10. Prezident SH.Mirziyoyevning “beshta tashabbusi” va bu borada mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar.
Jamiyat taraqqiyotida, yurt, millat taqdirida o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamolligi, intellektual salohiyati muhim o‘rin tutadi. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha muhim hujjatlar qabul qilindi, amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi, muayyan natijalarga erishildi. Shunday bo‘lsa ham, bu borada bajariladigan ishlar hamisha keng ko‘lamli bo‘lib, o‘z dolzarbligini saqlab qolaveradi. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz rahbarligida 2019-yil 19-martda “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi va sohalarga taalluqli 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bular quyidagilar:
Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr, va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish bo‘yicha.
Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish masalalari bo‘yicha.
Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalalari bo‘yicha.
To‘rtinchi tashabbus aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha.
Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ishlarini tizimli tashkil etish masalalari bo‘yicha.
Bu borada:
birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish doirasida yurtimizdagi mavjud 800 dan ortiq Madaniyat markazlarida 4522 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 1762 ta musiqa jihozi yetkazib berilgan. Umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan 36503 ta toʻgarakka 1098910 nafar oʻgʻil-qiz qamrab olingan.
Ikkinchi tashabbus — yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish doirasida umumtaʼlim maktablarida 7064 sport toʻgaragi tashkil etilgan. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan 7151 toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilib, mazkur yoʻnalishga jami 24,8 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar orasida kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishni tashkil etish doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 52 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari ochilgan. Umumtaʼlim maktablaridagi kompyuter sinfxonalari soni 14940 ta. Axborot texnologiyalari yoʻnalishida tashkil etilgan 14972 ta toʻgarakka 510340 nafar oʻquvchi qamrab olingan. 10150 maktab optik tolali aloqa liniyalari yetkazilgan.
Toʻrtinchi tashabbus — aholi, ayniqsa, yoshlar madaniyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish masalasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 201 ta axborot-kutubxona markazidagi jami kitoblar soni 16319587 tadan iborat boʻlib, shundan 8468593 tasini badiiy adabiyotlar tashkil qiladi. Ushbu axborot-kutubxonalar aʼzolari soni 1196233 nafardan iborat. 2020-yilda kutubxonalarga 150724 ta kitob yetkazib berilgan.
Beshinchi tashabbus — xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash doirasida ham eʼtiborga loyiq chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Bugungi kunda yurtimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar soni 3596406 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilda ish bilan taʼminlangan yosh xotin-qizlar soni 76198, kasb-hunarga oʻqitilganlar soni 15935 nafarni tashkil qiladi. Mazkur maqsadlar uchun sarf qilingan jami mablagʻlar 76,2 mlrd. soʻmdan iborat. Yana 30451 nafar xotin-qiz kasb-hunarga oʻqitilishi belgilangan.
Shuningdek, Prezidentimizning “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish, har bir tuman (shahar)da turli sport tanlovlarini tashkil etish, barcha davlat organlari va tashkilotlarida rahbar va xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari bilan shugʻullanishi taʼminlash, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarga ham sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratish belgilab berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |