Muammoli dars. Bunday darslarda ko‘zlangan maqsad o‘quv jarayonini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari ta’lim oluvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish, mustaqilligini rivojlantirish, o‘qitishning eng samarali shakl va metodlaridan foydalanishdir.
Muammoli vaziyatlar yaratish, ularni hal qilish yo‘llarini izlash va aniqlash, muammoni hal qilish jarayonining o‘zi, chiqarilgan xulosalarning qanchalik to‘g‘ri ekanligini amalda tekshirib ko‘rish o‘quv jarayonining muhim elementlari bo‘lib qolmoqda.
Muammoli vaziyat hosil qilish ta’lim oluvchilar faol aqliy faoliyatining zarur shartidir. Ta’lim oluvchi oldiga muayn vazifa qo‘yilgan, bu vazifa unda qiziqish uyg‘otadi va u bu vazifani hal qilishga urinadi, ammo o‘z bilimlari hamda tajribasining etarli darajada to‘la va chuqur emasligini payqaydi, ya’ni muayyan qiyinchilikka duch keladi. Ta’lim oluvchida hosil bo‘lgan vaziyatdan chiqish yo‘lini topishdek ichki ehtiyoj paydo bo‘ladi, qiyinchilikni his etish paydo bo‘lgan shroitni tahlil qilishga va qo‘yilgan masalani echish yo‘llarini izlashga undaydi. SHunday qilib, bilish lozim bo‘lgan va amaliy vazifalar bilan ta’lim oluvchilarning bilimlari darajasi orasida ziddiyat hosil bo‘ladi, bu ziddiyat yuzaga kelgan qiyinchilikni bartaraf etishga qaratilgan intensiv fikrlash faoliyatini uyg‘otadi.
Muammoli vaziyatni hal etish asosida tashkil qilingan o‘quv jarayoni pedagogikada muammoli o‘qitish deb ataladi. Muammoli o‘qitish vaqtida hamma vaqt masala (muammo) qo‘yiladi va hal qilinadi. Bu muammo savol, topshiriq, masala tarzida beriladi.
Muammoli vaziyatlar yaratishda pedagogika fani ishlab chiqqan hamda amalda tekshirib ko‘rilgan quyidagi qoidalarga amal qilishi zarur:
Muammoli vaziyat yaratish shunday amaliy yoki nazariy vazifani nazarda tutadiki, bu vazifani bajarishda ta’lim oluvchi o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan yangi bilimlar yoki harakatlarni “kashf etishi” lozim.
Masala quyidagi shakllarda berilishi mumkin: savol shaklida, bunda ma’lumotlar so‘roq gapga kiritilgan bo‘ladi; bunda savolniig ta’rifi, uning mohiyati vazifani bajarishda ta’lim oluvchida paydo bo‘ladigan real savolga mos kelishi kerak; topshirik shaklida, bunday masalada xulosa chiqarish, nimanidir tushuntirish, asoslash taklif etiladi.
Masala hamisha ta’lim oluvchining bilim va uquvlariga asoslanishi lozim. Ular savol yoki vazifaning mohiyatini, tub maqsadni va echish yo‘llarini tushunish uchun etarli bo‘lishi kerak.
Ta’lim oluvchiga taklif etiladigan muammoli vazifa ta’lim oluvchining intellektual imkoniyatlariga mos kelishi zarur. Vazifaning qiyinlik darajasi ikkita asosiy ko‘rsatkich: o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan o‘quv materialining yangilik darajasi va uning umumlashtirilganlik darajasi bilan baholanadi.
Odatda, muammoli vazifa o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan o‘quv materialidan oldin berilishi darkor. Ammo ta’lim oluvchilarda muammoli vazifani hal qilish uchun etarli darajada bilim va uquvlar bo‘lmasa, ularga zarur ma’lumotlarni bayon etish yoki ularni muayyan harakatlarga o‘rgatish lozim. Bunday hollarda o‘qituvchi jarayonlarniig xususiyatlari, aniq ma’lumotlar va shu kabilarni aytib beradi, ta’lim oluvchilar esa ana shu ma’lumotlar asosida, o‘rganiladigan harakatlarning umumiy qonuniyatlarini, bajarish usullari hamda shartlarini ijodiy o‘zlashtiradilar.
Ta’lim oluvchilarning muammoli masalalar echish yo‘li bilan yangi bilimlarni o‘zlashtirish jarayoniga o‘qituvchi doimo bevosita rahbarlik qilishi kerak. O‘qituvchi muammoli vaziyat yuzaga keltiradi, masalani ta’riflaydi, shundan keyin yordamchi savollar berish, aniqliklar kiritish, ba’zi narsalarni aytib berish yo‘li bilan ta’lim oluvchilarga talab etiladigan qonuniyatni mustaqil tushunish hamda ta’riflashga, qilinadigan ish usuli yoki shartini topishga, zarur xulosa chiqarishga yordam beradi.
Bilim va harakatlarning ma’lum darajada murakkab tizimini muammoli o‘zlashtirishni ta’minlash uchun muammoli vaziyatlar yaratishda muayyan muammoga rioya qilish kerak:
murakkab topshiriqni ancha mayda, xususiy topshiriqlarga bo‘lish zarur; ba’zi hollarda asosiy masala bir necha dars yoki, hatto, butun boshli mavzu doirasida yagona bo‘ladi va xususiy vazifalar sifatida echiladi;
har bir muammoli vaziyatda bitta noma’lum elementni (xossa, nisbat, harakat qonuniyati yoki uni bajarish shartini va shu kabilarni) izlanuvchi element sifatida belgilab olish lozim;
har xil muammoli vaziyatlar uchun xos bo‘lgan didaktik funksiyalarni farq qilish kerak: mavzuni o‘rganish boshida hosil qilinadigan birinchi muammoli vaziyat ta’lim oluvchilarda o‘rganilayotgan umumiy qonuniyatni o‘zlashtirish uchun ehtiyoj uyg‘otishi darkor; shundan keyingi aniq muammoli vaziyatlar tizimining hammasi shu asosiy masalani ochishga xizmat qiladi;
muammoli vaziyatlar sharoitida o‘qituvchi bayon etadigan o‘quv materialini va ta’lim oluvchilar mustaqil o‘zlashtiradigan materialni aniqlashga differensiallangan tarzda yondoshish kerak; bir darsning o‘zida, odatda, ikkala tipdagi materialdan foydalaniladi.
Bu darslardan maqsad talabalar qo’yilgan muammolarni echa olish yoki echa olmasligini aniqlashdir. Bunday darslar talabalar maxsus fanlardan ma’lum bilim, ko’nikma va malakaga ega bo’lganlaridan keyin o’tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |