2.O’zbekistonning eng yangi tarixi fanini o’rganishning nazariy-uslubiy asoslari. Tarixni davrlashtirish.
Istiqlol yillarida O’zbekistonda tarix fani ham muayyan o’zgarishlarga yuz tutdi. Sovet mafkurasi to’laligicha va qat‘iyan rad etilib, ko’p omilli metodologik yondashuvlarga jiddiy e‘tibor qaratildi. Milliy istiqlol g’oyasiga asoslangan yangi metodologik yondashuvlar paydo bo’ldi, ilm-fanning muammoli sohalariga shu kungacha o’rganilmagan mavzular kirib keldi, ko’plab tarixiy voqealarga yangicha izohlar berila boshlandi, yangicha ta‘lim standartlari, dasturlar, darslik va metodik qo’llanmalar ishlab chiqildi. Lekin, shunga qaramay, hali qilinishi lozim bo’lgan ishlar juda ko’p. O’tgan davr mobaynida O’zbekistonning eng yangi tarixidagi voqealar ko’lami va o’sish sur‘ati fan va ta‘lim oldiga ularni tizimli ravishda o’rganish vazifasini qo’ymoqda. Bu, bir jihatdan, mamlakatimiz keyingi 29 yil davomida iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy, madaniy-ma‘naviy sohalarda erishgan ulkan yutuqlar yetarli darajada yoritilmagani bilan sharhlanadi.
Mustaqillik O’zbekiston xalqi tarixini xolisona o’rganish imkonini berdi. Bu omil tarixni mafkuraviy aqidalar, bir tomonlama noxolisona yondashuvlar ta‘siridan xalos etish, tarixiy voqea-hodisalar qanday sodir bo’lgan bo’lsa, shundayligicha tadqiq etish va undan to’g’ri xulosa chiqarish uchun asos bo’ldi.
Mustaqillik sharofati bilan mamlakatimizda tarix faniga bo’lgan munosabat davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. O’zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimovning 1998 yil iyun oyidagi bir guruh tarixchilar bilan uchrashuvi, O’zbekiston FA Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori va O’zbekiston tarixi konsepsiyasining ishlab chiqilishi anashu amaliy harakatlar debochasi bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimovning Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q (1998), Yuksak ma‘naviyat – yengilmas kuch (2008), O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida (2011) kabi asarlari O’zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy tarzda o’rganishning nazariy-metodologik asoslarini shakllantirishga turtki bo’lib xizmat qildi.
Vatan va xalq tarixini o’rganishda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevlarning asarlari, maqola va nutqlari, Farmon va qarorlari, 2016-2020 yillarda qabul qilingan Qonun va meyoriy hujjatlar ham muhim nazariy-metodologik asos sifatida xizmat qiladi.
E‘tibor berish lozimki, tarixning yaratuvchisi va ijodkori bu – xalq. Bo’lib o’tgan tarixiy-madaniy jarayonlar, voqelik va hodisalar, islohotlarni xalqsiz va tarixiy shaxslarsiz tasavvur etish aslo mumkin emas. Tarix xalqning fikr-tafakkuri va dunyoqarashining hosilasi. Aynan shuning uchun ham – tarix ibrat maktabi bo’lib, o’tmishda yo’l qo’yilgan nuqsonlarni anglash va ulardan tegishli saboq chiqarish, hushyorlik va ogohlikni targ’ib etuvchi, buzg’unchi g’oyalarga qarshi turishga undovchi, milliy birlik, hamkorlik va bag’rikenglikka chaqiruvchi beqiyos ibrat maktabidir. Shuningdek, xalq xotirasi, o’tmish, ushbu o’tgan tarixiylikni o’quvchilarga haqiqiy yetkazish tarixni fan darajasiga ko’taradi. Tarixni fan sifatida o’qish, o’rganish, talqin etish va chuqur anglab yetish bevosita ilmiy tadqiqotlarning samarasi hisoblanadi. Faqat ilmiy tadqiqotlar orqaligina bo’lib o’tgan tarixiy-madaniy jarayonlarni xolis tahlil qilish va mantiqiy talqin etish qiyosiy va tanqidiy solishtirish asosida ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish, tarixiy dunyoqarash asosida voqea-hodisalar, tarixiy jarayonlarga baho berish, tarix falsafasini anglab yetish imkoniyatlari kengayadi. Aynan shuning uchun ham tadqiqotlar natijalarini doimiy ravishda fanga joriy etib borish metodologik jihatdan ulkan ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik bizga barcha imkoniyatlar bilan birgalikda haqqoniy tarixni yoritish va o’rganish imkoniyatini ham berdi. Shu jihatdan tarixni yoritish va o’rganishda birinchi navbatda bilish nazariyasining dialektik metodidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Olam yagona va yaxlit, barcha hodisa-voqealar umumiy va o’zaro bog’liqlikda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo’lishi dialektikaning asosiy tamoyillaridir. Dialektik metodologiya barcha mamlakat va xalq tarixini, shuningdek, O’zbekistonning eng yangi tarixini jahon xalqlari tarixi bilan bog’liq holda o’rganishni talab etadi.
O’zbekistonning eng yangi tarixi tarixi Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan, qolaversa, bashariyat tarixi bilan chambarchas bog’langan. Qadimdan bugungacha O’zbekiston Markaziy Osiyo va qo’shni mintaqadagi ko’pgina davlatlar bilan yagona iqtisodiy va madaniy makonda bo’lib keldi. Bu katta hududda yashovchi urug’, qabila, qavm, elatlar etnik jihatdan doimo o’zaro ta‘sir va aloqada bo’lgan, qo’shilish, aralashish jarayonlarini boshdan kechirgan, ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma‘naviy hayoti bir-biri bilan uzviy bog’liqlikda o’tgan. Bu holatlar O’zbekistonning eng yangi tarixini qo’shni mamlakatlar tarixi bilan bog’liq holda o’rganishni taqozo etadi. Qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, turkman, tojik, fors, afg’on, hind, arab va boshqa xalqlarning zamonaviy tarixini qanchalik yaxshi bilsak, O’zbekistonning eng yangi tarixini shunchalik chuqur, har tomonlama mukammal o’rganish imkoniyatiga ega bo’lamiz.
Tarixiy voqea-hodisalarni tahlil etish, yoritish va o’rganishda xolisona, haqqoniy, adolatli va ilmiy yondoshuv muhim metodologik qoida hisoblanadi. Xolislik qoidasi tarixiy voqea-hodisalarni o’rganayotganda, ular bilan bog’liq barcha jarayonlarning hech bir istisnosiz butun majmuani birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanib ishlashni talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda o’zaro aloqada va munosabatda tekshirish lozim.
Tadqiqotchilar to’g’ri ta‘kidlaganlaridek, Tor doirada tug’ilgan bir g’oyani, uydirmani oqlash lozim bo’lsa, faktlar silsilasidan faqat ayrimlarini, mos keladiganlarinigina tanlab olish tajribasi sir emas... Bu usulda chiqarilgan xulosa yoki baho xolisona, haqqoniy bo’lmay, u bir tomonlamalikka olib keladi.
Tarixiy voqea-hodisalarni o’z davrining aniq tarixiy sharoitidan kelib chiqqan holda o’rganish ham muhim ahamiyatga ega. Voqea-hodisalarni o’rganishda tarixiy rivojlanish jarayoniga e‘tibor qaratmoq zarur. Shu jihatdan tarixni yoritish va o’rganishda tarixiylik metodologiyasi muhim o’rin tutadi. Har bir voqea-hodisani boshqa voqea-hodisa bilan bog’lab o’rganilgandagina mazkur voqea-hodisalarning umumiy tarixiy jarayonidagi o’rnini to’g’ri aniqlash, belgilash mumkin bo’ladi. Har bir voqea-hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, bir bo’lagi deb qaramoq zarur. Ularning qanday tarixiy sharoitda, muhitda paydo bo’lganligini, o’z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni o’taganligini, keyinchalik u qanday bo’lib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining asosiy talabidir.
Tarixiylik metodologiyasi xalqning o’tmishini, hozirgi zamon va kelajagini yagona tabiiy tarixiy jarayon deb, o’tmish hozirgi zamonni yaratdi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi, degan taraqqiyot qonuni asosida qaraydi. O’tmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik yaxshi bilsak, anglab yetsak, hozirgi zamonni, mustaqillik mazmun-mohiyati va ahamiyatini mukammal tushunamiz, kelajakni to’g’ri tasavvur etamiz.
Tarixiy jarayonni o’rganishda ijtimoiy yondashuv tamoyiliga ham rioya qilmoq zarur bo’ladi. Ijtimoiy yondashuv metodologiyasi tarixiy jarayonlarni aholi barcha tabaqalarining manfaatlarini hisobga olgan holda o’rganishni taqozo etadi. Voqealarni alohida bir ijtimoiy tabaqa – kambag’allar, yo’qsillar yoki mulkdor, boylar manfaati nuqtai nazaridan turib tahlil etish, yoritish bir tomonlama yondashuv bo’lib, u tarixni soxtalashtiradi, to’g’ri xulosaga olib kelmaydi.
Mamlakat yurtboshisiz, boshliqsiz, davlat idora organlarisiz, boshqaruvchilarsiz, amaldorlarsiz bo’lmasligini isbot etishning hojati bo’lmasa kerak. Shunday ekan, barcha davlat arboblarini, amaldorlarni yoppasiga qoralash to’g’ri emas.
Ijtimoiy yondashuv tamoyili davlat arboblarining, siyosiy kuchlar, partiyalar, turli uyushmalar, ular yo’lboshchilarining tarixiy taraqqiyot darajasiga ko’rsatgan ijobiy yoki salbiy ta‘sirini, jamiyatda u yoki bu yo’ldan rivojlanishdagi rolini bilib olishda ham muhim ahamiyatga egadir. O’zbekiston tarixini o’rganishda milliy qadriyatlar, xalq an‘ana va urf-odatlarini, din tarixi, odamlarning diniy e‘tiqodlari, diniy ta‘limotlar va ularning asoschilari faoliyatini tahlil qilishda, yoritishda vorisiylik tamoyiliga amal qilish, ularga hurmatlash, e‘zozlash nuqtai nazaridan yondashmoq kerak. Hayot xalqning necha ming yillar davomida yaratgan ma‘naviy madaniyatini, axloqiy mezonlarini ikkiga: ekspluatatorlik madaniyati va axloqi hamda ekspluatatsiya qilinuvchilar madaniyati va axloqiga bo’lish va birinchisini qoralashdan iborat bolsheviklarcha yo’riqnomaning naqadar zararli ekanligini ko’rsatdi. Ma‘naviy merosga bunday yondashuv ma‘naviy qashshoqlanishga, milliy qadriyat va urf-odatlarning oyoq osti qilinishiga olib kelganligini ham unutmaslik kerak.
O’tmishning tarixiy jarayonlarini tahlil etish, yoritish va o’rganishda Vatan manfaati nuqtai-nazaridan yondoshib, milliy istiqlol g’oyasi tamoyillariga tayanib ish tutish juda muhim hisoblanadi.
Tarixni o’rganishda yuqoridagi nazariy-metodologik qoidalar bilan bir qatorda, dalillarni taqqoslash, mantiqiy-qiyosiy xulosalar chiqarish, davrlashtirish, sotsiologik tadqiqotlar o’tkazish, statistik, matematik va boshqa usullardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O’zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoyev ta‘kidlaganidek, o’tmishga berilgan baho albatta xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli bo’lishi zarur (Oliy Majlisga Murojaatnoma. 28.12.2018).
Vatan tarixini yoritish va o’rganishda uni to’g’ri davrlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Uzoq davr mobaynida tarixni o’zlari bilganlaricha davrlashtirishlar tarixni yoritish va o’rganish borasida buzilishlarga olib keldi.
Sobiq ittifoq tarkibidagi xalqlar tarixi, jumladan, yurtimiz va xalqimiz tarixi sinfiy kurash, inqilobiy harakatlarga asoslangan markscha qarashlarga mos holda davrlashtirildi. Shu bois, fanda ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sotsializmga bo’lingan davrlar o’rin oldi.
1991 yilgacha tarixni davrlashtirish masalasida boshqa yondashuvlar ham mavjud edi. Arxeolog olimlar mehnat qurollari qanday materialdan yasalganligini asos qilib olib, insoniyat tarixini qadimgi tosh, o’rta tosh, yangi tosh, mis-tosh, bronza, temir davrlariga bo’lgan edilar. Xorij olimlaridan L.Morgan va F.Engels tarixni uch davrga: yovvoyilik (tayyor tabiat mahsulotlarini o’zlashtirish), vahshiylik (chorvachilik va dehqonchilikning vujudga kelishi) va sivilizatsiya (sanoat rivojlanishi) davriga bo’lgan bo’lsalar, bunday davrlashtirish nomukammal ekanligini hayotning o’zi isbotladi va rad etdi.
Mustaqillik yillarida tarixga yangicha yondashuv, uni haqqoniy yaratish borasidagi vazifalar taniqli tarixchi olimlarni bu masalaga aniq mazmun va mohiyat kiritishiga imkon yaratdi. Taniqli tarixchilardan akademik A.Asqarov va E.Rtveladze tarixni davrlashtirish borasida bugungi kun nuqtai nazaridan kelib chiqib, yangi ijobiy fikrlarni oldinga surdilar. Masalan, akademik A.Asqarov jamiyat hayotida yuz beradigan tub ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar, O’rta Osiyo tarixining rivojlanish darajasi va shu mintaqa tarixi taqozo etgan holatlardan kelib chiqib, O’zbekiston tarixini davrlashtirishdagi asosiy omillarni izohlashga harakat qildi.
Nazarimizda, har bir davr qaysi asr va yillarni o’z ichiga olishini aniq ko’rsatib va oltinchi davrni O’zbekistonning eng yangi tarixi davri deb nomlab, quyidagi tartibda berish maqsadga muvofiqdir.
|
Davrlarning nomlanishi
|
Davrlar asri va nomlanishi
|
|
1.
|
Ibtidoiy jamoa tuzumi davri
|
Mil.avv. 1 million – III ming yilliklar
|
|
2.
|
Qadimgi davr: davlatchilikning shakllanishi va
|
Mil.avv.II ming yilliklar – Milodiy IV asr
|
|
rivojlanishi davri
|
3.
|
O’rta asrlar davri
|
Milodiy V – XIX asr o’rtalari
|
|
4.
|
Rossiya imperiyasi
|
XIX asr 2 yarmi – 1917 yil
|
|
mustamlakachiligi davri
|
5.
|
Mustabid sovet hokimiyati
|
1917 – 1991 yillar
|
|
hukmronligi davri
|
6.
|
O’zbekistonning eng yangi tarixi davri
|
1991 yildan bugungi kungacha
|
|
Oltinchi davrni O’zbekistonning eng yangi tarixi davri deb nomlashning muhim sababi, O’zbekiston 1991 yil 31 avgustda davlat mustaqilligiga erishdi va o’zining eng yangi tarixini boshladi. Bu davrda o’zbek xalqi mustaqil taraqqiyot yo’lidan borib, qisqa fursatda asrlarga tatigulik sharafli yo’lni bosib o’tdi, jahon miqyosida o’z o’rnini topdi. Shu ma‘noda ushbu davr maxsus o’rganilishi kerak bo’lgan xalqimiz tarixining ajralmas qismiga aylandi.
Eng yangi tarix – juda ko’p ilmiy bahs-munozaralar predmeti. Ba‘zan u tor ma‘noda tushuniladi, ya‘ni so’nggi o’n yilliklar yoki ushbu davrdagi bir avlodning tarixi sifatida; boshqa yondashishda esa uning boshlanishi avvalgi tarixiy davrlardan farqli bo’lgan asrning o’ziga xos jihatlari bilan belgilanadi. O’zbekistonning eng yangi tarixi mazkur yondashuvlarga muvofiq keladi, shu bilan birga, uni davrlashtirish masalasi yuzaga keldi.
Eng yangi tarixni davrlashtirish tamoyillari bo’yicha ham turli yondashuvlar mavjud.
Ba‘zi olimlar Eng yangi tarix deganda, Yangi davrni, ya‘ni Yevropa va Shimoliy
Amerikada kapitalizmning qaror topishi va rivojlanishi davrini tushunishadi. Madaniyatshunoslik yondashuvlariga asoslangan G’arbdagi tarix ilmiy maktablari Eng yangi tarixni ilm-fanning o’sishi, texnikadagi rivojlanish, shuningdek, ongning sekulyarizatsiyasi bilan xarakterlangan inson va jamiyat tafakkuri hamda madaniyatidagi o’zgarishlar bilan asoslashadi.
Shu bilan birga, turli ilmiy yo’nalishlarda eng yangi tarix quyidagi holatlar bilan bog’lanadi:
chet el zulmidan ozod bo’lish;
mustaqil milliy davlat barpo etish jarayoni.
O’zbekistonning yangi tarixi mustaqillikni qo’lga kiritish va O’zbekiston Respublikasining rivojlanish tarixidir. Shu boisdan, bu tarixning boshlanish nuqtasi sifatida sovet totalitar tuzumining so’nggi o’n yilligi davrida O’zbekiston uchun o’ta xavfli voqealarga boy bo’lgan 1989 yilni ko’rsatish mumkin. Ushbu voqealar negizida esa inqirozga yuz tutgan ma‘muriy-buyruqbozlik tizimi, respublikalarning milliy, iqtisodiy, ijtimoiy manfaatlarini inobatga olmaslik siyosati va paxta yakkahokimligi oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik ahvolning, insonlar hayot darajasining fojiali yomonlashuvi yotar edi. O’zbekiston tarixining eng murakkab davrida siyosat maydoniga kelgan Islom Karimovning jasorati, say-harakatlari natijasi o’laroq, respublika manfaatlari qat‘iyat bilan himoya qilindi, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy parokandalikdan, ichki va tashqi nizolardan saqlab qolishga erishildi. Natijada 1991 yilda O’zbekiston mustaqil davlat deb e‘lon qilindi. Bu o’zbek xalqi va davlatchiligi rivojlanishida yangi, hal qiluvchi nuqta bo’lib qoladi.
Ikkinchidan, O’zbekisgonning suveren davlat sifatidagi eng yangi tarixi insoniyat tarixi rivojlanishidagi yangi bosqichga to’g’ri keldi. Bu bosqichda biz yangi davrga qadam qo’ymoqdamiz, ko’z o’ngimizda jahonda butunlay yangi tartib o’rnatilmoqsa. O’zbekistonning eng yangi tarixi esa insoniyat eng yangi tarixining ajralmas qismi sifatida zamonaviy dunyoning global voqealari bilan chambarchas bog’liq.
Bundan tashqari, eng yangi tarixni o’rganish tarixchilarning yangi avlodi paydo bo’lishi bilan izohlanadi. Bu, o’z navbatida, zamonaviy nazariyada muhim hisoblangan bir savol – tarixchining jamiyatga berayotgan o’tmish haqidagi bilimlariga nisbatan javobgarligi masalasini yuzaga chiqaradi. Va nihoyat, eng yangi tarix – uning zamondoshlari tarixi. Biz barchamiz – O’zbekiston Respublikasining fuqarolari ushbu tarixning bevosita guvohlari va ijodkorlarimiz.
Umumlashtirgan holda aytish mumkinki, O’zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida bosib o’tgan yo’lining mazmun-mohiyatini obyektiv baholagan holda, O’zbekistonning yangi tarixini quyidagi bosqichlarga bo’lib o’rganish maqsadga muvofiq.
1989-1991 yillarni qamrab olgan birinchi bosqich. Mustaqillikka erishish arafasida mamlakatimiz keskin ijtimoiy muammolar girdobida qolib ketgan tahlikali bir paytda mavjud vaziyatning ijobiy tomonga o’zgartirilishi, yangi avlodga mansub siyosatchi Islom Karimovning respublika rahbari lavozimiga kelishi, O’zbekistonda mustaqillik g’oyalarining pishib yetilishi, davlat mustaqilligi tarixiy tasodif ta‘sirida emas, balki respublikada yuzaga kelgan ziddiyatli va murakkab vaziyatdan chiqish yo’l-yo’riqlarini qidirish hamda sobiq Itgifoq rahbariyatining O’zbekiston yetakchisi Islom Karimov siyosatiga qarshi qaratilgan fitnalarining oldini olish yo’lidagi kurashlar bilan xarakterlanadi. Mazkur yillarning alohida davr sifatida e‘tirof etilishida I.Karimovning O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida asaridagi xronologik yondashuv konseptual asos bo’lib xizmat qiladi.
Ikkinchi bosqich – 1991 yildan 2000 yilga qadar bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Bu davrda milliy davlatchilik asoslari va ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan o’tish davrining dastlabki islohotlar jarayoniga ilk qadamlar qo’yildi.
Shu davrdan boshlab, bir necha avlod davrida shakllanib kelgan va odamlar ongiga singib ketgan kommunistik mafkura aqidasidan voz kechilib, Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Milliy istiqlol g’oyasining asoslari shakllandi. Buning ta‘sirida demokratik qadriyatlarning hayotdagi o’rnini mustahkamlash imkoniyati tug’ildi, mamlakatni jahon hamjamiyatiga integratsiyasiz tasavvur qila olmaydigan yangi avlod vakillari maydonga chiqdi. Bu mamlakatdatub siyosiy, iqtisodiy, ma‘naviy-ruhiy o’zgarishlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishida muhim omil bo’ldi.
O’zbek modelining hayotga joriy etilishi natijasida tarixan qisqa davr ichida ma‘muriy-buyruqbozlikka asoslangan eski sovet tizimi o’rniga milliy davlatchilik asoslarini yuzaga keltirishga qaratilgan huquqiy baza yaratildi. Yangi davlat boshqaruv tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tashkil etildi hamda fuqarolik jamiyati asoslari yaratildi, erkin bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayoni boshlandi. Bu davrda mamlakat mustaqilligini mustahkamlash bilan bir qatorda, milliy urf-odatlar, an‘ana va qadriyatlarni saqlash hamda taraqqiy ettirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko’tarildi.
2000-2010 yillarni qamrab olgan uchinchi bosqichda mamlakatda demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlari amalga oshirildi. Ushbu bosqichning asosiy vazifasi sifatida o’tish davrining obyektiv ehtiyoji hamda milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgan kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o’tish vazifasi kun tartibiga qo’yildi.
Natijada mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari chuqurlashdi, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil sud tizimi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi, fuqarolarning iqtisodiy va siyosiy faolligi ortib bordi.
Shu bilan birga, Islom Karimovning ... erishilgan bunday marralar - barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga asoslangan, ochiq demokratik hukuqiy davlat qurish, inson, uning manfaati, huquq va erkinliklari so’zda emas, amalda oliy qadriyat darajasiga ko’tarilgan, jahon miqyosida obro’-e‘tibor qozongan jamiyat barpo etish borasida biz o’z oldimizga qo’ygan yuksak maqsadga qaratilgan uzoq va murakkab yo’lning bir qismi, xolos (Karimov I.A.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsensiyasi. 19-j. –T., “O’zbekiston”. 2011. B-39.), degan fikrlari yuqoridagi mulohazalarimizni tasdiqlaydi.
Mustaqil davlatimiz 2010 yildan boshlab yangi - turtinchi bosqichga qadam qo’ydi. Ushbu bosqich demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada chuqurlashtirish bosqichi hisoblanadi.
Bu davrda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so’z erkinligini ta‘minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish maqsadida demokratik bozor islohotlarini chukurlashtirishga qaratilganligi bilan xarakterlanadi.
2016 yildan O’zbekiston yangi tarixining beshinchi bosqichi boshlandi. Bu davr 2016 yil sentabr oyidan O’zbekiston Respublikasining Prezidenti vazifasini bajaruvchi, 2016 yil dekabr oyidan esa umumxalq tomonidan O’zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylangan SH.M.Mirziyoyev faoliyati bilan bevosita boshlanuvchi davrdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |