16-modda. Qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish
16-modda. Qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish
Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosida qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish ularni yozma ravishda (qog‘ozda) rasmiylashtirish zaruratisiz elektron shaklda amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlarga doir boshqa bitimlar yozma shaklda tuziladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Uyushgan bozorlarda oldi-sotdi bitimlari tuzilganda ular yuzasidan hisob-kitob qilish muddatlari qimmatli qog‘ozlar savdosini tashkil qilish qoidalari bilan, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari bilan belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Emitentlar qimmatli qog‘ozlarni mustaqil ravishda, shuningdek banklar va investitsiya vositachilari orqali joylashtirish huquqiga ega.
Qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish quyidagi turlarda amalga oshirilishi mumkin:
qimmatli qog‘ozlarni xususiy joylashtirish (oldindan ma’lum bo‘lgan, soni cheklangan investorlar orasida ommaviy e’lon bermagan va reklama kampaniyasi o‘tkazmagan holda yopiq obuna qilish);
qimmatli qog‘ozlarni ommaviy joylashtirish (soni cheklanmagan investorlar orasida reklama kampaniyasini o‘tkazgan holda ochiq obuna qilish).
Ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab o‘tilgan hollarning har biri uchun qimmatli qog‘ozlar chiqarilishining eng kam yoki eng ko‘p hajmi qonun hujjatlarida belgilanishi mumkin.Aksiyalarning ochiq obunasi qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosidagina o‘tkaziladi.
Banklar va investitsiya vositachilari emitentlar tomonidan chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishining joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olib yoki olmagan holda emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni emitent nomidan sotish to‘g‘risida emitentlar bilan shartnomalar tuzishi mumkin.
Joylashtirilayotgan qimmatli qog‘ozlarning soni emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan qimmatli qog‘ozlar sonidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Emitent emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning haqiqatda joylashtirilgan sonini ularning chiqarilishi yakunlari to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatadi. Emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishi yakunlari to‘g‘risidagi bildirishnomani taqdim etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.