3. Ta’lim-tarbiyada milliy yuksalish
Yurtimizda ijtimoiy rivojlanish bo’yicha o’ziga xos tizim shakllandi. Bu borada 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirilayotgani, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi dasturlar aholini yangicha fikrlash va ishlashga safarbar etishda muhim rol o’ynamoqda. Sog’liqni saqlash, madaniyat va sport, ilm-fan, ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohalarida bo’layotgan ulkan o’zgarishlarning barchamiz guvohi bo’lib turibmiz.
Shu o’rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda umumta’lim maktablarida 11 yillik tizim tiklanganini, maktab ta’limini rivojlantirish masalasi buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasi ham jadal rivojlanmoqda. So’nggi uch yilda 35ta yangi oliy o’quv yurti tashkil qilingani, ularning umumiy soni 112 taga yetgani, e’tiborlisi, bularning 13 tasi nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ekani sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin isbotidir.
Yangi o’quv yilining ilk – “Mustaqillik” darslarida istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi uch yilda amalga oshirilgan islohotlar, Harakatlar strategiyasida belgilangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g’oya, Prezidentimiz nutqi mazmun-mohiyati xususida o’quvchi-yoshlarga keng tushunchalar berildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o’rta, o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoniga muvofiq 2018/2019 o’quv yilidan boshlab majburiy umumiy o’rta ta’lim uzluksiz 11 yillik ta’lim negizida amalga oshirildi. 11 yillik ta’limning joriy etilishi munosabati bilan tezkor davr talabidan kelib chiqqan holda olimlar, amaliyotchi o’qituvchilar hamda keng jamoatchilikning fikriga tayanib, 10-11-sinflar uchun 12 ta umumta’lim fani bo’yicha o’quv rejalari qaytadan tayyorlanib, ularga bir qator o’zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 11-sinfda kasb ta’limi orqali 50 ga yaqin kasbni o’rgatish bilan birga, “Tadbirkorlik asoslari” fani ham o’qitiladi. O’quv dasturlari asosida 10-sinf o’quvchilariga umumta’lim fanlaridan 18 nomdagi darsliklar 7 tilda, jami 9 million 53 mingdan ortiq tirajda chop etilib, joylarga yetkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi “Umumiy o’rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o’quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o’quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori 10-11-sinf o’quvchilarining ta’lim olishi bilan birga, ularga kasb-hunar o’rgatish, yoshlarning qiziqish va qobiliyatini nazarda tutgan holda kelajakda ularni ta’limni davom ettirishi yoki egallagan kasbi bo’yicha mehnat faoliyati bilan shug’ullanishi uchun sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi. Kasb-hunar kollejlarida o’quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etildi. Kasblar ro’yxatini tayyorlashda hududlarning sharoiti hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari inobatga olinib, mutasaddilar va ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda, real vaziyatni xolis baholagan holda ish olib borildi. Ya’ni 11-sinf o’quvchisi maktabni tamomlagandan keyin egallagan hunari bo’yicha o’z ishini topa olishiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Oilada va kundalik turmushda hamisha zarur bo’lgan kichik tibbiy hamshira, oilaviy kichik hamshira, tarbiyachi yordamchisi, ijtimoiy soha kichik mutaxassisi, dasturchi, tarmoq boshqaruvchisi, veb-sayt dizayneri, kompyuter grafikasi mutaxassisi va shu kabi boshqa kasblarning o’rgatilishi jamiyatga, ham davlatga bir xil naf keltiradi. E’tiborlisi, joylarda tashkil etilgan o’quv-ishlab chiqarish majmualarida kasblar murakkabligiga qarab 1 yoki 2 yil davomida o’rgatiladi va mehnat bozoridagi ehtiyojga ko’ra kasblarning turi o’zgarib turadi.
10-11-sinf o’quvchilariga haftasiga bir kun 6 soatdan 2 yil davomida kasbiy ta’lim o’qitiladi. Bitiruvchilarga o’rta ma’lumot to’g’risida attestat bilan birga kasb malakasi bo’yicha davlat namunasidagi diplom beriladi. Shu bilan birga, o’quvchilarda kasblarga bo’lgan qiziqishni oshirish, kasblar to’g’risidagi ma’lumotlarni uzluksiz yetkazish maqsadida ular umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab kasbga yo’naltirilib boriladi. 8-9-sinflarda esa kasbga yo’naltirish alohida fan sifatida o’qitiladi.
Ilgari 9-sinfni tamomlayotgan o’quvchilarda qaysi kollejda o’qishni davom ettirish borasidagi savol ko’ndalang turardi. Ba’zilari majburlikdan u, yoki bu kollejlarga “adashib” borib qolardi. Oxir oqibat ularning bilim olishida, ham tarbiyasida salbiy holatlar paydo bo’la boshlardi. Bu esa, o’z navbatida, voyaga yetmaganlar orasida turli huquqbuzarliklar, jinoyatlar ortishiga sabab bo’ldi. Pedagog sifatida shuni ishonch bilan aytamanki, o’quvchilar 11 yillik ta’lim sistemasida chuqur bilim oladi, bu ertamiz egalarining bilimli, kasb-hunarli bo’lib ulg’ayishi, ma’naviyati, odob-axloqi, bo’sh vaqti ustidan mahalla-ko’y va jamoatchilik nazoratining o’rnatilishiga keng imkoniyat yaratdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrda “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni qabul qilingani ta’lim tizimidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo’ldi. Ushbu hujjatda nazarda tutilgan maqsadlar barchamizni quvontirdi, desam mubolag’a bo’lmaydi.
Farmonga muvofiq, 2020/2021 o’quv yilidan boshlab O’zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg’unlashgan yangi boshlang’ich, o’rta va o’rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tashkil etilib, mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari ro’yxatlari tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Farmonga ko’ra, jami 388 ta kasb-hunar kollejlari binolari tegishli ro’yxatga asosan maktab sifatida foydalanilishi belgilandi.
Boshlang’ich, o’rta va o’rta maxsus professional ta’lim tizimida tegishli ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog’i tashkil etiladi. Bunda:
A) kasb-hunar maktablarida:
Maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik kunduzgi ta’lim beriladi;
Ta’lim olayotgan o’quvchilar Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi.
B) kollejlarda:
Kamida umumiy o’rta ma’lumotga ega bo’lgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to’lov-kontrakt asosida ta’lim beriladi.
V) texnikumlarda:
Umumiy o’rta ma’lumotga ega bo’lgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo’lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to’lov-kontrakt asosida ta’lim beriladi;
Texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar o’z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o’qishini davom ettirish huquqiga ega bo’ladi.
Xulosa o’rnida aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi yosh avlodning puxta va sifatli bilim olishiga davlatimiz tomonidan ko’rsatilayotgan katta e’tiborning amaldagi ifodasidir. Zero, hyech bir davlatda O’zbekistondagidek bepul ta’lim tizimi mavjud emas. Bu islohotlarning tag-zamirida MUSTAQILLIK bergan cheksiz imkoniyatlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |