2-§. Siyosiy partiyalar xarajatlarini moliyalashtirish 16. Siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
17. Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyingi ish kunidan kechikmay ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda MSKning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idan siyosiy partiyaning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang. 18. Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘larini nomzodlar va ularning ishonchli vakillari ishini tashkil etish, umumpartiyaviy va boshqa saylovoldi tashviqoti tadbirlarini tashkillashtirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlaydi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1080-sonli qarori tahririda) 19. Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlashda o‘z mablag‘laridan ularga saylovoldi tashviqoti uchun mablag‘lardan o‘rnini qoplash sharti bilan foydalanishlari mumkin.
20. Siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar saylovoldi tashviqotini o‘tkazishi uchun ajratilgan mablag‘lardan quyidagi maqsadlarda foydalanishi lozim:
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan televideniye, radio, umumiy foydalaniladigan axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari orqali chiqishlarni tashkil etishga;
bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash hamda tarqatishga;
saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, nomzodlarning ishonchli vakillari va bevosita saylov okrugida saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga;
saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullarini o‘tkazishga.
21. Siyosiy partiya belgilangan tartibda saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarini amalga oshiradi.
22. Nomzod o‘z maqomidan mahrum etilgan yoki nomzodlikdan voz kechgan hollarda shuningdek, nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya o‘z faoliyatini to‘xtatgan taqdirda, siyosiy partiya belgilangan muddatlarda foydalanilmay qolgan mablag‘lar qoldiqlarini MSKning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytaradi.