliy mashg‘ulot va laboratoriya mashg‘ulotlarida, odatda, quyidagi shakllarda o‘tkaziladi: og‘zaki so‘rov (mantiqiy muammoli savollarni qo‘llagan holda), ilmiy prezentatsiya (modulning tegishli mavzusi bo‘yicha kichik guruhlar doirasida), muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), jamoada ishlash (“aqliy hujum” interfaol uslubini qo‘llagan holda va h.k.), huquq normalarini sharhlash, huquqni qo‘llash hujjatlari loyihalarini tuzish ko‘nikmalarini rivojlantirish mashqlari hamda kafedra tomonidan belgilanadigan boshqa shakllarda o‘tkaziladi. Joriy nazorat shakllari modulning o‘quv dasturida qayd etiladi.
10. Modulning har bir mavzular bloki o‘qitiladigan oxirgi kuni pedagog xodim blokli joriy nazoratni yakunlaydi va ushbu reyting nazorati turi bo‘yicha ta’lim oluvchilarning ballarini qo‘yadi. Bunda har bir modul mavzulari bloki uchun ajratiladigan maksimal ball, joriy nazorat uchun ajratilgan maksimal reyting ballini modul mavzulari bloki soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Ta’lim oluvchining o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etishi pedagog xodimga ta’lim oluvchining tegishli modul mavzulari bloki doirasida olgan ballarini ko‘tarishga yoki unga maksimal ballni qo‘ygan holda ushbu blok bo‘yicha joriy nazorat topshirishdan ozod qilish huquqini beradi.
11. Joriy nazorat natijalari har bir modul mavzulari bloki bo‘yicha alohida ravishda ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimiga tegishli pedagog xodim tomonidan O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan belgilanadigan muddat ichida kiritilishi shart. O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i bildirgisiga asosan muddatni buzgan pedagog xodimga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin. Modul bo‘yicha joriy nazoratning umumiy natijasi pedagog xodim tomonidan imzolanadigan qaydnoma ko‘rinishida shakllantiriladi.
Joriy nazorat bo‘yicha o‘zining umumiy reyting ballini qayta topshirish orqali ko‘tarishni xohlagan ta’lim oluvchi, yakuniy nazorat boshlanishidan oldin O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘iga tegishli ariza bilan murojaat qilishi mumkin. O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i ta’lim oluvchiga qayta topshirish uchun yo‘llanma beradi. Bunday yo‘llanma ta’lim oluvchiga har bir modul bo‘yicha semestrda bittadan ortiq bo‘lmagan miqdorda beriladi.
Qayta topshirish ilgari joriy nazorat bo‘yicha reyting ballarini qo‘ygan pedagog xodim tomonidan o‘tkaziladi. Qayta topshirish natijasi bo‘yicha qo‘yilgan joriy nazorat reyting ballari borasida ta’lim oluvchi va pedagog xodim o‘rtasida kelishmovchilik vujudga kelgan hollarda,mazkur ball kafedra mudiri tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunda pedagog xodim yoki kafedra mudiri tomonidan ta’lim oluvchining ilgari qo‘yilgan reyting ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Har bir blok bo‘yicha joriy nazorat o‘tkazish muddatlari mazkur Nizomning 62-bandiga muvofiq belgilanadi.
Joriy nazorat natijalarining o‘z vaqtida O‘quv-uslubiy bo‘limga taqdim etilishi, shuningdek ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimida uni to‘liq va to‘g‘ri aks ettirish uchun javobgarlik tegishli modulni o‘qitadigan pedagog xodimlar zimmasiga yuklanadi.
4-bob. Oraliq nazoratni o‘tkazish
13. Oraliq nazorat semestr (qayta tayyorlash kursi) davomida modul o‘quv dasturining tegishli (modulning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugagandan keyin ta’lim oluvchining bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi. Oraliq nazorat ta’lim oluvchi tomonidan modul o‘quv dasturining tegishli bo‘limlari mazmunini o‘zlashtirish darajasi, ta’lim oluvchining yuridik adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash amaliy ko‘nikmalari, huquqni qo‘llash hujjatlari loyihalarini tuzish, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), tizimli tahlil, mantiqiy fikrlash, mustaqil tadqiqot olib borish, o‘z fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini baholashga qaratilgan.
14. Agar Filial O‘quv-uslubiy kengashi qarorida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, barcha modullar bo‘yicha oraliq nazorat ta’lim oluvchi tomonidan o‘quv xonasida (yozma imtihon) yoki o‘quv xonasidan tashqarida tayyorlanadigan yozma ish shaklida semestr davomida bir marotaba o‘tkaziladi. Oraliq nazoratining aniq shakli Filial O‘quv-uslubiy kengashi qarori bilan belgilanadi.
Yozma ish ta’lim oluvchi tomonidan tegishli semestr (qayta tayyorlash kursi) davomida mazkur Nizomning 62-bandida belgilangan muddatlarda topshiriladi.
15. Modul bo‘yicha oraliq nazorat savollari tegishli kafedra tomonidan tuziladi. Savollar soni O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan belgilanadi.
Savollar:
ta’lim oluvchining o‘tgan o‘quv yillarida tayyorlangan yozma ishlardan foydalanish imkoniyatini istisno qilish uchun zaruratga ko‘ra yangilanishi;
aniq, normativ-huquqiy hujjatlar normalariga asoslangan va amaliyot bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi;
mazmuni modul o‘quv dasturiga muvofiq bo‘lishi;
o‘z ichiga o‘quv dasturining tegishli bo‘limlarini to‘liq qamrab oluvchi materiallarni mujassam qilgan bo‘lishi;
ta’lim oluvchilarning modulni o‘zlashtirish darajasini, tahlil qilish ko‘nikmalarini, mustaqil fikrlash va kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida mustaqil qarorlar qabul qilish qobiliyatlarini aniqlashga qaratilgan bo‘lishi lozim.
16. Kafedra mudiri semestr (qayta tayyorlash kursi) boshlanishidan oldin oraliq nazorat savollarining sifatli tayyorlanishi va o‘z vaqtida O‘quv-uslubiy bo‘limga taqdim qilinishini ta’minlaydi. Har bir modul bo‘yicha oraliq nazorat savollari ekspertizadan o‘tkazilishi shart. Savollar ekspertizasi O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan semestr (qayta tayyorlash kursi) boshlangan kundan boshlab ikki hafta ichida tashkil qilinadi. Ekspertlar direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari taqdimnomasiga binoan direktor buyrug‘i asosida tayinlanadi. Savollar ekspertizasi mazkur Nizomning 1-ilovasida berilgan shaklni to‘ldirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda O‘quv-uslubiy bo‘lim oraliq nazorat savollarining amaliyot bilan o‘zaro bog‘langanlik darajasini aniqlash maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralar ekspertlaridan tegishli xulosa olish yo‘li bilan tashqi ekspertizani tashkil qilishi mumkin.
Ekspertiza natijalari pedagog xodim — savollarni tuzuvchi tomonidan o‘rganib chiqilishi va zarurat bo‘lganda savollar mazmunida va savollar uchun yo‘riqnomalarda ifodalanishi lozim. Oraliq nazorat savollari ta’lim oluvchilarga faqat ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng taqdim qilinishi mumkin.
17. Ta’lim oluvchi oraliq nazorat yozma ishlarini topshirish sanasidan kamida ikki hafta oldin O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan taqdim etilgan savollar ichidan yozma ish tayyorlash uchun savollarni mustaqil tanlash huquqiga ega. Ta’lim oluvchi yozma ishni tayyorlashga va nazorat jadvalida belgilangan sanalarga qat’iy rioya qilgan holda O‘quv-uslubiy bo‘limga topshirishga mas’ul hisoblanadi. Topshirilgan yozma ishni almashtirish yoki qo‘shimcha yozma ish topshirish taqiqlanadi. Topshirilgan yozma ish ta’lim oluvchiga qaytarilmaydi.
18. Bakalavriat talabasining oraliq yozma ishining hajmi:
1-kursda — kamida 1000 so‘zdan;
2-kursda — kamida 1500 so‘zdan;
3-kursda — kamida 2000 so‘zdan iborat bo‘lishi shart.
Qayta tayyorlash kursida — kamida 2000 so‘zdan iborat bo‘lishi lozim.
Oraliq yozma ishining hajmi ushbu bandda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan holda mazkur ish uchun reyting balli kamaytirilishi mumkin.
19. Oraliq nazorat yozma ishi ta’lim oluvchi tomonidan kompyuterda Microsoft Word dasturini qo‘llagan holda, “Times New Roman” 14 shriftda, 1,5 qatorlararo intervalda tayyorlanishi va A4 formatdagi oq qog‘ozda printerdan chiqarilgan bo‘lishi kerak. Sahifa o‘lchami: sahifa mo‘ljali kitob shaklida, yuqori va pastki maydoni — 2 sm, o‘ng taraf — 1,5 sm, chap taraf — 3 sm ni tashkil etishi kerak. Yozma ish titul varag‘i mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Ta’lim oluvchi belgilangan muddatlarda o‘z oraliq nazorat yozma ishini O‘quv-uslubiy bo‘limda joylashgan ishlarni qabul qilish qutisiga tashlashi lozim.
O‘quv-uslubiy bo‘lim mas’ul xodimi tegishli modul bo‘yicha oraliq nazorat yozma ishlarini topshirish kuni soat 17:00 da ta’lim oluvchilarning ishlari saqlanayotgan qutini ochadi, ishlar sonini sanaydi va qabul qilingan yozma ishlar bo‘yicha dalolatnoma tuzadi. Titul varag‘ining qirqish chizig‘iga bo‘limning shtampi bosiladi.
O‘quv-uslubiy bo‘lim shtampisiz yozma ishlar kafedralar tomonidan tekshirilmaydi va baholanmaydi.
20. Oraliq nazorat yozma ishi ta’lim oluvchi tomonidan mustaqil ravishda tayyorlanishi shart. Mualliflikni o‘zlashtirish (plagiat)ga yo‘l qo‘yilmaydi. Yozma ishda qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda nashr qilingan o‘zga matndan olingan manbaga hech qanday havola qilmagan holda ishlatish yoki olingan manbaga havola qilingan bo‘lsada, lekin o‘zlashtirishlarning hajmi va xarakteri ta’lim oluvchining yozma ishni yoki uning asosiy qismini mustaqil yozilganligiga shubha uyg‘otadigan darajada o‘zlashtirilgan bo‘lsa, plagiat deb topiladi.
Plagiat ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:
o‘zga matnni so‘zma-so‘z bayon qilish;
parafraza — o‘zlashtirilgan o‘zga matnning mazmunini o‘zgartirmasdan so‘z va iboralarni almashtirib bayon qilish.
Oraliq nazorat yozma ish matnidagi o‘zganing mualliflik ishidan olingan har qanday matnda muallif, ishning nomi va ishning boshqa rekvizitlarini ko‘rsatgan holda havolalar keltirilishi shart. Oraliq nazorat yozma ishini tekshirishda mualliflikni o‘zlashtirish (plagiat) holatlari aniqlanishi, shuningdek ikki yoki undan ortiq yozma ishning mustaqil yozilganligiga shubha uyg‘otadigan darajada o‘xshash bo‘lishi ushbu barcha yozma ishlarga nol ball qo‘yish yoki oldin qo‘yilgan oraliq nazorat reyting ballini bekor qilishga asos bo‘ladi.
21. Yozma imtihon shaklidagi oraliq nazoratini o‘tkazishda imtihon savollari, qoida tariqasida, vaziyatli masalalarni o‘z ichiga oladi va ta’lim oluvchilarga oldindan taqdim etilmaydi. Bunda imtihon vaqtida ularga adabiyotlar va normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanishga imkoniyat beriladi.
Yozma imtihon, agar mazkur bobda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur Nizomning 5-bobida ko‘rsatilgan tartibga muvofiq o‘tkaziladi.
22. Oraliq nazorat yozma ishlarini tekshirish ushbu Nizomning 6-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy nazorat o‘tkazish
23. Yakuniy nazorat muayyan modul bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarning ta’lim oluvchilar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli hisoblanadi. Yakuniy nazorat ta’lim oluvchining modul o‘quv dasturining mazmunini o‘zlashtirganlik darajasi, uning mantiqiy fikrlashi, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash amaliy ko‘nikmalari, huquqni qo‘llash hujjatlari loyihalarini tuzish, muammoli vaziyatlarni (keys-stadi) hal etish, tizimli, tanqidiy tahlil qila olishi, o‘z fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatlarini baholashga qaratilgan.
24. Mutaxassislik kafedralarining modullari bo‘yicha yakuniy nazorat semestr yakunida bir marotaba yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi. Umumta’lim fanlari va Kasbiy-jangovor tayyorgarlik kafedralarining modullari bo‘yicha yakuniy nazorat Filial O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan belgilangan shaklda va tartibda o‘tkaziladi.
25. Yozma imtihon savollari, qoida tariqasida, mantiqiy savollar va muammoli vaziyatlarni o‘z ichiga oladi. Modullar bo‘yicha yakuniy nazorat savollarining mazmuni kafedralar tomonidan belgilanadi.
Yozma imtihon savollari bo‘yicha ballar miqdori Filial O‘quv-uslubiy kengashi qarori bilan taqsimlanadi.
26. Yakuniy nazorat savollariga ushbu Nizomning 27-bandi talablarini inobatga olgan holda mazkur Nizomning 15 va 16-bandlarida ko‘rsatilgan talablar qo‘yiladi.
27. Kafedra mudiri o‘quv semestri (qayta tayyorlash kursi)ning uchinchi haftasi boshlanishidan kechikmagan holda yakuniy nazorat savollarini O‘quv-uslubiy bo‘limga taqdim qilinishini ta’minlashi shart.
O‘quv-uslubiy bo‘lim yakuniy nazorat savollarini olgan kundan boshlab ikki hafta davomida ularning ekspertizasini tashkil qiladi. Ekspertizadan o‘tkazilgan yakuniy nazorat savollari tegishli modullar bo‘yicha yakuniy nazorat savollari yagona bazasiga qo‘shiladi. Yakuniy nazorat savollari yagona bazasi har yili taqdim qilinadigan yakuniy nazorat savollari hisobiga kengayib boradi. Filial yakuniy nazorat savollari yagona bazasidan ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlarning foydalanishiga imkoniyat yaratilishini ta’minlaydi.
28. O‘quv-uslubiy bo‘lim yakuniy nazorat savollari yagona bazasida mavjud savollar asosida imtihon biletlarini tuzadi va zarur hollarda bunga tegishli kafedra mudirini jalb etadi.
O‘quv-uslubiy bo‘lim xodimlari, shuningdek yakuniy nazorat uchun imtihon biletlarini tuzishga jalb qilingan kafedra mudirlari imtihon biletlari mazmunini oshkor qilmaslikka majburdir. Ushbu talab buzilgan hollarda aybdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.
29. Yakuniy nazorat direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan, kafedralarning pedagog xodimlari orasidan tayinlanadigan auditoriya rahbari va kuzatuvchilar tomonidan o‘tkaziladi. Yakuniy nazoratni o‘tkazishda direktor tomonidan tayinlangan Filialning boshqa xodimlari ham qatnashishi mumkin.
30. Yakuniy nazorat olib borish jarayoni, qoida tariqasida, videoyozuvda qayd qilinadi. O‘quv-uslubiy bo‘lim xodimlari videokuzatuv vositasida yakuniy nazorat o‘tkazish jarayonini kuzatish huquqiga ega.
Auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning tasdiqlangan ro‘yxati Filial tarkibiy tuzilmalari e’tiboriga yetkaziladi.
Yakuniy nazoratga auditoriya rahbari yoki kuzatuvchisining uzrli sababsiz kelmasligi (yoki kechikib kelishi) ularga nisbatan intizomiy choralarni qo‘llashga asos bo‘ladi. Kelmagan auditoriya rahbari va (yoki) kuzatuvchini almashtirish majburiyati tegishli kafedra mudiri zimmasiga yuklatiladi.
31. Ta’lim oluvchilar yakuniy nazorat o‘tkazilayotgan auditoriyaga faqat talabalik guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etganlaridan so‘ng kiritiladi.
32. Imtihon jadvalida belgilangan yozma imtihon vaqti rasman boshlangandan so‘ng kelgan ta’lim oluvchilar unda ishtirok etishga qo‘yilmaydi. Ta’lim oluvchilarning yozma imtihonda ishtirok etganligi holati mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan shaklga asosan rasmiylashtiriladi.
Kechikib kelishning sababi uzrli deb topilganda, ta’lim oluvchi auditoriya rahbarining roziligi bilan kiritilishi mumkin. Ushbu holatda ta’lim oluvchi auditoriyada bo‘lgan boshqa ta’lim oluvchilar bilan bir qatorda yozma imtihonni yakunlashi shart.
33. Yozma imtihon o‘tkazilayotgan auditoriyaga auditoriya rahbari va kuzatuvchilardan boshqa shaxslarning kirishi qat’iyan taqiqlanadi. Yozma imtihon o‘tkazish jarayoni direktor, direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i, shuningdek dekanlar tomonidan nazorat qilib turilishi mumkin.
Imtihon o‘tkazilayotgan modul bo‘yicha kafedra mudiri yozma imtihonning borishi, xususan, tegishli auditoriya rahbari va kuzatuvchilarning o‘z majburiyatlarini bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
34. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilar yozma imtihon o‘tkazishda quyidagilarga majbur:
ta’lim oluvchilarni yakuniy nazorat boshlanishidan avval uni o‘tkazish tartibi va davom etish vaqti haqida xabardor qilish;
ta’lim oluvchilarning mobil telefonlarini o‘chirishlari va topshirishlarini ta’minlash;
ta’lim oluvchilarga yakuniy nazorat davomida foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni kuzatuvchilarga o‘z ixtiyorlari bilan topshirishlarini taklif etish;
ta’lim oluvchilarni auditoriyada bir-birlaridan ko‘chirishlari uchun imkon bo‘lmaydigan holda joylashtirish;
yakuniy nazorat o‘tkazilayotgan to‘liq vaqt davomida tartibga lozim darajada rioya qilinishini ta’minlash;
zarur bo‘lganda ta’lim oluvchilarga qayd etilgan noaniqliklar, texnik xatolar yoki topshiriqni bajarishga qo‘yiladigan maxsus talablar haqida ma’lumot berish;
yakuniy nazorat o‘tkazish qoidalarini buzgan ta’lim oluvchilarni tegishli dalolatnoma tuzgan holda imtihondan chetlashtirish.
35. Yozma imtihon, qoida tariqasida, 2 soat (120 daqiqa) mobaynida o‘tkaziladi. Imtihon vaqti auditoriya rahbari tomonidan yo‘l-yo‘riq berilgan vaqtdan boshlanadi. Yakuniy nazoratni boshlash va tugatish vaqti auditoriya rahbari tomonidan auditoriya doskasida aks ettirilishi zarur.
36. Imtihon biletlari yozma imtihon o‘tkazilayotgan auditoriyaga O‘quv-uslubiy bo‘limning mas’ul xodimi tomonidan O‘quv-uslubiy bo‘limning shtampi bilan tasdiqlangan javob varaqalari bilan birga yetkaziladi. Auditoriya rahbari imtihon biletlari va javob varaqalarini qayta sanab olishi hamda ta’lim oluvchilarga tarqatishi shart.
Imtihon o‘tkazish vaqtida ta’lim oluvchilarning imtihon biletlaridagi savollarning mazmuni to‘g‘risidagi murojaatlari ko‘rib chiqilmaydi.
37. Yakuniy nazorat yozma ishi ta’lim oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yozilishi shart.
Ta’lim oluvchi uchun yozma ishni boshqa shaxs yozib berish holati aniqlanganda, shuningdek tekshirish vaqtida ikki yoki undan ortiq (ish mazmunining 2/3 dan ortig‘i) o‘xshash yozma ishlar ta’lim oluvchining ko‘chirganligi holatiga asos bo‘ladi hamda ta’lim oluvchilarga nol ball qo‘yiladi.
Shifrlangan ishni baholashning obyektivligiga ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda, shu jumladan so‘zning ustiga yoki tagiga chizish yoxud atrofini chizib qo‘yish, ishda tekshiruvchi shaxs nomiga murojaatning mavjud bo‘lishi, javoblar varag‘ining turli qismlariga (jumladan, ochiq qoldirilgan joylariga) grafik belgilar qo‘yish, ish matnida ta’lim oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismini ko‘rsatish, ishni boshqa shaxsning dastxati bilan yozish holatlari mavjud bo‘lganda, ish uchun nol reyting balli qo‘yilishi mumkin.
Yozma imtihonga ta’lim oluvchi o‘rniga boshqa shaxs kirgan holatlar aniqlanganda, ta’lim oluvchiga nol reyting balli qo‘yilib qoidabuzarlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi.
38. Ta’lim oluvchilarning o‘zlari mustaqil ravishda yozma imtihon topshirish uchun ko‘k rangli sharikli ruchka bilan kelishlari shart. Yozma imtihon o‘tkazish jarayonida ta’lim oluvchilarning auditoriyadan chiqishi, bir-biri bilan gaplashishi, boshqa ta’lim oluvchilarga o‘z imtihon varaqalarini yoki imtihon biletlarini berishi, o‘zi bilan darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, lug‘atlar, ma’lumotnomalar va boshqa adabiyotlar normativ-huquqiy hujjatlar, konspektlar, elektron va qog‘oz shaklidagi shpargalkalar, kalkulyatorlar, aloqa vositalari (jumladan, uyali aloqa vositasi), audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari va h.k.ni olib kirishi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Shaxsiy buyumlar auditoriyadagi alohida stolga qo‘yilishi kerak.
Modulning xususiyatidan kelib chiqib, tegishli kafedra tomonidan yakuniy nazorat o‘tkazishda kalkulyatordan foydalanishga nisbatan istisnolar belgilanishi mumkin.
Ushbu Nizom 37-bandining to‘rtinchi xatboshisi va mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan talablarni buzgan ta’lim oluvchilar auditoriyadan chetlashtiriladi va mazkur Nizomning 5-ilovasida keltirilgan shaklga asosan dalolatnoma tuziladi hamda ta’lim oluvchilarning yakuniy nazorat ishi bekor qilinib, unga nol reyting balli qo‘yiladi.
39. Yozma imtihon uchun ajratilgan vaqt tugaganidan so‘ng, ta’lim oluvchi o‘z imtihon bileti va javob varaqasini auditoriya rahbariga topshirishga majburdir. Yozma imtihon mobaynida yozilgan yozma ish javob varaqlari soni auditoriya rahbari tomonidan qayta sanaladi va imtihonda qatnashgan ta’lim oluvchilar ro‘yxati hamda auditoriyadan chetlashtirish to‘g‘risidagi dalolatnomalar bilan birgalikda O‘quv-uslubiy bo‘limning mas’ul xodimiga imzo qo‘ydirib topshiriladi.
40. Yozma ishlar tekshirilishi ushbu Nizomning 6-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
6-bob. Nazoratning obyektivligini ta’minlash
41. Oraliq va yakuniy nazorat o‘tkazishda baholarning xolisligini ta’minlash maqsadida ta’lim oluvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning yozma ishlariga O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan identifikatsiya kodlari berish yo‘li bilan shifrlanadi.
42. Oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlari (bundan buyon matnda yozma ishlar deb yuritiladi) O‘quv-uslubiy bo‘limga topshirilgan kundan boshlab besh kun ichida O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan shifrlanadi.
43. Shifrlash ishlari tugagandan keyingi kundan kechiktirmagan holda O‘quv-uslubiy bo‘limning mas’ul xodimi mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan shaklga asosan qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzadi va shifrlangan yozma ishlarni tekshirishga mas’ul pedagog xodimlarga topshiradi.
Yozma ishlarni tekshirishga mas’ul bo‘lgan pedagog xodimlar direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari taqdimiga binoan direktor tomonidan tayinlanadi.
Yakuniy nazorat yozma ishlarini tekshirish pedagog xodimlar tomonidan Filial binosining ichki qismida maxsus ajratilgan hududda amalga oshiriladi. Yozma ishni maxsus ajratilgan hudud tashqarisiga olib chiqish taqiqlanadi. Maxsus ajratilgan hududda yozma ishlarni tekshirish jarayonida pedagog xodimlar faoliyatini texnik jihatdan ta’minlash maqsadida O‘quv-uslubiy bo‘lim xodimi ishtirok etishi shart. Maxsus ajratilgan hudud ichkarisiga direktor, direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tegishli kafedra mudiri hamda O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘idan tashqari uchinchi shaxslarning kirishi man qilinadi.
Tekshirish yakunlangan kuni yozma ishlar mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida O‘quv-uslubiy bo‘limga qaytariladi. Tekshirish natijalari ta’lim oluvchilar reytingini aniqlash elektron tizimiga kiritilishi, shuningdek tekshirishni amalga oshirgan pedagog xodim tomonidan tasdiqlangan, topshirish reyting qaydnomasi shaklida rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.
O‘quv-uslubiy bo‘limdan yozma ishlarni tekshirish uchun olgan vaqtdan boshlab, ularni qaytarish vaqtigacha (qabul qilish-topshirish dalolatnomasini imzolash) ishlarni tekshirish uchun mas’ul bo‘lgan pedagog xodimlar yozma ishlar saqlanishiga to‘liq javobgar hisoblanadi. Tekshirilgan yozma ishlar O‘quv-uslubiy bo‘limga qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan muddatdan kechikmagan holda qaytarilishi shart.
Yozma ishlarni tekshirish muddatlari O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan belgilanadi va qabul qilish-topshirish dalolatnomasida o‘z aksini topadi.
44. Yozma ishlarni tekshirish muddatlarini buzgan pedagog xodimlarga nisbatan O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘ining bildirgisiga asosan intizomiy jazo choralari qo‘llanishi mumkin.
45. Yozma ishlarning reyting balli mazkur Nizomning 2 va 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq tuzilgan titul varaqasiga reyting ballini asoslantiruvchi qisqacha taqriz bilan qo‘yiladi.
46. Joriy nazorat reyting qaydnomasi, oraliq va yakuniy nazorat topshirish reyting qaydnomalari O‘quv-uslubiy bo‘limga belgilangan muddatlarda taqdim qilinishi kerak.
47. Kafedraning yozma ishlarni tekshirishda ishtirok etgan pedagog xodimlari o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida ta’lim oluvchilar uchun yozma ishlarda ko‘p uchragan xatolar yuzasidan ma’lumot beradilar.
48. Oraliq va yakuniy nazoratni topshirish reyting qaydnomasi ta’lim oluvchining shaxsini aniqlab bo‘lmaydigan tarzda (familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilmagan holda) tuziladi, faqat ta’lim oluvchiga tegishli bo‘lgan identifikatsion kod ko‘rsatilib rasmiylashtiriladi.
Oraliq va yakuniy nazoratni topshirish reyting qaydnomasi asosida O‘quv-uslubiy bo‘lim mas’ul xodimlari tomonidan ta’lim oluvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilinadi hamda oraliq va yakuniy nazorat natijalarining yakuni aks etgan ta’lim oluvchilar ro‘yxati tuziladi. Ta’lim oluvchilar ro‘yxati bo‘lim mas’ul xodimining taqdimiga ko‘ra O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi va oraliq hamda yakuniy nazorat natijalari ikki kun muddat ichida ta’lim oluvchilar e’tiboriga yetkaziladi.
49. Ta’lim oluvchilarning joriy nazorat reyting qaydnomalari, oraliq va yakuniy nazorat topshirish reyting qaydnomasi ta’lim oluvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilingan holda O‘quv-uslubiy bo‘lim mas’ul xodimlari jamlovchi reyting qaydnomasini tuzadi va u O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i hamda mas’ul xodimi tomonidan imzolanadi va direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Yozma ish natijalari oraliq va yakuniy nazorat topshirish reyting qaydnomalarida noto‘g‘ri qayd qilingan hollar aniqlanganda, O‘quv-uslubiy bo‘limga yozma ishlarni tekshirish va topshirishga mas’ul bo‘lgan pedagog xodim javobgar bo‘ladi.
Agar yozma ish natijasi jamlovchi reyting qaydnomasida noto‘g‘ri aks ettirilgan bo‘lsa, O‘quv-uslubiy bo‘limning jamlovchi reyting qaydnomasini tuzishga mas’ul bo‘lgan xodimi, shuningdek O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i javobgar bo‘ladi.
Oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlari reyting qaydnomalarida to‘g‘ri aks etishini monitoring qilish uchun Filial O‘quv-uslubiy kengashi o‘z qarori bilan topshirish va jamlovchi reyting qaydnomalarini ularda ko‘rsatilgan ballarning yozma ishlar titul varag‘ida qo‘yilgan haqiqiy ballarga mos kelishini qayta tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Joriy nazorat reyting qaydnomasining, oraliq va yakuniy nazorat topshirish reyting qaydnomalarining hamda yakuniy jamlovchi reyting qaydnomalarining shakllari Filial O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan tasdiqlangan namuna bo‘yicha tuziladi.
50. Yozma ishlarni baholashning xolisligini ta’minlash maqsadida O‘quv-uslubiy bo‘lim yozma ishlarning tasodifiy tanlangan holda qayta tekshirilishini tashkil qiladi. Bu maqsadda ushbu huquq sohasiga yoki fanga aloqador bo‘lgan Filial pedagog xodimlari jalb qilinadi va ular baholash mezonlari asosida ta’lim oluvchilarga qo‘yilgan oraliq va yakuniy nazoratlar reyting ballarining xolisligini aniqlaydi.
Pedagog xodim tomonidan qo‘yilgan va tasodifiy tanlangan holda qayta tekshirilgan ishlar ballari orasida sezilarli darajada tafovut aniqlangan holda, tegishli kafedra tomonidan topshirilgan ishlarning ma’lum bir qismi yoki barchasi direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari qaroriga asosan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Ballar orasidagi tafovutni sezilarli darajada deb hisoblash mezonlari Filial O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan belgilanadi. Ishlarni qayta ko‘rib chiqish mazkur kafedra pedagog xodimlari tomonidan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida olingan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida amalga oshiriladi va qayta ko‘rib chiqish natijalari kafedra mudiri imzosi bilan tasdiqlanadi.
Baholash jarayonida noxolislik va subyektivlikka yo‘l qo‘ygan pedagog xodimlarga nisbatan direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari taqdimnomasiga ko‘ra intizomiy jazo choralari qo‘llanishi mumkin.
51. O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i oraliq va yakuniy nazorat natijasi bo‘yicha topshirish reyting qaydnomalarini ko‘rib chiqib ko‘p miqdorda past o‘zlashtirish reyting balli ishlarni aniqlasa, bu haqda direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarini xabardor qiladi. Direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari direktor buyrug‘i asosida tashkil etiladigan ekspertlar guruhi tomonidan yozma ishlarni qayta tekshirtirish huquqiga ega.
Ekspertlar guruhi ishiga rahbarlikni, qoida tariqasida, direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari amalga oshiradi. Ekspertlar sifatida boshqa oliy ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari va amaliyot vakillari (kelishuv asosida) ishtirok etishi mumkin. Ekspertlarning shaxsi oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspertlarning asosiy vazifasi yozma ishlarni tasdiqlangan baholash mezonlari asosida qayta tekshirib, qo‘yilgan ballarning muvofiq yoki nomuvofiq ekanligini aniqlash hisoblanadi.
Qayta tekshirish natijalariga ko‘ra ekspertlar guruhi o‘zining ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan imzolangan va direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim qiladi va bu tegishli ballarni o‘zgartirish uchun asos hisoblanadi. Xulosa O‘quv-uslubiy bo‘limga jamlovchi reyting qaydnomani tayyorlash uchun taqdim etiladi.
Ekspertlar guruhining xulosasi rasmiylashtirilgunga qadar oraliq va yakuniy nazorat natijalari yakuniy emas, deb hisoblanadi va ta’lim oluvchilarga e’lon qilinishi mumkin emas. Xulosa rasmiylashtirilgunga qadar natijalar maxfiyligi uchun O‘quv-uslubiy bo‘lim mas’ul xodimi javobgar hisoblanadi. O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i xodimlarining lavozim majburiyatlarini bajarishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni ta’minlashga mas’uldir.
Mas’ul xodim oraliq va yakuniy nazorat natijalarining maxfiyligi buzilishi yuzasidan barcha holatlar to‘g‘risida O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘iga darhol xabar berishi kerak.
52. O‘quv-uslubiy bo‘lim tekshirilgan yozma ishlar bilan tanishish uchun ta’lim oluvchilarga imkon yaratib beradi. Tanishish imkoniyatini olish uchun talabalar natijalar e’lon qilingan kundan ikki kun (tinglovchilar esa bir kun) davomida O‘quv-uslubiy bo‘lim jurnalida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Jurnalda ta’lim oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, o‘qish kursi, modul nomi hamda nazorat turi qayd etilishi lozim. Keyingi ikki kun (qayta tayyorlash kursi uchun bir kun) davomida O‘quv-uslubiy bo‘lim barcha ta’lim oluvchilarning murojaatlarini umumlashtiradi va ularga tekshirilgan yozma ish bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Ta’lim oluvchi qo‘yilgan balldan norozi bo‘lsa, o‘z ishi bilan tanishgandan so‘ng, bir kun davomida (joriy nazorat natijasidan norozi bo‘lganda — joriy nazorat natijalaridan xabardor bo‘lgan vaqtdan boshlab bir kun davomida) O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i nomiga apellatsiya shikoyatini berishi mumkin. Mazkur holatda O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i bildirgisiga asosan direktor buyrug‘i bilan kamida 5 kishidan iborat apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ta’lim oluvchining arizasi apellatsiya komissiyasida ta’lim oluvchining (faqat joriy nazorat natijalari ko‘rib chiqiladigan holatlarda), zarurat bo‘lganda, ushbu nazorat turi bo‘yicha ball qo‘ygan pedagog xodimning ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Arizani ko‘rib chiqishda apellatsiya komissiyasi nazorat ishlarini har tomonlama o‘rganadi (joriy nazorat natijalarini ko‘rib chiqishda — savol-javob qiladi).
Ta’lim oluvchining arizasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha apellatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qo‘yilgan ballarni o‘zgarishsiz qoldiradi;
qo‘yilgan ballarni o‘zgartiradi.
Ta’lim oluvchining apellatsiya shikoyatini ko‘rishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
53. Tekshirilgan yozma ishlar O‘quv-uslubiy bo‘limda olti oy mobaynida saqlanadi. Muddati o‘tgan ishlar yo‘q qilinadi.
7-bob. Baholash tartibi va mezonlari
54. Ta’lim oluvchining har bir modul bo‘yicha o‘zlashtirish darajasi ta’lim oluvchilarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholashning reyting tizimi asosida ballarda aks ettiriladi.
55. Ta’lim oluvchining semestr (qayta tayyorlash kursi) mobaynidagi har bir modul bo‘yicha o‘zlashtirishi 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi.
100 ball nazorat turlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:
joriy nazorat — 30 ball;
oraliq nazorat — 20 ball;
yakuniy nazorat — 50 ball.
Ayrim qo‘shimcha fanlar 100 ballik tizimda baholanadi va bu holat Filialning O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan alohida belgilanadi.
Qayta tayyorlash kursining nazorat turlari va ularga ajratilgan ballar taqsimoti O‘quv-uslubiy kengash qarori bilan o‘zgartirilishi mumkin.
56. Ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimida alohida baholanadigan talabaning kurs ishi (loyiha, jadval-hisoblash ishi), amaliyot (stajirovka), yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv loyiha ishi, shuningdek qayta tayyorlash kursi tinglovchisining bitiruv ishi 100 ballik tizimda baholanadi.
57. Har bir nazorat turi unga ajratilgan maksimal ballning 100 foizidan kelib chiqqan holda baholanadi.
Ta’lim oluvchining modul bo‘yicha o‘zlashtirishini baholashda quyidagi namunaviy mezonlardan (bundan buyon matnda namunaviy mezonlar deb yuritiladi) kelib chiqish tavsiya etiladi:
a) 86 — 100 foiz olish uchun ta’lim oluvchi:
o‘quv dasturining barcha bo‘limlari bo‘yicha tizimli, to‘la va chuqur bilimga ega bo‘lishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, o‘z o‘rnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan to‘g‘ri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
muammoli savollarni aniqlashi, o‘z huquqiy pozitsiyasini ilmiy-amaliy tilda asoslab bera olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi va uni qisqa vaqt ichida ilmiy va amaliy masalalarni yechishda samarali qo‘llay olishi;
nostandart vaziyatlarda muammolarni mustaqil va ijodiy hal qila olish qobiliyatini ko‘rsata olishi;
amaliy masalalarni qisqa, asoslangan va ratsional ravishda hal etishi;
modul o‘quv dasturida tavsiya etilgan asosiy va qo‘shimcha adabiyotlarni to‘liq va chuqur o‘zlashtirishi;
o‘rganilayotgan modul bo‘yicha nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar mohiyatini anglash, ularga tanqidiy baho berish va boshqa modullar ilmiy yutuqlarini qo‘llay olishi;
seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida butun semestr mobaynida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol bo‘lishi, vazifalarni bajarishda yuqori madaniyat darajasiga ega bo‘lishi lozim;
b) 71 — 85 foiz olish uchun ta’lim oluvchi:
o‘quv dasturining barcha bo‘limlari bo‘yicha tizimli, to‘la va chuqur bilimga ega bo‘lishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, o‘z o‘rnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan to‘g‘ri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
o‘z fikrini isbotlashda yoki boshqa nazariy materialni bayon qilishda yuzaga kelgan noaniqliklarni mustaqil bartaraf eta olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi, qisqa vaqt ichida ilmiy va kasbiy vazifalarni qo‘yish hamda hal qilishda undan unumli foydalanishi;
standart vaziyatlarda muammolarni o‘quv dasturi doirasida mustaqil hal qila olishi;
amaliy mashg‘ulotlarda normativ-huquqiy hujjatlarni yaxshi bilishini namoyish qilishi, ushbu bilimlarni yangi vaziyatlarda to‘g‘ri (lekin doim ham ratsional emas) qo‘llay olishi, bajarilgan ish natijalarini yetarli darajada rasmiylashtira olmaganligi;
modul o‘quv dasturida tavsiya qilingan asosiy adabiyotlarni o‘zlashtirishi;
o‘rganilayotgan modul bo‘yicha nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar mohiyatini anglay olishi va ularga tanqidiy baho berishi;
seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida butun semestr mobaynida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol bo‘lishi, vazifalarni bajarishda yuqori madaniyat darajasiga ega bo‘lishi lozim;
v) 55 — 70 foiz olish uchun ta’lim oluvchi:
davlat ta’lim standartlari doirasida yetarli bilim hajmiga ega bo‘lishi;
ilmiy terminologiyani ishlatishi, savollarga javoblarni to‘g‘ri bayon qilishi, lekin bunda ayrim xatolarga yo‘l qo‘yishi;
javob berishga yoki ayrim maxsus ko‘nikmalarni namoyish qilishda qiynalganda, modul va normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha asosiy tushunchaga ega ekanligini namoyish etishi;
modulining umumiy tushunchalari bo‘yicha qisman bilimga ega bo‘lishi va uni standart (namunaviy) vaziyatlarni hal etishda qo‘llay olishi;
pedagog xodim yordami bilan standart vaziyatlarni hal eta olishi;
o‘qilayotgan modul bo‘yicha asosiy nazariyalar, konsepsiyalar va yo‘nalishlar mohiyatini anglashi, ularga baho bera olishi;
seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida pedagog xodim rahbarligida qatnashishi, vazifalarni bajarishda yetarli madaniyat darajasiga ega bo‘lishi lozim;
g) ta’lim oluvchining bilim darajasi 0 — 54 gacha baholanadi, agar:
davlat ta’lim standartlari doirasida faqat ayrim fragmentar bilimlarga ega bo‘lsa;
ilmiy terminlarni ishlata olmasa yoki javob berishda jiddiy mantiqiy xatolarga yo‘l qo‘ysa;
seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida passiv qatnashib, vazifalar bajarish madaniyatining past darajasiga ega bo‘lsa;
amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa, o‘z xatolarini hatto pedagog xodim tavsiyalari yordamida ham to‘g‘rilay olmasa.
58. Modul bo‘yicha joriy nazoratni baholash mezonlari kafedra tomonidan namunaviy baholash mezonlari asosida tuziladi, kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi hamda ta’lim oluvchilarga e’lon qilinadi.c
59. Modullar bo‘yicha oraliq va yakuniy nazoratni baholash mezonlari namunaviy baholash mezonlari asosida ishlab chiqiladi va Filial O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
60. Modullar bo‘yicha semestr (qayta tayyorlash kursi) uchun ta’lim oluvchi reytingi quyidagicha aniqlanadi:
Rf=
V x O1
, bunda:
100
Rf — ta’lim oluvchining reytingi;
V — semestr (qayta tayyorlash kursi)da modul uchun ajratilgan umumiy yuklama (soatlarda);
O1 — modul bo‘yicha o‘zlashtirish darajasi (ballarda).
61. Ta’lim oluvchi semestr (qayta tayyorlash kursi) mobaynida modul bo‘yicha olgan umumiy balli belgilangan tartibda ta’lim oluvchi tomonidan har bir nazorat turi bo‘yicha olingan umumiy ballar yig‘indisiga teng.
8-bob. Nazorat va qayta topshirishlarni o‘tkazish muddatlari
62. Joriy nazorat jadvallari modul rahbari tomonidan tuziladi, kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi hamda tegishli semestr (qayta tayyorlash kursi) boshlanishidan oldin O‘quv-uslubiy bo‘limga taqdim qilinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat jadvallari o‘quv reja asosida O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan tuziladi va direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Ta’lim oluvchi belgilangan tartibda ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimi vositasida va Filial binolarining ko‘rinadigan joylarida joylashtirilgan e’lonlardan joriy, oraliq va yakuniy nazorat ish natijalarini mustaqil ravishda bilib borishga majburdir.
63. Agar o‘quv rejasiga ko‘ra kurs ishi bajarish va (yoki) amaliyot (stajirovka) o‘tash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, unda talabaning keyingi kursga o‘tish (qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tugatish) sharti sifatida joriy, oraliq va yakuniy nazoratlardan qarzdorlikning yo‘qligi bilan bir qatorda, kurs ishi va amaliyot (stajirovka)dan, shuningdek qayta tayyorlash kursi tinglovchisi esa bitiruv ishi himoyasidan saralash ballini olishi hisoblanadi. Kurs ishlarini topshirish jadvali kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabalarning amaliyot (stajirovka) bo‘yicha imtihonini tashkil qilish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Amaliyot (stajirovka)ni o‘tash nazariy bilimlar bilan navbatlanish yo‘li orqali amalga oshirilganida uning natijalari Filial O‘quv-uslubiy kengashi qaroriga asosan joriy nazorat doirasida baholanishi mumkin.
(63-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
64. Blokli joriy nazorat bo‘yicha o‘tish ballini to‘play olmagan yoki uzrli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan ta’lim oluvchilarga keyingi blokli joriy nazorat o‘tkazilgunga qadar topshirish uchun muddat beriladi, oxirgi blokli joriy nazorat uchun esa yakuniy nazorat boshlanishiga qadar topshirish huquqi beriladi. Qayta topshirishning aniq muddatlari tegishli kafedra tomonidan belgilanadi.
Pedagog xodimlar yakuniy nazorat davri boshlangunga qadar joriy nazorat natijalarini O‘quv-uslubiy bo‘limga topshirishi va ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimiga kiritishi shart. Yakuniy nazorat davri boshlangandan so‘ng, ta’lim oluvchining joriy nazorat bo‘yicha reyting ballini o‘zgartirishga faqat direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
O‘quv mashg‘ulotlarida hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablar tufayli (kasalligi, yo‘l-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, nikoh tuzish, farzand tug‘ilishi) ishtirok etmagan va shu sababli oraliq nazorat yoki yakuniy nazoratni belgilangan muddatda topshirmagan talabalarga qayta o‘zlashtirish uchun akademik qarzdorlar uchun beriladigan bir oylik muddatda (tinglovchilarga esa bitiruv ishi himoyasiga qadar) oraliq yoki yakuniy nazoratni topshirishga direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan ruxsat beriladi. Bunda ta’lim oluvchilarning yozma ishi ushbu Nizom 65-bandining to‘qqizinchi xatboshisida akademik qarzdorlar uchun belgilangan cheklovlarni hisobga olmagan holda baholanadi.
65. Ta’lim oluvchi quyidagi holatlarda akademik qarzdor hisoblanadi:
agar ta’lim oluvchining semestr (qayta tayyorlash kursi)da joriy va oraliq nazorat turlari bo‘yicha to‘plagan ballari har ikkala nazorat turini majburiy topshirilishini hisobga olgan holda ushbu nazorat turlari umumiy ballining 55 foizidan kam bo‘lsa;
yakuniy nazorat bo‘yicha ta’lim oluvchi to‘plagan balli ushbu nazorat turi umumiy ballining 55 foizidan kam bo‘lsa.
Akademik qarzdor talabalarga semestr tugaganidan keyin (bahorgi semestr natijalari bo‘yicha esa, talabalarning yozgi ta’tili hamda professor-o‘qituvchilarning mehnat ta’tilidan so‘ng) qayta o‘zlashtirish, ya’ni tegishli nazorat turini qayta topshirish orqali akademik qarzdorlikni bartaraf qilish uchun bir oy muddat beriladi. Akademik qarzdor uchun qayta topshirishning aniq muddatlari O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan belgilanadi.
Akademik qarzdor talaba mazkur bandning ikkinchi xatboshisiga muvofiq to‘plagan ballaridan kelib chiqib nazoratning bir yoki ikkala turini qayta topshirishi talab qilinadi. Topshirilishi kerak bo‘lgan nazorat turlari O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan talabaning reyting o‘zlashtirish ko‘rsatkichi natijalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi va barcha modullar bo‘yicha yakuniy nazorat boshlanishiga qadar e’lon qilinadi.
Joriy nazoratni qayta topshirish kafedra tomonidan tashkil qilinishi shart. Qayta topshirishni qabul qilish uchun kafedra tomonidan kafedra mudiri rahbarligida komissiya tuziladi. Komissiya tarkibiga O‘quv-uslubiy bo‘lim xodimi kiritilishi mumkin.
Qayta topshirish natijalari alohida qaydnoma tarzida talabalarga qayta o‘zlashtirish uchun beriladigan bir oylik muddatda O‘quv-uslubiy bo‘limga topshirilishi shart.
Oraliq va yakuniy nazoratni o‘tish reyting ballini ko‘tarish maqsadida qayta topshirishga, qoida tariqasida, ruxsat berilmaydi.
Akademik qarzdor ta’lim oluvchiga qayta topshirishda oraliq va yakuniy nazorat uchun ajratilgan maksimal ballning 55 foizidan ortiq ball qo‘yilishi mumkin emas.
Ta’lim oluvchini joriy va oraliq nazoratlarga ajratilgan umumiy ballning 55 foizidan kam ballni olishi uni yakuniy nazoratga kiritmaslik uchun asos bo‘lmaydi.
Qayta tayyorlash kursida tahsil olayotgan tinglovchilarga nazorat turlaridan akademik qarzdorlikni bartaraf etish uchun bitiruv ishi himoyasiga qadar bir marotaba qayta topshirish imkoniyati beriladi.
66. Qayta o‘zlashtirish uchun berilgan bir oylik muddatda akademik qarzdorlikni bartaraf etmagan talabalar, o‘quv fanlari bo‘yicha kelgusi semestrning yakuniy nazorat davri boshlangunga qadar tegishli fanlar bo‘yicha akademik qarzdorlikni qayta topshirish sharti bilan keyingi kurs (semestr)ga o‘tkaziladi. Ushbu qoida bakalavriat bosqichida nazariy o‘qishning oxirgi semestrida o‘tiladigan o‘quv fanlariga tatbiq etilmaydi.
Keyingi semestrda o‘qishni davom ettirgan hollarda akademik qarzdorlik talaba tomonidan ushbu reyting nazorati turi uchun belgilangan shaklda bir marotaba qayta topshiriladi. Bunda joriy nazorat bo‘yicha qayta topshirish direktor buyrug‘i asosida tashkil qilinadigan va qoida tariqasida, direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari rahbarlik qiladigan komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Keyingi semestrda o‘qish davom ettirilgan hollarda akademik qarzdorlikni qayta topshirishning aniq muddati direktor tomonidan belgilanadi.
Modulni mazkur bandda belgilangan muddatda o‘zlashtirmagan va akademik qarzdorlikni bartaraf etmagan talaba O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘ining tavsiyasiga ko‘ra direktor buyrug‘i bilan o‘zlashtira olmagan (kreditlar to‘planmagan) modullarni takroran o‘qitish uchun tegishli kursda qoldiriladi. Bu holatda boshqa modullar bo‘yicha to‘plangan ballar (kreditlar) saqlanib qolinadi va bunda talaba ushbu modullar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi mumkin.,
Qayta tayyorlash kursida tahsil olayotgan tinglovchi nazorat turlaridan akademik qarzdorlikni bir marotaba berilgan imkoniyatdan foydalanib bartaraf etmaganda tinglovchilar safidan chetlashtiriladi.
67. Ushbu Nizomning 66-bandida belgilangan tartibda kelgusi semestrda o‘qishni davom ettirayotgan talabalarga stipendiya ular tomonidan akademik qarzdorlik bartaraf etilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
68. Ushbu Nizomning 66-bandida belgilangan tartibda kelgusi semestrda o‘qishni davom ettirayotgan talaba o‘qishning tegishli kursida qoldirilganda, u akademik qarzdorlik vujudga kelgan kursda qoldirilgan deb hisoblanadi. Ushbu talaba qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda talabalar safidan chetlashtirilganda, talabalar safidan chetlashtirish asosidan qat’i nazar, akademik qarzdorlik paydo bo‘lgan kursidan chetlashtirilgan deb hisoblanadi.
(68-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Akademik qarzdorlik tufayli tegishli kursda qoldirilgan talaba akademik qarzdorlik vujudga kelgan semestrdan o‘zlashtira olmagan modullarni takroran o‘qiydi.
9-bob. Reyting natijalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va tahlil qilish
69. Ta’lim oluvchining modul bo‘yicha to‘plagan ballari semestr (qayta tayyorlash kursi) yakunida jamlovchi reyting qaydnomasiga butun son ko‘rinishida kiritiladi. Modulni o‘qitayotgan pedagog xodimlar ta’lim oluvchilar reytingini hisobga olish elektron tizimining tegishli bo‘limini to‘ldiradi.
Pedagog xodim tomonidan oraliq va yakuniy nazorat yozma ishining titul varag‘i ustida ball qo‘yilishi shart. Ball aniq ifodalangan shaklda pedagog xodimning imzosi bilan tasdiqlangan holda qo‘yilishi kerak.
Har qanday tuzatishlar kafedra mudirining imzosi bilan tasdiqlanishi shart.
70. Yakuniy nazorat natijalari bo‘yicha O‘quv-uslubiy bo‘lim joriy nazorat reyting qaydnomasi, oraliq va yakuniy nazorat topshirish qaydnomalariga asosan ta’lim oluvchilar reytingini aniqlaydi hamda jamlovchi reyting qaydnomasini tuzadi.
71. Ta’lim oluvchining reytingi uning bilimi, malakasi va ko‘nikmalari darajasini belgilab beradi. Ta’lim oluvchining semestr (kurs, qayta tayyorlash kursi) bo‘yicha umumiy reytingi barcha modullar bo‘yicha to‘plagan reyting ballarini qo‘shish yo‘li bilan aniqlanadi.
72. Talabalarning umumiy reytingi, shuningdek modullar bo‘yicha to‘plangan kreditlar soni har bir semestr va o‘quv yili yakunidan so‘ng, tinglovchilarning umumiy reytingi esa qayta tayyorlash kursi yakunida e’lon qilinadi.
73. Agar modul bir necha semestr davomida o‘tilgan bo‘lsa, O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan talaba diplomining ilovasi yoki akademik ma’lumotnoma tuzilayotgan vaqtda reytinglar yig‘indisi va to‘plangan kreditlar soni hisobga olinadi.
Talabaga imtiyozli diplom belgilash vaqtida uning modullar bo‘yicha o‘zlashtirishi har bir semestr natijasiga ko‘ra hisobga olinadi.
74. Ta’lim oluvchilarning nazorat turlari bo‘yicha erishgan natijalari O‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan tizimli ravishda tahlil qilinadi va Filial O‘quv-uslubiy kengashida muhokama qilish uchun kiritiladi.
75. Joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlarining natijalari Filial Kengashida muntazam ravishda muhokama qilinadi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
76. O‘quv yilining yakuni bo‘yicha reyting nazorati natijalariga ko‘ra talabalarni belgilangan tartibda keyingi kursga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
10-bob. Yakuniy qoida
77. Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universiteti bilan kelishilgan.
Adliya vaziri o‘rinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E. KANYaZOV
2019-yil 27-iyun
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida ta’lim oluvchilarning bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA