[
OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.08.00 Ayrim tarmoqlarda mehnatni muhofaza qilish]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
SEMENT IShLAB ChIQARISh XODIMLARI UChUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 13-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2216]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Sement ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-mart,
16-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 14-martdagi 16-B-son buyrug‘iga
ILOVA
Sement ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq sement ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar sement ishlab chiqarish tashkilotlari (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) uchun taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar va amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va me’yorlar talablariga mos jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini me’yorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lgan xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qo‘llash va to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qo‘llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
28. Xodimlar Qurilish materiallari sanoati xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me’yorlariga (ro‘yxat raqami 2006, 2009-yil 15-sentabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 38-son, 420-modda) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori bo‘lgan ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
32. O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
33. Ayollar mehnatidan foydalanish to‘liq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega bo‘lgan ishlarga qabul qilinmaydi.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
34. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyruq (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
35. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi lozim.
36. Tibbiy ko‘riklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud bo‘lmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkazilishi lozim.
37. Xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qo‘yilishi mumkin emas.
38. Davriy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
39. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Sanitariya va gigiyena talablari
40. Tashkilotlarning ishlab chiqarish xonalari GOST 12.1.005-88 “Ish zonasidagi havosiga umumiy sanitariya-gigiyena talablari” talablariga mos bo‘lishi lozim.
41. Ishlab chiqarish xonalarida ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi kerak.
42. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarni, xomashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qo‘yiladigan talablar qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim.
9-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
43. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi lozim.
44. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
45. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak. Yorug‘ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
46. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) to‘sib qo‘yishiga ruxsat etilmaydi.
47. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
48. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
49. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
10-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
50. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talablariga mos bo‘lishi kerak.
51. Tashkilotda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
52. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarining ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
53. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
54. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
55. Yilning yoz vaqtida yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
56. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
57. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
58. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning (harorati, nisbiy namligi, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talablariga javob berishi kerak.
59. Nam xonalarda hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga mo‘ljallangan ish joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
60. Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi kerak.
61. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
62. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
63. Transport vositalari binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
64. Darvozalarning balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
65. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
66. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
67. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
68. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
69. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (ventilyator, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki sexdan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, ventilyatorlar va shunga o‘xshashlar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatilishi kerak.
70. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji bo‘lmasa, shaxsiy eshitish a’zolarini himoya qilish vositalari quloqchin va shovqinga qarshi kaskalardan foydalanish kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
71. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
72. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
73. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmasligi kerak.
74. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, o‘rtacha og‘ir ishda 17°S va og‘ir ishda 16°S dan past bo‘lmasligi lozim.
75. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam bo‘lmasligi kerak.
76. Isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
14-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar
77. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talablariga mos kelishi kerak.
78. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
79. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha bo‘lishi kerak.
80. Tashkilot hududidagi hojatxonalar isitish va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
81. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yo‘q bo‘lganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlaridan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarining mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
15-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
82. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
III bob. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Texnologik jarayonlarga qo‘yiladigan umumiy xavfsizlik talablari
83. Sement ishlab chiqarish texnologik jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
84. Ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsizligi quyidagi talablarni amalga oshirish orqali ta’minlanadi:
ishlab chiqarish uskunalariga xizmat ko‘rsatish tartibidagi texnologik jarayonlarni (ish turlarini), ish usullari va rejimlarini qo‘llash;
ishlovchilarga zararli ta’sir ko‘rsatmaydigan birlamchi material va yarim tayyor mahsulotlarni, butlovchi mahsulotlarni qo‘llash, agar ushbu talabni bajarishning imkoni bo‘lmasa, ishlab chiqarish jarayonining xavfsizligini va xodimlarning himoyasini ta’minlovchi choralar ko‘rish;
shikastlanish va kasb kasalliklari manbai bo‘lmagan ishlab chiqarish uskunalarini qo‘llash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tarqalishini cheklovchi vositalarni qo‘llash;
ishlab chiqarish uskunalarini to‘g‘ri joylashtirish va ish joylarini to‘g‘ri tashkil etish;
birlamchi material va yarim tayyor mahsulotlarni, tayyor mahsulotlarni va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transport vositalarida tashishning xavfsiz usullarini qo‘llash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining xususiyatiga mos keluvchi himoyalash vositalarini qo‘llash;
ish bajarilayotgan paytdagi xavfli hududlarni belgilash.
Ishlab chiqarish jarayonlari atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarining tegishli me’yorlaridan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi shart.
85. Ishlab chiqarish jarayonlari soz uskunalarda, soz nazorat-o‘lchash asboblari, himoya to‘siqlari, blokirovkalar, ishga tushiruvchi apparatlar, texnologik asbob-uskunalar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi lozim.
86. Ishlab chiqarish jarayoni texnologik hujjatga muvofiq olib borilishi lozim.
87. Ishlab chiqarish jarayonida birlamchi material va yarim tayyor mahsulotlar qo‘llanilsa, shuningdek xavfli va zararli ishlab chiqarish omillariga ega bo‘lgan oraliq moddalar hosil bo‘lsa xodimlarga oldindan o‘zini bexatar tutish qoidalari haqida ma’lum qilinishi va ular tegishli tartibda o‘qitilishi va himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
88. Birlamchi material va yarim tayyor mahsulotlarni qo‘llashga faqat belgilangan tartibda tegishli gigiyenik me’yorlar tasdiqlangandan so‘ng ruxsat etiladi.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
89. Ishlab chiqarish jarayonlari yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
90. Ishlab chiqarishda sinalmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni qo‘llash taqiqlanadi.
91. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
92. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
93. Shamollatish tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi kerak.
94. Ishlab chiqarish binolari va xonalari uchun yong‘in xavfsizligi davlat xizmati hududiy organi bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim.
95. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
96. Bino va yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘in vositalari va uskunalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
97. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
98. Elektr tok o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslar (marmar, tekstolit, getinaks va boshqalar)da montaj qilinishi lozim.
99. Yoritish va quvvatli uskunalar hamda elektr tarmoqlarining tuzilishi xonalardagi sharoitlarga va ulardagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos bo‘lishi shart.
100. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
101. Taqsimlovchi qurilmalar izolatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
102. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llanuvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
103. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qalpoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi lozim.
104. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi lozim.
105. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
106. Kabellar va elektr o‘tkazgichlarning izolatsiyasi, tashqi birikmalar, himoyalovchi yerga ulagichlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va asboblar bilan o‘lchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
107. Elektr apparatlari va agregatlarini nolga va yerga ulash simlarining butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
108. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo‘l qo‘yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
109. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
110. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g‘iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘rlar bilan o‘ralgan va to‘r yer bilan ulangan bo‘lishi lozim.
111. Tashkilotning barcha turdagi bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan to‘g‘riyashin urishidan himoyalangan bo‘lishi lozim. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirilib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
4-§. Texnologik jarayonlarning nazorat tizimiga qo‘yiladigan talablar
112. Texnologik jarayonlarning nazorat tizimi xizmat ko‘rsatish uchun qulay va xavfsiz joylarga joylashtirilishi lozim. Bu joylarda silkinish, texnologik mahsulotlar bilan ifloslanish, tizimning aniqligi va ishonchliligiga ta’sir etuvchi mexanik va boshqa zararli ta’sirlar bo‘lmasligi lozim.
113. Texnologik jarayonlarning nazorat tizimidagi asbob-uskuna ta’mirlanganidan so‘ng sinovdan o‘tkazilishi hamda uning natijalari pasporti va jurnalda qayd qilinishi lozim.
114. Nazorat vositalari ta’mirlash uchun echilganda, o‘sha zahoti echilgan vositalar o‘rniga tekshirilgan va ko‘rsatkichlari bir xil bo‘lgan nazorat vositalari bilan almashtirilishi lozim.
115. Nazorat vositalarining, shuningdek signal lampalarining joylashishi, ularning ko‘rsatkichlarini qulay kuzatish imkoniyatini yaratishi lozim.
116. Avtomat tarzda boshqaruv tarmog‘i markaziy tizimiga jarayonning texnologik parametrining yuqori chegarasi, ularni ish jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan yuqori chegarasiga yetganligi haqida signal beruvchi moslamalar joylashtirilishi lozim.
117. Nazorat vositalarining, (termometr, manometr, hisoblagich) shuningdek signal lampalarining joylashuvi, ular ko‘rsatkichlarini bemalol erkin nazorat qilish imkonini berishi lozim.
118. Daraja ko‘rsatkichlarida shaffof element sifatida oyna yoki plastmassadan foydalanilganida, ular singanda xodimlarni jarohatlanishidan saqlovchi moslama qo‘llanishi lozim.
119. Apparat va idishlardagi bosimni nazorat qilish uchun ularga manometrlar o‘rnatilishi lozim.
120. Manometr shkalasida idishning ishchi bosimi ko‘rsatilishi lozim.
121. Havoda va ishlab chiqarish xonasining avtoklav bo‘limida hamda kompressor stansiyalarida portlash xavfi bor gazlar miqdori doimiy nazorat etilishi lozim.
122. Bo‘linish chegarasi bo‘lgan moddalarning idishlardagi suyuqlik sathini nazorat qilish lozim. Idishlardagi sath ko‘rsatkichlaridan tashqari ovozli, yorug‘lik va boshqa signalizatorlar qo‘llanishi mumkin.
5-§.Ishlab chiqarish qurilmalarining avariya holatida o‘chirilishini ta’minlovchi texnologik jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish tizimiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
123. Texnologik jarayonlarning xavfsizligi texnologik hujjatlarga hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarga muvofiq ta’minlanishi kerak.
124. Ish hududida zararli moddalarning konsentratsiyasi nazoratini amalga oshiruvchi hamda qurilmalarning avariyaviy o‘chirilishini ta’minlovchi gaz tahlil qilish apparatlari o‘rnatilishi zarur.
125. Maxsus suyuqliklar bilan bajariladigan ishlar maxsus jihozlangan xonalarda, yoki xonalarda o‘rnatilgan maxsus kameralar (stendlar)da bajarilishi kerak. Xonalarga kirishda “Yong‘indan xavfli!”, “Chekilmasin!”, “Begonalar kirishi taqiqlanadi!” kabi ogohlantiruvchi va taqiqlovchi xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
126. Alohida olingan texnologik jarayon (operatsiya)larda ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillarining vujudga kelganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar berishni ta’minlash maqsadida, gaz tahlil qilish apparatlaridan tashqari, gaz tahlil qilish apparatlarida ishlaydigan yorug‘lik va ovoz beruvchi signalizatorlar ko‘zda tutilishi lozim.
127. Ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari yuzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan texnologik jarayonlar va operatsiyalar vaqtida, ushbu hududda xodimga bevosita xavfli va zararli omillarning ta’sirini chegaralovchi himoya ekrani o‘rnatilgan maxsus stendlar bo‘lishi yoki ushbu operatsiyalar mexanizatsiyalangan (avtomatlashtirilgan) qurilmalardan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
128. Texnologik jarayon buzilgan hollarda xodimlarga zararli va xavfli omillarning ta’sir etishi istisno qilinishi va ular uchun ish bajarilayotgan joyni zudlik bilan va hech qanday qiyinchiliksiz tark etish imkoniyati ta’minlanishi zarur.
6-§. Birlamchi materiallar, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar hamda ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transport vositalarida tashish
129. Birlamchi materiallar, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni hajm o‘lchamlari ishlarni bajaruvchi texnologik qurilmalar pasportida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarga muvofiq bo‘lishi lozim.
130. Yuk ortish va tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 24-son, 221-modda) talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
131. Vazni 50 kg dan ortiq bo‘lgan yuklarni ortish va tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishi lozim.
132. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kirish joyida harakat yo‘nalishi, yuk ortish va tushirish joyi yoki transport vositalarining to‘xtab turish joyini ko‘rsatuvchi chizma osilgan bo‘lishi kerak.
133. Omborda ustma-ust taxlangan yoki yuk idishlar stellajlari oralig‘idagi yo‘lakning eni 1,5 m dan kam bo‘lmasligi lozim. Omborda transport vositalari ishlatilganda, yo‘lakka qo‘shimcha qo‘llaniladigan transport vositalari o‘lchamlari kengligidagi yo‘l bo‘lishi lozim.
134. Tashkilotlarni chiqindisiz va kam chiqindili texnologiyalarni joriy qilishi, ishlab chiqarish va maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishini qisqartirishi, ularni zararsizlantirishni, qayta ishlashni amalga oshirishi, saralash, saqlash, ko‘mib tashlash va utillashtirishda belgilangan tartiblarga rioya qilishi majburiydir.
135. Chiqindilarning xavfli turlari begona shaxslarning kirishi cheklangan joylarda, identifikatsiya belgilari va yozuvlari bilan ta’minlangan holda saqlanishi lozim.
136. Chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda saqlash, qayta ishlash va ko‘mib tashlash taqiqlanadi.
137. Tashkilotda barcha turdagi chiqindilar bilan muomala yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim. Chiqindilarni yig‘ish, joylashtirish va tashishni ta’minlayotgan xodimlar chiqindilar bilan muomala yuritishning bexatar usullari bo‘yicha o‘qitilgan bo‘lishi kerak.
7-§. Xom ashyo materiallarini pishirish
138. Tashkilotlarda aylanma pechlardan chiqib ketayotgan gazlarni portlashga xavfliligi doimo nazorat qilib turilishi lozim. Nazoratni avtomatik gazoanalizatorlarda amalga oshirish kerak.
139. Klinkerni kuydirish texnologik jarayoni uchun yoqilg‘ini bir turi ko‘mir (yonuvchi slanetslar), gaz yoki mazut ishlatilishi kerak.
140. Pechning kattaligi 5 x 185 m bo‘lganida va “GMU-120” qurilma bilan jihozlanganida, gaz va mazut bilan ishlashda pechning quyidagi xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda yoqishga ruxsat etiladi:
pechni yoqish va 1000°S gacha qizdirish faqat bir tur yoqilg‘i gaz bilan amalga oshirilganda (haroratni nazorat qilish optik pirometr bilan amalga oshiriladi);
mazutni dastlabki berilishi uni eng yuqori xarajat miqdorining 30 % miqdorida bo‘lganda;
mazutni gaz holatidagi yoqilg‘i aralashmasidagi eng yuqori miqdori 50 % dan oshmaganida.
141. Chiqib ketayotgan gazlarning mo‘risini tozalanishi mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
8-§. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ta’siridan himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha talablar
142. Barcha qo‘llanilayotgan xavfli va zararli ishlab chiqarish omillariga ega materiallar ta’siri haqida ularning nomlanishi, tarkibi, xavflilik (zaharlilik) darajasi, qo‘llanish sohasi, ularni qo‘llashda himoyalanish choralari to‘g‘risida ma’lumot bo‘lishi lozim. Ma’lumotlarga ega bo‘lmagan materiallarni ishlatish taqiqlanadi.
IV bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
143. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarini montaj qilish, foydalanish va ta’mirlash paytida ishlarning xavfsizligini ta’minlashi, yong‘in va portlash xavfidan holi bo‘lishi, ulardan foydalanish jarayonida atrof muhitni zararli moddalar bilan sanitariya me’yorlaridan ortiq miqdorda ifloslantirmasligi va namlik, quyosh radiatsiyasi, mexanik tebranishlar, bosim va haroratning o‘zgarishlari natijasida xavf-xatar yuzaga keltirmasligi lozim.
144. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining harakatlanuvchi qismlari GOST 12.2.062-81 talablariga muvofiq blokirovkalash, to‘xtatish, xabardor qilish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
145. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining elementlari (elektr o‘tkazgichlari, o‘tkazish quvurlari, kabellari va boshqalar) ularning shikastlanishiga imkon bermaydigan holatda tayyorlangan bo‘lishi lozim.
146. Katta o‘lchamli (gabaritli) ishlab chiqarish uskunalari va ularning qismlariga xizmat ko‘rsatish, tekshirish, ta’mirlash va sozlash uchun qulay hamda yerdan 2 m va undan baland joylashgan to‘siqlari va zinalari bor maydonlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
147. Asbob-uskunalarni boshqarish organlarida ularning vazifasi ko‘rsatilgan aniq yozuvlar yoki shartli belgilari bo‘lishi lozim.
148. Ishlab chiqarish asbob-uskunalari tarkibiga kiruvchi himoya vositalari quyidagilar bilan ta’minlanishi lozim:
o‘chirib qo‘yilgan yoki nosoz ishlab chiqarish asbob-uskunasining ishlashi cheklab qo‘yilishi;
xavf tug‘ilgan yoki odam xavfli hududga yaqinlashgan holatlarda ishlab ketishi;
faqat xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siri tugagandan so‘nggina himoya vazifasi tugatilishi ta’minlanishi;
himoya vositalarining ayrim elementlari ishdan chiqqan taqdirda, qo‘shimcha xavf-xatarni yuzaga keltirmagan holda boshqa himoya vositalari bilan himoyalash vazifasi ta’minlanishi;
xizmat ko‘rsatish va nazorat qilish uchun qulay bo‘lgan joyda o‘rnatilgan bo‘lishi, ayrim hollarda ularning ishlashini avtomatik ravishda nazorat qiluvchi qurilmalar bilan ta’minlanishi.
149. Ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalar o‘tkir uchli, qirrali va boshqa jarohatlashi mumkin bo‘lgan elementlarga, shuningdek to‘silmagan issiq yoki juda ham sovutilgan qism va detallarga ega bo‘lmasligi lozim.
150. Ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalarning tuzilishi va joylashishi montaj qilish, xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashda qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashi kerak.
2-§. Sig‘imlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
151. Klinker, sement va xomashyo aralashmasini saqlash sig‘imlari (siloslar, bunkerlar va boshqalar) materiallarni yuklash va yuk bo‘shatish paytida chang tutish moslamalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Chang tutish moslamalari ishga yaroqsiz bo‘lganda siloslarni ishlatish man etiladi.
152. Sig‘imlarning tepasi perimetri bo‘yicha to‘silgan bo‘lishi va to‘siqlar GOST 12.4.059-87 “Qurilish. Inventar himoyalovchi to‘siqlar. Texnik shartlar” talablari bo‘yicha bajarilishi kerak.
153. Sig‘imlar galereyasidagi oynaning romlarini ochiq holatda ushlab turish uchun moslamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Oyna romini ochish galereya polidan turib amalga oshirilishi kerak.
154. Sig‘imlar galereyasi truboprovodlaridan o‘tish uchun o‘tish ko‘priklarini o‘rnatilishi GOST 12.4.059-87 “Qurilish. Inventar himoyalovchi to‘siqlar. Texnik shartlar” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
155. Sig‘im ichiga tushish oldidan quyidagi xavfsizlik choralari ko‘rilishi kerak:
sig‘imga ketayotgan hamma pnevmotrassalardagi tiqin jo‘mraklari yopilishi va GOST 12.4.026-76 bo‘yicha “Tiqin jo‘mraklari ochilmasin, odamlar ishlayapti!” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osib qo‘yilishi lozim.
sig‘imga tushayotganlarda ish bajarish uchun asboblar, yakka tartibdagi himoya vositalari, signalizatsiya yoki bog‘lovchi (signal, arqon, gaplashish manbai, radioaloqa) vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
156. Kajavalar o‘tirgich, oyoq uchun tirgovuch, to‘siq va asbob saqlash va qotirish anjomlari bilan jihozlangan (cho‘ntaklar, xomutlar va boshqalar) bo‘lishi lozim.
157. Kajava to‘sig‘ining balandligi 1,2 m dan kam bo‘lmasligi, qo‘shimcha to‘siq planka balandligi 0,6 m bo‘lishi lozim, lyulkani osib qo‘yish vositalari uning to‘nkarilishini bartaraf qilishi lozim.
3-§. Maydalagichlarga (shekali, valikli, konusli, bolg‘ali) qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
158. Maydalagich mashinalarining boshqarish pultlari kuzatish va masofadan boshqarish kabinalarida joylanishi lozim. Kuzatish va masofadan boshqarish kabinalaridagi ish joylari GOST 12.2.032-78 talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
159. Maydalagich mashinalar, qabul qilish va transportirovka qurilmalarini boshqarish maydonlarining pultlari ikki tomonlama ovozli yoki chiroqli signalizatsiya tizimi (elektr qo‘ng‘iroq, miltillovchi elektrlampa) bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
160. Maydalagich mashinalari qabul qilish teshiklari va to‘ldirish mexanizmlariga xizmat ko‘rsatuvchi maydonlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
161. Maydalagich mashinalarining to‘ldirish va bo‘shatish joylari havo tozalovchi aspiratsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
162. Maydalagich mashinalarni to‘ldirish teshiklaridan material bo‘laklari otilib ketmasligi uchun temir to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
163. Shekali maydalagichlarning to‘ldirish teshiklari balandligi 1 m dan kam bo‘lmagan yaxlit temir to‘siqlarga ega bo‘lishi lozim.
164. Valikli maydalagich mashinalarni valigi tiqilib qolganda yurgizuvchi avtomatik ravishda o‘chishi lozim.
165. Ta’mirlash ishlarini bajarish uchun maydalagich mashinasining xonasi yuk ko‘tarish mashinalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
4-§. Aralashtirgichlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
166. Aralashtirgichlarning ishga tushirilishi ovozli yoki chiroqli signalizatsiya tizimi (elektr qo‘ng‘iroq, miltillovchi elektrlampa) orqali amalga oshirilishi lozim.
167. Signal tizimi, bunkerni yuklash maydonchasi va aralashtirgichni qabul qilish teshigini, uning boshqarish pulti bilan ikki tomonlama bog‘lovchi aloqani ta’minlashi kerak.
168. Aralashtirgich basseynining usti yaxlit metall yopmalar bilan GOST 12.4.059-89 talablariga muvofiq yopilgan bo‘lishi lozim.
169. Aralashtirgich basseynlari shlamni eng yuqori yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan sath signalizatorlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
170. Basseynga tushish uchun ko‘chma narvon bo‘lishi lozim, ko‘chma narvon uni tushirilgan holatida qotirish uchun changak va fiksatorlarga ega bo‘lishi kerak.
171. Aralashtirgich xonasida tozalash va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun yuk ko‘tarish mexanizmlari o‘rnatilishi lozim.
172. Aralashtirgich ishlayotganida aralashtirgichni ko‘rish lyuklari panjaralarini va yopmalarni metall listlarini echish, hamda hovuzda tozalash ishlarini olib borish taqiqlanadi.
173. Xom ashyo aralashtirgich basseyniga xonadan tashqarida joylashgan qabul qilish tuynugi orqali yuklanganida, quyidagi talablar bajarilishi kerak:
yuklash joyining usti atmosfera yog‘inlariga qarshi soyabon bilan ta’minlangan;
aralashtirgichni qabul qilish tuynugi katak o‘lchamlari 250 x 250 mm dan katta bo‘lmagan temir panjara bilan yopilgan;
aralashtirgichni qabul qilish tuynugining yuklash bajarilmaydigan tomonlari to‘silgan bo‘lishi kerak.
5-§. Shlamni tortish nasoslariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
174. Shlamni tortish nasoslarining chuqurchalari narvon bilan jihozlangan va perimetri bo‘yicha GOST 12.4.059-89 talablariga muvofiq to‘silgan bo‘lishi lozim.
175. Shlamni tortish nasoslari ishlayotgan vaqtda himoya to‘siqlarini echish, boltlarni qattiqroq tortish va quvurlarning flanetslari ulangan joyidan sizib chiqishlarni bartaraf etish hamda shlamni tortish nasoslari tebranganida, shlamning quvurlardan, flanetslarning ulangan joyidan va salniklardan sizib chiqqanida ishlash taqiqlanadi.
6-§. Shlam basseynlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
176. Shlam basseynlari shlamning eng yuqori yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan sath signalizatorlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
177. Gorizontal dumaloq shlam basseynlari atrofidagi maydonchalar perimetr bo‘yicha to‘silishi GOST 12.4.059-89 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
178. Shlam sathi 0,5 m dan yuqori bo‘lganida basseynga tushish taqiqlanadi.
7-§. Tegirmonlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
179. Xom ashyoni quruq parchalaydigan tegirmonlar havo tozalovchi apparatlari orqali aspiratsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
180. Tegirmon oqimini ta’minlovchi patrubka yoki bo‘shatish qoplamasi biriktirilgan joyidan ishlab chiqarish xonasiga chang chiqib ketishini oldini olish maqsadida zichlangan bo‘lishi lozim.
181. Tegirmonlar ishlayotganida shovqin darajasini kamaytirish uchun shovqindan himoya qiluvchi vositalarni qo‘llash lozim.
182. Tegirmon ishga tushayotgani va to‘xtayotgani haqida xizmat ko‘rsatayotganlarni ogohlantirish uchun tovushli va chiroqli signallar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
183. Tegirmon xonasida ta’mirlash ishlari olib borilganida, lyuklar qopqog‘ini ko‘tarish uchun yuk ko‘tarish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
184. Tegirmon uskunalarini ishlatish quyidagi ketma-ketlikda blokirovka orqali amalga oshirilishi lozim:
chang tutuvchi va aspiratsiya tizimi;
tegirmon;
bo‘shatish qurilmasi;
to‘ldirish qurilmasi.
185. Tegirmonni, uning chang tutish va aspiratsiya tizimi nosoz yoki o‘chirilganida ishlatish taqiqlanadi.
186. Tegirmon ishlayotganida uni ta’mirlash, undan xomashyolarni olish va tegirmon to‘siqlari orqasiga o‘tish yoki uni echish taqiqlanadi.
187. Tegirmonni ishlatish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
blokirovka yoki signalizatsiya nosoz bo‘lsa;
to‘siqlar echilgan yoki qotirilmagan bo‘lsa;
taglik va korpusda yorilgan joy bo‘lsa;
bron plitani qotiruvchi boltlari bo‘shaganida yoki yo‘q bo‘lganida;
parchalanayotgan material lyuk zichligi orasidan va bolt teshigidan ajralib chiqqanida;
aspiratsiya tizimi nosoz bo‘lsa yoki samarali ishlamayotganida.
188. Tegirmon to‘xtaganida ochiladigan lyuklar tepa holatda bo‘lishi lozim. Sharsimon tegirmonlarini maydalovchi jism bilan to‘ldirish mexanizatsiyalashgan va naryad-ruxsatnoma rasmiylashtirilgan holda amalga oshirilishi lozim.
189. Sharsimon tegirmoniga maydalovchi jism elektromagnit yuklovchi orqali yuklanganida, to‘ldiruvchi voronkaning diametri elektromagnit yuklagichning diametridan 0,5 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
8-§. Issiqlik chiqaruvchi uskunalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
190. Ishlab chiqarishdagi hamma issiqlik manbalari (quritish qurilmalari, aylanuvchi va shaxta pechlari, issiqlikni almashtirib beruvchi siklonlar, konveyer kalsinatorlari va boshqa issiqlik chiqaruvchi uskuna turlari) ishchi xonalardagi konveksion va nurlanish issiqlikni kamaytiruvchi qurilma va moslamalar bilan ta’minlanishi lozim.
191. Kanal to‘siqlari, havo o‘tkazgichlarining flanets ulanishlarining, issiqlik chiqaruvchi uskunalarining kanali va havo o‘tkazgichlar lyuklari zichlangan bo‘lishi lozim.
192. Quritish kameralari siyraklikda ishlashi lozim. Ular gaz-chang tutuvchi qurilmalar va portlashga qarshi klapanlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Quritish qurilmalari kamera va tunneli siyraklik kattaligini doimo tekshiruvchi asbob bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
193. Ishlovchilarning issiqlik chiqaruvchi uskunalarning kamera va tunnellariga kirishiga, havo harorati 40°S dan oshmaganida ruxsat etiladi.
194. Gaz pechlarining avtomatik tizimi gazni yetkazib berishni quyidagi hollarda to‘xtatishi kerak:
gaz bosimining o‘rnatilgan bosimdan yo‘l qo‘yilmagan darajaga (0,01 MPa) yetganida;
tutun so‘ruvchi to‘satdan to‘xtaganida;
goryelkalarga havoni majburiy yetkazish tizimi to‘xtaganida.
195. Gaz yoqilg‘isida ishlayotgan pechlar, yondirish uchun o‘t oldirish qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
196. Pechlar suyuq yoqilg‘ida ishlaganida quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
mazut saqlovchi omborlar rezervuarlardagi mazutning sathi va haroratini o‘lchab turuvchi asbob yoki moslama bilan ta’minlangan bo‘lishi;
ishlab chiqarish binolarida o‘rnatilgan sarflash sig‘imlari mazutni avariyaviy to‘kilishini oldini olish uchun qurilma bilan jihozlangan bo‘lishi;
mazut ho‘jaligidagi armatura va rezervuarlarni isitish uchun harorati 100°S dan oshmagan bug‘ yoki issiq suv qo‘llanishi;
pechlarga olib boruvchi mazut quvurlari yopish tiqinlari bilan jihozlangan bo‘lishi.
197. Aylanma pechning bosh yurituvchisi yordamchi uskuna va mexanizmlar bilan avtomatik blokirovka qilingan bo‘lishi lozim.
198. Aylanma pechlar ishga tushishi va yoqilishi haqida ogohlantiruvchi tovushli va yorug‘lik signalizatsiya bilan ta’minlangan (lampa, sirena) bo‘lishi lozim. Signalizatsiya tovush xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish zonasida yaxshi eshitilishi va ko‘rinishi ta’minlanishi lozim.
199. Pechni yoqish yoki isitishdan oldin aylanma pechlar, siklonli issiqlik almashtiruvchilar va konveyer kalsinatorlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamma xodimlar gazdan zaharlanmasligi uchun, texnologik qo‘llanmada ko‘rsatilgan joyga chiqib ketishi kerak. Xodimlar faqat smena masteri ruxsat etganidan keyin ish joylariga qaytib kelishi mumkin.
200. Aylanma pechlar suyuq yoqilg‘ida ishlaganida sex mazut xo‘jaligi alohida xonada joylashgan bo‘lishi lozim. Mazut sarflash sig‘imlari avariyaviy to‘kishga ega bo‘lishi lozim.
201. Pech ichiga kirish uchun sovutgichning shaxtasi ustiga kengligi 1 m dan va balandligi 0,5 m dan kam bo‘lmagan to‘siqli qo‘shimcha plankaga ega trap o‘rnatilishi lozim.
202. Pechning qizigan uchida projektorli yoritqich o‘rnatilishi lozim. Pech ichida elektr yoritqichlar kuchlanishi 12 V dan oshmasligi lozim.
203. Shaxtali pech gaz-chang tutuvchi qurilmalar va portlashga qarshi himoyalovchi vositalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Yoqilg‘i yetkazib berish quvurlaridagi yopuvchi va sozlash qurilmalarini pech tashqarisida joylashtirish kerak.
204. Oqimlar, siklonlar va gaz o‘tkazgichlarda aylanma pech ishlayotgan paytida materiallarni osilib qolishini yo‘qotishni pnevmatik forsunka yordamida amalga oshirish kerak.
9-§. Qadoqlash qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
205. Qadoqlash qurilmalari ishga tushirish tovush tizimi signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
206. Qadoqlash qurilmalari xizmat ko‘rsatuvchi maydonchalar va temir yo‘l vagonlarni yuklash maydonchasi o‘rtasida ikki tomonlama signal aloqa o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
207. Qadoqlash qurilmalari hamma bo‘laklarga bo‘linuvchi, ya’ni elovchi qurilma, shnek, bundan tashqari sement quvurining birikmalaridan joylash bo‘limi xonasiga sement chiqib ketishining oldini olish uchun ularda zichlovchi moslamalar bo‘lishi lozim.
208. Qadoqlash qurilmalari maydonchasida idishlarni ko‘tarish uchun yuk ko‘tarish mexanizmlari nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.
209. Qadoqlash qurilmalari keluvchi sementning harorati 40°S dan yuqori bo‘lmasligi lozim.
V bob. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
210. Tashkilotning ta’mirlash xizmati uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari, ularning texnik pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
211. Uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun tashkilotda unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi ta’mirlashni qat’iy bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
212. Asosiy uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida ta’mirlashni o‘tkazishga javobgar shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi choralar ko‘rsatilishi lozim.
213. Ishlayotgan sexlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariluvchi ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
214. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi lozim.
215. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan holatda bo‘lishi va u yerda xavfsizlik plakati va belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
216. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan avval ta’mirlashda band bo‘lgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilishi lozim.
217. Og‘ir yuklarni joyidan ko‘chirish ishlari yuk ortish va tushirish ishlari uchun javobgar shaxslarning ruxsati bilan bajarilishi kerak.
218. Nosoz yuk ko‘taruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
219. Echib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
220. Ta’mirlash paytida ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
221. Ta’mirlash ishlari balandlikda bajarilayotganda havoza va taxta to‘shamalarning o‘rnatilishi amaldagi qoidalarning talabiga javob berishi lozim.
222. Havoza va to‘shamalarida ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlaridan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari arqonining mahkamlanish joyi konstruksiyalarda avvaldan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
223. Ta’mirlash ishlari bajarilayotgan hududdagi elektr o‘tkazgichlari yoki uskunalarning kuchlanish ostida bo‘lgan ochiq qismlari oldindan elektr tokidan o‘chirib qo‘yilgan yoki maxsus izolatsiyalovchi vositalar bilan ishonchli himoyalangan bo‘lishi lozim.
224. Xodimlarning qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarini olib borishiga uskunani shamollatib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va havoning harorati ko‘pi bilan 40°S gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
225. Barcha ta’mirlash ishlari sex, tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
226. Materiallarning uskunaning ish maydonchasiga uzatilishi mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va ular tushib ketmaydigan usulda bajarilishi lozim.
227. Ta’mirlash olib borilayotgan joy va barcha o‘tish joylari belgilangan me’yorlarga muvofiq yoritilishi lozim.
228. Ta’mirlash tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, uskunalar, materiallar, asboblar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar, blokirovkalar o‘z joyiga o‘rnatilishi lozim.
VI bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
229. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
230. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VII bob. Yakuniy qoida
231. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zqurilishmateriallari” Aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2011-yil 10-mart
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2011-yil 10-mart
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 10-mart
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 10-mart
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2011-yil 10-mart
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 10-mart
“O‘zqurilishmateriallari” AK Boshqaruvi raisi E. AKRAMOV
2011-yil 10-mart
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2011-yil 10-mart
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 15-son, 156-modda)