Qon va qonning shaklli elementlari eritrotsitlar leykotsitlar trombotsitlar.
Qon qizil rangli kuchsiz, ishqoriy reaktsiyaga ega bo'lgan, nordonroq mazali, suyuq biriktiruvchi to'qimadir. Katta yoshdagi odamda 5 litrga yaqin qon bo'ladi (tana og'irligining 5-9 %ni qon tashkil qiladi). Lekin organizmdagi qonning taxminan yarmi qon tomirlarida oqib yuradi, qolgani qon depolari (jigar taloq va teri kapillyarlari)da saqlanib turadi. Qonning deyarli 20% jigarda, 6% taloqda va 10% terida bo'ladi. Tomirlarda qon miqdori kamayganda (jarohatlar natijasida) yoki muskullar harakat qilganda, odam kuchli hayajonlanganida qon depolardan tomirlarga o'tib, tomirlarda aylanib yuradigan qon miqdori oshadi. Qon organizmda xilma-xil funktsiyalarni bajaradi:
Qon hujayra va to'qimalarga oziq moddalar va kislorod olib kelib, moddalar almashinuvi vaqtida to'qimalarda hosil bo'lgan keraksiz va zararli parchalanish mahsulotlarini olib ketadi.
Qon ichki sekretsiya bezlarida ishlanib chiqqan, organlarning ishiga ta’sir etadigan garmonlarni organizmga tarqatadi.
Qon tarkibidagi hujayralar (fagotsitlar) va maxsus moddalar (antitelolar) organizmga tushgan yot, zararli va kasallik qo'zgatuvchi mikroblardan organizmni himoya qiladi.
Qon ichki organlar orasida issiqlikni tartibga soluvchi va gavda temperaturasining nisbatan turg'unligini saqlashda ishtirok etadi.
Qon hujayra va to'qimalarning ishlashi uchun qulay sharoit tug'diradi. Organlarni bir-biri bilan bog'lab, organizmning bir butunligini ta’minlaydi.
Qon hujayra va to'qimalar bilan bevosita aloqada bo'lmaydi. Shu sababli qon bilan kelgan, suvda erigan oziq moddalar va kislorod avvalo hujayra va to'qimalar orasidagi suyuqlikka tushib, undan hujayralarga o'tadi. Hujayralarda hosil bo'lgan parchalanish mahsulotlari, aksincha qonga o'tadi. Qon plazmaning bir qismi tomirlari devoridan hujayra va to'qimalar orasiga o'tib, to'qimalararo suyuqlikni hosil qiladi va to'qimalararo bo'shliqdan maxsus limfa tomirlariga o'tib, yurakka yaqin joyda qonga ko'shiladi. Limfaning harakat qilishi hujayralarning oziq moddalar va kislorod bilan ta’minlanib turishida katta rolь o'ynaydi.
Qonning tarkibi va xossalari sog'lom odamda deyarli o'zgarmaydi. Qon ikki qismdan: qon plazmasi va qonining shakli elementlaridan iborat. qon plazmasi qon hajmining 60% ni tashkil etadi. Unda 90- 92 % suv va 8- 10 % quruq qoldiq bo'ladi. Kuruk qoldiqda 6,8 - 8,2 % oqsil, 0,1- 0,12 % glyukoza, 0,17 % aminokislotalar, moddalar almashinuvi mahsulotlari, har xil fermentlar va garmonlar bor. Oqsillar organik moddalarning ko'p qismini tashkil etadi. Plazmadagi oqsillarga alьbumin, globulin, va fibrinogen kiradi. Fibrinogen qon ivishida ishtirok etgani sababli ayniqsa katta ahamiyatga ega. Qon ivishida plazma fermentlaridan protrombin ham katta rolь o'ynaydi. Quruq qoldiqning taxminan 1 % anorganik moddalar (natriy, kaliy, kalьtsiy, magniy, fosfor tuzlari va boshqallar)dan iborat. Bu mineral tuzlar plazmadagi osmotik bosimni tartibga solib turadi. Osmotik bosim deb - suyuqlikda erigan moddalar ko'rsatadigan bosimga aytiladi. Hujayra va to'qimalarning normal yashashi uchun osmotik bosim ham past bo'ladi. Plazmaning osmotik bosimi o'zgargan sharoitda qon hujayralari yashay olmaydi, bujmayib nobud bo'ladi yoki yorilib ketadi.
Qizilqon qon hujayralarining yorilishi gemoliz deyiladi. Plazmadagi barcha tuzlar qontsentratsiyasiga muvofiq qilib tayyorlangan eritma fiziologik eritma deyiladi. Issiqqonli hayvonlar uchun 0,9 % va sovuqqonli hayvonlar uchun 0,6% li NaS1 eritmasi fiziologik eritmaga misol bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |