2. Mustaqil O‘zbekiston pensiya ta’minoti tizimining rivojlanish bosqichlari.
Respublikamizda amal qilayotgan pensiya tizimi «avlodlar birdamligi» tizimi bo‘lib, 1991 yilda pensiya miqdorini ish staji davomiyligi va o‘rtacha oylik ish haqiga uzviy bog‘lash hamda maxsus pensiya jamg‘armasi hisobidan tizimni moliyalashtirishni amalga oshirishga harakat qilindi. 90 yillarda pensiyaga oid qabul qilingan qonunlar pensiyani belgilash va to‘lash tartibiga katta o‘zgarishlar kiritgan bo‘lishiga qaramay, u asosiy muammo pensiya tizimi moliyaviy ta’minotini barqarorlashtirish masalasini hal qila olmadi.
Mustaqillikka erishgan kundan boshlab, respublikamizda alohida ijtimoiy ta’minot tizimini ishlab chiqishga kirishildi. O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari Prezidentimiz tomonidan belgilab berildi.
Mustaqillik munosabati bilan Respublikamizda ijtimoiy himoya va ijtimoiy ta’minotning mazmun mohiyati tubdan o‘zgardi. Ijtimoiy himoya davlatimizning ichki siyosatining asosiy tamoyillaridan biri qilib belgilandi, chunki bozor munosabatlariga o‘tib borishda aholining kam ta’minlangan, muhtoj qatlamini ijtimoiy qiyinchiliklardan ishonchli tarzda himoyalash va kafolatlash zaruriyati vujudga kelgan edi.
Aholining davlat himoyasiga muhtoj bo‘lgan qatlami bolali oilalar, qariyalar, nogironlar, boquvchisidan mahrum bo‘lganlarning ahvoli bozor munosabatlariga o‘tish davrida narx-navoning oshishi, pulning qadrsizlanishi bilan qiyinlashib ijtimoiy notengsizlik yuzaga kelish xavf xatari sezila boshladi.
Bu borada ijtimoiy adolat koidalarini ro‘yobga chiqarish, aholining eng nochor qatlamlari keksalar, nogironlar, yetim-yesirlar, ko‘p bolali oilalar, o‘quvchi yoshlarning davlat tomonidan ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan kafolotli huquqlarini ta’minlash zaruriyati paydo bo‘ldi.
Aynan, kishilarni ijtimoiy himoyalashning va huquqiy kafolatlashning kuchli va ta’sirchan mexanizmi mavjud bo‘lgandagina, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlab qolish mumkinltgtdan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov “O‘zbekiston bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” asarida kuchli ijtimoiy siyosat iqtisodiy o‘zgarishlarning ishonchli kafolati ekanligi va bozor iqtisodiyotiga o‘tishning barcha bosqichlarida oldindan kuchli ijtimoiy siyosat o‘tkazish kerakligini ta’kidlagan. Bu shuni anglatadiki, bozor munosabatlariga o‘tish davridagi iqtisodiy tizim islohoti aholini, ayniqsa uning muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoyalash masalasini birinchi o‘ringa qo‘ydi.
Mustaqillik davridan boshlab erishilgan ulkan yutuqlarimizdan biri ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor munosabatlarining qaror topayotganligi, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yangicha demokratik tuzum, fuqarolik jamiyati rivojlanib borayotganligidir.
Bugungi kunda jahon e’tirof etayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”da Prezidentimiz I.A. Karimov ijtimoiy himoya tizimini yanada yaxshilash va mustahkamlash to‘g‘risida o‘z yo‘nalishlarini qat’iy belgilab berdi. Shu asosida istiqlol yillari mobaynida ijtimoiy ta’minot sohasida ulkan o‘zgarishlar va islohotlar izchillik bilan amalga oshirilib kelinmoqda.
Hukumat karorlari va Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalarning miqdorlarini oshirib borish to‘g‘risida”gi Farmonlari kuchli ijtimoiy himoya mexanizmining o‘zgaruvchan sharoitga mos bo‘lishi uchun kuchaytirib borish tadbirlarini o‘z ichiga olgan.
Ijtimoiy himoyaning mavjud usullarini, ularni moliyaviy ta’minlash manbalarini tubdan o‘zgartirish, bu muammolarni faqat davlat mablag‘lari hisobiga hal qilmay, balki homiylar, xayriya va jamoat mablag‘larini ham jalb qilish zaruriyati mavjud pensiya ta’minoti tizimni tashkillashtirishning o‘ziga xos yo‘nalishlaridan biridir.
Davlat taqsimlash tizimida u yoki bu choralar tartibini tanlashni esa mamlakat pensiya tizimida vujudga kelgan holat, demografik vaziyat tavsifi, jamiyatda amal qilayotgan adolat tushunchalari, siyosiy qarashlar belgilab beradi. Respublikamizda amal qilayotgan pensiya ta’minoti tizimi ma’lum tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lib, uning rivojlanishi(ni) mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini qaror topishiga qaratilgan islohotlarning mazmunmohiyatidan kelib chiqib yangi bosqichni boshlab berdi. 1993 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuni va hukumat tomonidan qabul qilingan boshqa me’yoriy hujjatlar amal qilayotgan pensiya ta’minoti tizimining huquqiy asosini tashkil etadi.
"Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunining mohiyati - pensionerlarning jamiyatda tutgan o‘rni, ularni ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida huquqiy himoyalash, pensiya miqdorini bevosita mehnat stajining davomiyligi va ish haqi miqdoriga bog‘liqligini ta’minlash tashkil etadi. Mazkur qonunning negizi va uning MDH davlatlari pensiya tizimlaridan asosiy farqi, pensiya hisoblash sxemasidir. Ushbu sxema bo‘yicha barcha turdagi «pensiyalar uch qismdan iborat bo‘ldi”:5
Birinchi qism kafolatlangan bo‘lib, pensiyaning tayanch miqdorini tashkil etadi. Bu qism O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining talabidan kelib chiqqan bo‘lib, pensiyaning eng kam miqdori davlat tomonidan belgilanadi, ya’ni “pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordamning boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas”. 6Ikkinchi qism pensiya tayinlash uchun talab etilgan stajdan ortiq bo‘lgan har bir to‘liq yil uchun pensiya miqdorini oshirishdir. Bu qismning zarurligi bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib, har bir shaxsning mehnat staji davomiyligini inobatga olish imkonini beradi.
Uchinchi qism pensiyaga qo‘shiladigan ustama bo‘lib, jamiyat oldida xizmat ko‘rsatgan yoki sog‘lig‘i tufayli qo‘shimcha ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslarga beriladi.
Yangi qabul qilingan qonunning muhim jihatlaridan yana biri, agar sobiq ittifoq davrida pensiyalarning besh turi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endi pensiyalarning quyidagi uch turi saqlanib qolingan: yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi. Qonunga muvofiq, umuman mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga ijtimoiy pensiya o‘rniga nafaqalar tayinlash ko‘zda tutilgan. Ko‘p yillik xizmatlari uchun beriladigan pensiyalar esa yosh bo‘yicha tayinlanadigan imtiyozli tarkibga kiritildi.
Aholining ayrim guruhlari uchun ilgari belgilangan ko‘p yillik xizmat pensiyalari, imtiyozli yoshga doir pensiyalar bilan almashtirildi. Qonun pensiya darajasini jamiyat farovonligi uchun sarflangan mehnatning sifati va miqdoriga mos kelishini ta’minladi.
Ilgari sobiq Ittifoq qonunida belgilangan ijtimoiy pensiyalar o‘rniga ish staji yo‘q fuqarolarga Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 iyundagi 319sonli qaroriga asosan yolg‘iz qariyalar, nogironlar va bolalikdan nogironlarga nafaqalar belgilandi.
Islohotlar davomida mulkchilikning qaysi shakli va sohalarida band bo‘lishidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni teng ijtimoiy kafolatlar bilan ta’minlash, ayniqsa aholining nochor qatlamlariga yordam berish, manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tish jarayonini faollashtirish talab etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 10 dekabrdagi “Bolali oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 10 dekabrdagi 437-sonli Qaroriga asosan, bolali oilalarga nafaqa tayinlash va to‘lashning yangi tartibi joriy qilindi.
1999 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 520-sonli hamda 2007 yildagi 459-sonli qarorlari bilan “Hech kimi yo‘q yolg‘iz keksa va nogironlarni ijtimoiy himoyalashga doir 2010 yilgacha mo‘ljallangan davlat Dasturi” kabul qilindi va yolg‘izlarning salomatliklarini muhofazalash va ularni ijtimoiy himoyalashga doir bir qancha tadbirlar amalga oshirilmokda.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Vazirligi davlatimizning kuchli ijtimoiy himoya siyosatiga amal qilgan holda, “O‘zbekiston Respublikasi aholisining 2010 yilgacha davrga mo‘ljallangan ijtimoiy himoyasi yagona tizimini yaratish konsepsiyasi”ni ishlab chiqdi.
Ushbu konsepsiyada respublikamizning o‘ziga xos xususiyatlaridan va tanlangan islohotlarning mazmun-mohiyati kelib chiqib davlatning ijtimoiy siyosatini amalga oshirish uchun yagona yo‘l ishlab chiqish va turli davlat idoralari va jamoat tashkilotlari kuchlarini hamda imkoniyatlarini birlashtirish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan. Ijtimoiy himoyaning mavjud usullarini, ularni moliyaviy ta’minlash manbalarini tubdan o‘zgartirish, bu muammolarni faqat davlat mablag‘lari hisobiga hal qilmay balki homiylar, xayriya va jamoat mablag‘larini ham jalb qilish zarurligi e’tirof etilgan.
Aholini ijtimoiy himoyalash masalalari ijtimoiy ta’minot organlari bilan birga, Moliya, Sog‘liqni saqlash, Aloqa vazirliklari, Budjetdan tashqari davlat maqsadli Pensiya Jamg‘armasiga, hamda jamoat tashkilotlari bo‘lgan: Ko‘zi ojizlar, Karsoqovlar, Nogironlar, Qizil Yarim oy jamiyatlari, “Mehribonlik”, “Bolalar”, “Navro‘z”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Nuroniy”, “Mahalla” kabi xayriya jamg‘armalariga ham yuklatilgandir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2001 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori asosida Mehnat va Ijtimoiy ta’minot Vazirliklari birlashtirilib, Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish Vazirligi tashkil qilindi va ijtimoiy himoya tizimi hamkorlikda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Chunki har ikkala vazirliklarning vazifasi davlatimiz olib borayotgan aholini ijtimoiy himoyalash tamoyili hamda muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab quvvatlash va muhofaza qilish bo‘lib hisoblanadi.
Davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, pensionerlarning moddiy farovonligini oshirish va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash maqsadida, 1993 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga bir kator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 100moddasi (Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish bunda qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda” so‘zlari) bilan to‘ldirildi.
Bundan maqsad – mamlakatimizda jadal joriy etilayotgan va alohida tayyorgarlikni talab etadigan zamonaviy axborot va ishlab chiqarish texnologiyalariga xodimlarning ko‘nikma va tayyorgarligini oshirish, pensiya oluvchilarning jismoniy imkoniyatiga mehnat vazifalarining mos kelishini ta’minlash va ular uchun mehnat faoliyatining maqbul sharoitlarini yaratishdan iborat. Bunda pensiya yoshiga yetgan xodimlarning mehnat qilishi uchun maqbul sharoitlarni yaratish, zarur hollarda ularni yengilroq vazifalarga o‘tkazish, shuningdek, mehnatga oid munosabatlarni boshqarishni takomillashtirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2012 yil 6 yanvardan amalga kiritilgan O‘zbekiston
Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalarda ijtimoiy mo‘ljalning universalligi tamoyillarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, fuqarolar pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘tgan yillardagi ish haqilarini pensiya tayinlanadigan kundagi ish haqi darajasiga keltirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi tomonidan belgilab beriladigan tartibga asosan qayta hisoblashning amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Pensiya ta’minoti qonunchiligiga kiritilgan mazkur o‘zgartishlar fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti masalalarini hamda mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajriba va bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mosligini ta’minlash, pirovardida pensiya ta’minotida ijtimoiy adolat prinsiplarini kuchaytirish, yuqori ish haqi olib ishlagan fuqarolarga mutanosib miqdorda pensiyalar tayinlash imkoniyatlarini yaratish va pensiyalar miqdorini ustuvor tarzda oshirishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan bir necha bor ta’kidlangan muhim masalaga e’tiborni kuchaytirish lozim. Mamlakatimizning qay bir mintakasi bo‘lishidan, uning iqtisodiy resurslar va salohiyatga qanchalik boyligidan qat’iy nazar, ushbu mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligi va turmush darajasini yuksaltirish maqsadida barcha kuchlarni safarbar etish lozim. Ayniqsa, viloyat va tuman rahbarlari ushbu kuchlarni maqsadga muvofiq yo‘naltirishlari, ularni o‘zaro uyg‘un holda jamiyat manfaatlari ostida birlashtirishlari lozim. Respublikamizda aholini turmush darajasini oshirish, pensiya tizimi sohasini rivojlantirish ishlari yanada takomillashtirilmoqda. Mamlakatimiz qonunchiligida aholining huquq va manfaatlarini himoyalashni mustahkamlashga qaratilgan qator imtiyozlar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining ayrim moddalariga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega fuqarolar toifasi ham nazarda tutilgan. Xususan, ekologiya falokati mintaqasida ishlaganlarga imtiyozli pensiya tayinlash huquqi 1993 yil 3 sentabrdagi qonun bilan joriy qilingan, Chernobil atom elektr stansiyasida yuz bergan halokat asos sifatida olingan. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, ekologiya falokati mintaqasida ishlagan fuqarolarga imtiyozli pensiya tayinlash normasi faqat O‘zbekiston Respublikasi pensiya qonunchiligida mavjud. Boshqa biror bir davlat qonunchiligida bunday me’yor nazarda tutilmagan. Shularni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining 9- moddasiga o‘zgartish kiritildi.
Ijtimoiy himoya tizimiga oid huquqiy asoslarning takomillashtirilishi ijtimoiy sohaga Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligining oshishiga xizmat qilmoqda. Bundan ko‘zlangan pirovard maqsad ham fuqarolar manfaatlarini yanada kengroq himoya qilish va xalq farovonligini oshirishdir. Ijtimoiy siyosatning adolat tamoyillaridan kelib chiqib, pensiya ta’minotini amalga oshirishda huquqiy asoslarini zamon talablariga mos bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu qonun ham pensiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajriba hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga moslashtirish, Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishda fuqarolarning qo‘shgan shaxsiy hissasi bilan tayinlangan pensiyalar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashdan iborat. Mazkur qonunga muvofiq, pensiyalarni qayta hisoblanadi. Mintakalarda yashovchi pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun istalgan vaqtda murojaat etishlari mumkin. Ayni paytda, amaldagi pensiya ta’minoti qonunchiligiga kiritilgan mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar aholining bandligi va farovonligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lishini ham alohida ta’kidlash lozim.
O‘z navbatida bularni amalga oshirish uchun moliyaviy iqtisodiy barqarorlik, jamg‘arma institutlarini tashkil qilishni o‘z ichiga olgan fond bozorlarining rivojlanishi va unga muvofiq keluvchi qonunchilik asoslarini yaratish, aholi jamg‘armalarini rag‘batlantiruvchi samarali soliq siyosatini yuritish, aholining moliyaviy muassasalarga bo‘lgan ishonchini ta’minlovchi davlat boshqaruv tizimi zarur.
Pensiya yoshiga yetib mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolar manfaatlarini muhofaza qilishni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi, fuqarolarga qarilik chog‘ida tayinlanadigan davlat pensiyalariga qo‘shimcha jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotining roli alohida ta’kidlandi.Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va tibbiymaslahat komissiyalari faoliyatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, bunda 16 yoshgacha va undan yuqori yoshdagi fuqarolarning nogironlik holatini belgilash tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish va amalga oshirish tartibini muvofiqlashtirish masalalari takomillashtirish kerak. O‘zbekiston Respublikasi pensiya tizimida vujudga kelayotgan muammolar pensiya tizimini takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Hozirgi sharoitda aholining ijtimoiy himoya turlari kengayib, uning qo‘llanish asoslarini tubdan o‘zgartirish talab qilinayotgan bir paytda xizmat ko‘satilayotgan aholi soni va sarflanayotgan mablag‘ miqdori jihatidan pensiya ta’minoti aholini ijtimoiy himoyalashda asosiy o‘rinni egallaydi.
Davlat pensiya ta’minoti tizimini tubdan isloh qilish, uni xalqaro andozalarga muvofiq tarzda rivojlantirish qo‘shimcha mablag‘lar talab qilinishi bois, bu sohaning daromadlarini shakllantirish va xarajatlarini moliyalashtirish mexanizmini yanada takomillashtirish bazasidan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |