1. Harbiy va fuqaro hokimiyatini bir qo’lda to’plagan holda o’lkani boshqarish. 2. Siyosiy hokimiyatga ega bo’lmagan barcha ichki ishlarni boshqarishni yerli aholining xulq-atvori va urf-odatlarini hisobga olib, mahalliy aholi qo’liga topshirish. 3. Mahalliy boshqarmada, uning qonun va urf-odatlarida mavjud bo’lgan davlat manfaatlariga ziyon yetkazuvchi barcha narsalarni butunlay tugatish. 4. Imkoniyati boricha sudni ma’muriyatdan batamom ajratib qo’yish. Ko’rinib turibdiki, “Dasht komissiyasi” ning asosiy vazifasi mustamlakachilikka asoslangan o’lka boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan edi. Bu “Komissiya” tomonidan ishlab chiqilgan “Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi” bo’yicha Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorda quyidagilar qayd etilgan edi:
1. Loyihada ko’rsatilgan hududlarda Yettisuv va Sirdaryo viloyatlari tarkibida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilsin.
2. General-gubernatorga o’lkani boshqarish uchun loyihada nazarda tutilgan shtatlardan kelib chiqqan holda, boshqarish uchun amaldorlar olishga imkoniyat berilsin.
3. General-gubernatorga loyihada ko’rsatilgan yerlarda, o’lkadagi mahalliy sharoit, tuzem (mahalliy) xalqlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda so’nggi marta qonuniy tartibda ko’rib chiqish va qabul qilish uchun uning qismlari bo’yicha va yaxlit holda o’zining xulosasini berish topshirilsin. Ungacha loyihada ko’rsatilgan holatlarni asos sifatida qabul qilib, o’lka tuzilishi uchun favqulodda muhim va foydali deb hisoblangan hamma choralarni ko’rish topshirilsin.
Tadqiqotlarga ko’ra, Turkiston viloyatining Orenburg general-gubernatorligi tarkibida bo’lishi vaqt o’tishi bilan turli muammolarnikeltirib chiqargan edi. Shuning uchun ham Turkiston viloyatining uzoqda joylashganligi, viloyat ma’muriyati vakillari sonining kamchiligi general- gubernatorlik bilan bog’lanishga, uning ko’rsatmalarini o’z vaqtida bajarilishiga salbiy ta’sir ko’rsatayotganligi imperiya hukmron doiralari o’rtasida Turkiston viloyatini Orenburg general-gebernatorligidan alohida ajratish masalasini kun tartibiga qo’ygan edi. 1867 yilda Peterburgda Turkiston boshqaruvi bo’yicha tayyorlangan “Nizom” loyihasi maxsus
komissiya tomonidan muhokama qilinib, unda Orenburg general- gubernatorligidan alohida bo’lgan Turkiston general-gubernatorligini tashkil qilish to’g’risidagi qaror qabul qilinadi. 1867 yil 11 aprelda Aleksandr II tomonidan komissiya taklifi ma’qullanib, 11 iyulda Janubiy Qozog’iston va O’rta Osiyoning bosib olingan hududlarida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilganligi to’g’risida farmon e’lon qilinadi.
Birinchi general-gubernator qilib fon Kaufman tayinlanadi.
Rossiya imperatori tomonidan “Turkiston o’lkasini booshqarish to’g’risidagi Nizom” 1886 yil 12 iyunda tasdiqlangan bo’lsada, ma’muriy tizim bo’yicha e’tirozlar davom etdi. Ammo, iperator Turkiston o’lkasida sobiq general-gubernatorlik boshqaruvining asosiy tamoyillarini saqlab qolgan holda unga ba’zi o’zgarishlar kiritdi. Umuman olganda, Turkiston o’lkasida Rossiya imperiyasi hukmronlik qilgan yillarda qonun loyihalari doimo to’ldirilib, o’zgartirilib turildi. Chunki podsho Rossiyasining qonun loyihalari Turkistonni Rossiya imperiyasining markazlashgan boshqaruv tizimiga kiritib, uni rus burjuaziyasi va dvoryan-pomeshchiklar mulkiga aylantirishga qaratilgan edi.
Turkiston general-gubernatorligini boshqarish bo’yicha dasturiy hujjatlar ishlab chiqishda “harbiy vaziyat” omili hal qiluvchi bo’lgan.
Bunday hujjatlar chorizmning O’rta Osiyo xonliklarining yangidan-yangi hududlarini bosib olishi munosabati bilan vujudga kelgan va aynan shuning uchun ham doimo “muvaqqat” yoki “vaqtinchalik” xarakterga ega bo’lgan. Misol uchun, “Sirdaryo va Yettisuv viloyatlarini boshqarish to’g’risidagi Nizom”(1867 y) “tajriba tariqasida” uch yil muddatga joriy qilingan bo’lib, 20 yil davomida amal qilgan. “Zarafshon okrugini boshqarishning vaqtinchalik qoidalari” (1868 y), “Amudaryo bo’limini boshqarishning vaqtinchalik qoidalari” (1874 y) va “Farg’ona viloyatini boshqarish bo’yicha vaqtinchalik Nizom” (1876 y) to’g’risida ham shunday deyish mumkin.