Oziq toʻrlari
Oziq zanjirlari qaysi organizm qaysi organizmni isteʼmol qilishi haqidagi aniq ifodani taqdim etadi. Biroq biz ularni yaxlit ekologik jamoa sifatida taʼriflashga harakat qilganimizda ayrim muammolar yuzaga keladi.
Misol uchun, bir organizm har biri turlicha trofik darajalarda boʻlgan koʻplab oʻljalar bilan oziqlanishi yoki uning oʻzi ham koʻplab yirtqich hayvonlar tomonidan isteʼmol qilinishi mumkin. Bu siz gamburger isteʼmol qilganingizda ham sodir boʻladi. Yaʼni sigir bu birinchi tartib konsument va gamburgerdagi salat bargi esa birinchi daraja produtsent organizm hisoblanadi.
Bu munosabatlarni yana ham aniqroq bayon qilish uchun ekotizimdagi koʻplab turlar orasida oziqlanish bilan bogʻliq boʻlgan – trofik munosabatlarni koʻrsatuvchi oziq toʻri chizmasidan foydalanishimiz mumkin. Quyidagi diagrammada oziq toʻriga misol sifatida Ontario koʻlidagi organizmlar koʻrsatilgan. Produtsentlar yashil, birinchi tartib konsumentlar olovrang, ikkinchi tartib konsumentlar koʻk va uchinchi tartib konsumentlar esa binafsharangda ifodalangan.
Diagrammaning quyi qatorida produtsent organizm hisoblanadigan diatomlar, yashil suvoʻtlar va koʻk-yashil suvoʻtlar, xivchinlilar va rotiferlar aks ettirilgan. Keyingi daraja produtsentlar bilan oziqlanadigan birinchi tartib konsumentlarni oʻz ichiga oladi. Ular kalanoidlar, dafniyalar, siklopoidlar, rotiferlar va amfipodlardan iborat. Krevetkalar ham produtsentlar bilan oziqlanadi. Oʻz navbatida, birinchi tartib konsumentlar kichkina baliqlardan tashkil topgan ikkinchi tartib konsumentlar tomonidan isteʼmol qilinadi. Kichik baliqlar kattaroq baliqlar, yaʼni uchinchi tartib konsumentlar tomonidan isteʼmol qilinadi. Baʼzi ikkilamchi konsument hisoblanuvchi baliqlar oʻz oziq darajasidagi mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Barcha baliqlar dengiz minogasi tomonidan isteʼmol qilinadi. Demak, oziq toʻri bu oʻzaro bogʻlangan qatlamlar majmuasi ekan.
Oziq toʻrlaridagi koʻrsatkichlar isteʼmol qilinadigan organizmdan isteʼmol qiluvchi organizm tomon yoʻnalgan. Yuqoridagi oziq toʻrida bayon etilganidek, ayrim turdagi organizmlar bir nechta trofik darajadagi organizmlar bilan oziqlanadi. Misol uchun, opossum krevetkasi produtsentlar bilan ham, birinchi tartib konsumentlar bilan ham oziqlanadi.
Bonus savol: Quyidagi oziq toʻri biz yuqorida koʻrib oʻtgan yashil suvoʻt mollyuska Cottus cognatus turkum mayda baligʻi salmon baligʻi oziq zanjirini oʻz ichiga oladi. Buni topib koʻring-chi?
Do'stlaringiz bilan baham: |