3-§. Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish 23. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlari amaldagi qonunchilikka muvofiq eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali amalga oshiriladi.
24. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan saylov komissiyalari tomonidan tuziladigan shartnomalar ular tegishli g‘aznachilik bo‘linmalaridan majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Saylov komissiyalari tomonidan tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va xarajatlarni amalga oshirish budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-§. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida saylov komissiyasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash Oldingi tahrirga qarang. 25. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida saylov komissiyasi a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 165-moddasida nazarda tutilgan kafolatlar qo‘llaniladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1080-sonli qarori tahririda) Oldingi tahrirga qarang. 26. Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi yoki boshqa a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Agar xodim va ish beruvchining o‘zaro kelishuvida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.
Bunda, saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqini to‘lash quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi:
komissiya a’zosining (rais, rais o‘rinbosari, kotib yoki komissiyaning boshqa a’zosi) oylik ish haqisini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma;
birinchi va ikkinchi imzo huquqiga ega shaxslar tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq to‘ldiriladigan ma’lumotnoma;
saylov komissiyasi a’zosining (rais, rais o‘rinbosari, kotib yoki komissiyaning boshqa a’zosi) asosiy ish joyidagi ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etilganligini tasdiqlaydigan saylov komissiyasining qarori.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1080-sonli qarori tahririda) Oldingi tahrirga qarang. 27. Saylov jarayonlarida saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a’zolariga, shu jumladan pensionyerlarga mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq:
OSK raisiga 12-razryad, rais o‘rinbosariga 11-razryad, kotib va boshqa a’zolariga 10-razryad bo‘yicha;
USK raisiga 11-razryad, rais o‘rinbosariga 10-razryad, kotib va boshqa a’zolariga 9-razryad bo‘yicha ish haqi hisoblanadi.
Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lash birinchi va ikkinchi imzo huquqiga ega shaxslar tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 4a-ilovasiga muvofiq to‘ldiriladigan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1080-sonli qarori tahririda) Oldingi tahrirga qarang. 28. Saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va boshqa a’zolariga saylov jarayonlari uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan bir martalik kompensatsiya (ovqatlanish, transport va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida) to‘lab beriladi. Bunda to‘lov:
saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravarida;
saylov komissiyasi boshqa a’zolariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,5 baravarida amalga oshiriladi.
Ushbu to‘lovlar imzo huquqiga ega saylov komissiyalari raislari va hokimliklar bosh buxgaltyerlari tomonidan tasdiqlangan mazkur Yo‘riqnomaning 4b-ilovasida keltirilgan shakldagi ro‘yxat bo‘yicha saylov komissiyalari a’zolariga to‘lanadi.
Kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish saylov kuniga uch kun qolganga qadar to‘liq ta’minlanadi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1080-sonli qarori tahririda) 29. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi PQ-4004-son “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ish beruvchilarga saylovlarni va referendumni o‘tkazish davrida jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan tuman va shaharlar saylov komissiyalari raisi, uning o‘rinbosari yoki kotiblariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar saylov komissiyalarining tavsiyalariga ko‘ra, oylik maoshiga asosiy ish joyi moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 foiz miqdorida ustama belgilash tavsiya etiladi.
30. Saylov komissiyalari a’zolariga mazkur Yo‘riqnomaning 26 va 27-bandlar bo‘yicha ish haqi hisoblanganda tegishli saylov komissiyalari kotiblari tomonidan komissiya a’zolarining xaqiqiy ishlaganlik kunlari qayd etib boriladi va tegishli hokimlik buxgalteriyasiga komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan tabel taqdim etiladi.
Bunda tabel tegishli saylov komissiyasining raisi tomonidan saylov yakunlari e’lon qilinganidan so‘ng tasdiqlanadi va tegishli hokimlik buxgalteriyasiga taqdim qilinadi.
Saylov komissiyalari raislari tomonidan komissiya a’zolariga ish haqi to‘lanishi bilan bog‘liq asoslovchi va tasdiqlovchi xujjatlar (komissiya qarori, pasport nushasi, STIR, JBPX, buyruq nushalari, plastik karta ma’lumotlari, telefon raqami va hokazo) tegishli hokimlik buxgalteriyasiga taqdim etiladi.
31. Saylov komissiyalari a’zolariga to‘lanadigan ish haqi va kompensatsiyalar tegishli hokimliklar buxgalteriyalari tomonidan saylov komissiyasi kotibiga ishonchnoma asosida hisobdorlik sharti bilan beriladi va komissiya a’zolariga ish haqi to‘lash qaydnomalari asosida tarqatiladi yoki ularning arizasiga ko‘ra plastik kartochkalariga o‘tkazib beriladi.
32. Saylovlarga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni bajarish (buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish, komissiya a’zolari va a’zolikka nomzodlarni o‘qitish, matbuot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tarjimonlik qilish va sh.k.) uchun saylov komissiyalariga mutaxassis va ekspertlar jalb qilinishi mumkin. Bunda ularning mehnatiga haq to‘lash saylov komissiyasi bilan tuziladigan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida xarajatlar smetasida belgilangan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.