Tabiiy eksperiment. Tabiiy eksperiment metodi oddiy obektiv suratda kuzatish metodi bilan laboratoriya eksperimenti metodi o’rtasida turadi. Bu metodni professor A.F.Lazurskiy kuzatish va tajriba metodlarining kamchiliklaridan saqlanish va ikkala metodning foydali tomonlarini qo’shish maqsadida yaratgan.
Tabiiy eksperiment metodining mohiyati shundaki, bu erda tekshiruv-chi kishining o’zi tekshiriladigan kishida (yoki kishilarda) biron psixik jarayon (masalan, xotira, tafakkur, diqqat) ro’y berishi uchun yoki tekshiriladigan kishilarda individual xususiyatlarini (temperament, havas) ro’y berishi uchun maxsus sharoit tug’diradi. Masalan, tekshirish lozim bo’lgan biron psixik jarayon odatdagi dars vaqtida yoki o’yin paytida maxsus reja bilan tekshiriluvchining o’ziga sezdirmasdan tajriba qilib sinaladi. Albatta, bu sharoit va unda tekshiriladigan psixik faoliyat dastlab analiz qilinadi. M: bolalardagi muayyan bir psixik jarayonlarni, muayyan bir xarakter xususiyatlarini, muayyan bir qobiliyatlarni ularning biron-bir o’yindagi faoliyati sharoitida tekshiriladigan bo’lsa, bolalarning tekshirish nazarda tutilgan psixik jarayoni, xarakter xususiyatlari, qobiliyatlari qaysi o’yinda, ayniqsa, yaqqol ko’rinishi oldindan bilib olinadi. Tekshiriluvchi kishilar shundan keyin tekshiruvchi kishi tomonidan maxsus ravishda, lekin tekshiriluvchi kishilar uchun tabiiy bo’lgan sharoitga, darsga yoki bu o’rinda o’yinga jalb qilinadi. Tekshiruvchi kishi bolalarning faoliyatini kuzatib turadi va tekshiriluvchi bolalar uchun tabiiy sharoitda kelib chiqadigan psixik jarayonlarni va bolalarning individual xususiyatlarini qayd qiladi.
Suhbat metodi
Suhbat metodi psixik hodisalarning asosan ichki, subektiv tomonini tekshirish uchun qo’llaniladi. Tadqiqotchi psixik hayot hodisalarining birontasini, masalan, odamda shodlik hissi subektiv ravishda qanday kechishini, biron masalani echganda tafakkur jarayoni qanday borishini va shunga o’xshash hodisalarni tekshirishni oldindan vazifa qilib qo’yadi, tadqiqotchi suhbat vaqtida tekshiriluvchi kishiga beradigan savollarni oldindan belgilab oladi.
Suhbat metodi o’z-o’zini kuzatish metodi bilan tashqi kuzatish metodining qo’shilishidan iborat. Bu erda o’z-o’zini kuzatish shunda namoyon bo’ladiki, tadqiqotchi tekshiriluvchi kishiga savollar berib, uning o’z ichki ongini chuqurroq bilib olishga majbur etadi. Tekshiriluvchi kishi tadqiqotchining topshiriqlariga muvofiq va tadqiqotchining yordami bilan (savollar ustalik bilan berilganda) o’zining ichki holatlarini ochib tashlaydi va nutqida ifodalaydi, so’zlar bilan javob qaytaradi.
Suhbat samimiy, bemalol bo’lishi, tekshiriluvchi kishilarning psixik holatiga zo’r kelmasligi kerak. Suhbat odam psixik hayotining bevosita kuzatish va eksperimentda aniqlab bo’lmaydigan jarayon va hollari haqida ma’lumot olishga yordam beradigan birdan-bir metoddir, deyish mumkin. Masalan, kosmosga parvoz qilish vaqtida odamning psixik faoliyat xususiyatlari haqida bilim olmoq uchun tadqiqotchi kosmonavtlarning o’zi bilan suhbat qilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |