Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi (SSSR, Sovet Ittifoqi) — sobiq Rossiya imperiyasi hududining katta qismida 1922—1991 yillarda mavjud boʻlgan davlat. SSSRni tashkil etish toʻgʻrisida deb atalgan Shartnoma (1922)ga muvofiq, uning tarkibiga xalqlarning xohish-irodasiga koʻra Rossiya (RSFSR), Ukraina (USSR), Belorussiya (BSSR), Zakavkazye respublikalari [ZSFSR; 1936 yildan ittifoqdosh respublikalar — Ozarbayjon (Ozarbayjon SSR), Armaniston (Armaniston SSR), Gurjiston (Gurjiston SSR), keyinchalik — 1925 y. Oʻzbekiston (Oʻzbekiston SSR), Turkmaniston (Turkmaniston SSR), 1929 yildan Tojikiston (Tojikiston SSR), 1936 yildan Qozogʻiston (Qozogʻiston SSR), Qirgʻiziston (Qirgʻiziston SSR), 1940 yildan Moldaviya (Moldaviya SSR), Latviya (Latviya SSR), Litva (Litva SSR) va Estoniya (Estoniya SSR) kiritilgan.
20yillarning boshlaridan, ayniqsa, V.I. Leninning vafotidan keyin mamlakat rahbariyati orasida hokimiyat uchun keskin kurash boshlandi. Raxbarlikning avtoritar usullari qaror topdi, I.V. Stalin shu usullardan foydalanib, yakkaboshchilik hokimiyati rejimini kuchaytirib bordi. 1921 yilda boshlangan yangi iqtisodiy siyosat (NEP) 20yillarning oʻrtalarida toʻxtatilib, soʻng mamlakatni jadal industriyalash va qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish (jamoalashtirish) siyosati boshlab yuborildi. Kommunistik partiya davlat tuzilmasini toʻla-toʻkis oʻziga boʻysundirib oldi.
Mamlakatni tez modernizatsiyalash va boshqa mamlakatlardagi inqilobiy harakatni qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilib qoʻygan qatʼiy markazlashtirilgan va harbiylashtirilgan totalitar ijtimoiy tuzum vujudga keldi. Boshlangan ommaviy qatagʻonlar 1934 yildan keyin avj oldirildi va jamiyatning barcha tabaqalarini qamrab oldi; millionlab begunoh odamlar qamoqqa tashlandi, otildi, surgun qilindi (q. Repressiya). Davlat va jamiyat hayoti tor doiraga solib qoʻyildi, bepoyon mamlakatdagi barcha ishlar markazdan tuzib beriladigan reja asosidagina yuritiladigan boʻldi, oʻta mafkuralashgan kommunistik tizim qaror toptirildi, demokratik tamoyillar oyoq osti qilindi, sud tizimi bedodlik asosiga qurildi. 30-yillarning oxirida davlatning tashqi siyosati keskin oʻzgartirildi, xalqaro jamoa xavfsizligi yoʻlidan qaytildi. 1939 yilda Sovet-Olmon bitimlari tuzildi, unga binoan bir yil ichida Gʻarbiy Ukraina va Gʻarbiy Belorussiya, Boltiqboʻyi mamlakatlari, Bessarabiya va Shimoliy Bukovina SSSR tarkibiga qoʻshib olindi. SSSR tomonidan boshlangan sovet-fin urushi (1939.30.11 — 1940.12.3) sovet imperiyasining xalqaro obroʻsiga putur yetkazdi (SSSR Millatlar ittifoqidan chiqarib yuborildi).
Do'stlaringiz bilan baham: |