[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.72.00 Oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura)]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalarini mustaqil hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablag‘larni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida:
1. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga 2022-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilsin:
ta’lim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash;
talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;
professor-o‘qituvchilar shtat birliklarini kiritish me’yorlarini ishlab chiqish;
o‘z mablag‘lari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni mualliflik huquqi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish;
bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash;
avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilashi.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari quyidagilarni nazarda tutuvchi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi:
barcha ta’lim yo‘nalishlari va bosqichlari bo‘yicha bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdori hisoblab chiqiladi;
davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida bir talabaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan
kelib chiqib belgilanadi;
davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun budjet mablag‘lari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolanadigan bitim asosida ajratiladi (bundan maqsadli mablag‘lar, shu jumladan stipendiya to‘lovlari, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi uchun qonunchilikda belgilangan mablag‘lar, oliy ta’limdan keyingi ta’lim xarajatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida ajratiladigan boshqa mablag‘lar mustasno);
davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun ajratilgan budjet mablag‘lari (bundan maqsadli mablag‘lar mustasno) oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va hisobot davri oxirida mablag‘larning qoldig‘i oliy ta’lim muassasasi ixtiyorida qoldiriladi;
davlat buyurtmasi sifatida ajratilgan mablag‘lar hamda to‘lov-kontrakt mablag‘lari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasi tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi vazirlik va idorada ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda ulardan foydalanish Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi uchun belgilangan tartibga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi. Bunda, moliya yili davomida daromadlar va xarajatlar smetasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar Moliya vazirligi bilan kelishilmaydi;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan
kelib chiqib, biroq oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash, istiqbolda rivojlantirish hamda ta’lim xizmatlari bozoridagi o‘zaro raqobat asosida belgilanadi.
4. Belgilansinki, moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida:
asosiy vositalarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi — elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin mazkur oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni (bundan yer, bino, inshootlar, jumladan operativ boshqaruvga berilgan bino va inshootlar hamda o‘quv-ilmiy laboratoriya jihozlari mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar to‘lig‘icha o‘z ixtiyorida qoldiriladi;
moliyaviy nazorat tadbirlarini xolisona va mustaqil o‘tkazadigan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil etiladi;
mablag‘larning sarflanishi yuzasidan yuqori turuvchi vazirlikka (idoraga) har chorakda belgilangan tartibda hisobot beriladi;
Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar, xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tasarrufidagi mablag‘lar, moddiy boyliklar va mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar o‘z rasmiy veb-saytlariga muntazam joylashtirib boriladi;
mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish, jumladan xodimlar mehnatiga haq to‘lash va stipendiya to‘lovlarini o‘z vaqtida hamda to‘liq amalga oshirish uchun javobgarlik tegishli oliy ta’lim muassasasi rahbari zimmasiga yuklanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4391-son qaroriga asosan o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga berilgan vakolat va huquqlar ushbu qarorga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilsin. Bunda:
moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan budjet mablag‘larini oluvchi
davlat tashkiloti hisoblanadi;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati oliy ta’lim muassasasi tomonidan ta’lim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, biroq tegishli yo‘nalish bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari kesimida qabul shartlarida to‘lov-kontrakt qiymati tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.
6. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida quyidagilar kuzatuv kengashlarining asosiy vakolatlari etib belgilansin:
oliy ta’lim muassasasining uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;
oliy ta’lim muassasasining o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;
ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
oliy ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati bo‘yicha rektor va prorektorlar faoliyatini o‘rganish hamda axborotini eshitish;
oliy ta’lim muassasasining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat o‘tkazish uchun qo‘shimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;
oliy ta’lim muassasasini rivojlantirish va uning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal etish, shu jumladan nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishida maqsadli kapital jamg‘armasini shakllantirish;
ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarining innovatsion va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi va yo‘nalishlarini mustaqil belgilash;
oliy ta’lim muassasasi rahbari va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;
oliy ta’lim muassasasi hamda ular huzuridagi ta’lim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq to‘lash miqdori va samaradorlik mezonlariga asoslangan rag‘batlantirish tartibini mustaqil belgilash;
oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash.
7. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda uch oy muddatda davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun elektron shartnomalar tuzish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish xarajatlarini onlayn to‘lash va mablag‘lar hisobini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — Axborot tizimi) ishlab chiqsin hamda Moliya vazirligi va Markaziy bankning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
Belgilansinki, Axborot tizimiga ulanish idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha davlat oliy ta’lim muassasalari uchun majburiy hisoblanadi.
Axborot tizimini amaliyotga joriy etish, qo‘llab-quvvatlash va oliy ta’lim muassasalariga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish vazifasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markaziga yuklatilsin.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘ysunuvida oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
xalqaro moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda 2022-yil yakuniga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarida bozor mexanizmlariga asoslangan biznes jarayonlarini joriy etish, ularni xususiylashtirish, ular faoliyatiga korporativ boshqaruvni joriy etish hamda to‘liq moliyaviy mustaqillik berish orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
oliy ta’lim muassasasi hamda bitiruvchilar o‘rtasida uzviy aloqa o‘rnatish, ularning
kelgusi professional faoliyati, erishgan yutuqlari va tajribalarini o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borish, ular bilan talabalar o‘rtasida aloqa o‘rnatish, mahorat darslari tashkil etish yuzasidan zarur choralar ko‘rsin. Bunda, bitiruvchilarning kelgusida erishgan yutuqlari oliy ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi;
oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining fuqarolarga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish qamrovi va sifatini oshirish, ta’lim jarayonini ilg‘or oliy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka muntazam ravishda hisobot berib borishini ta’minlasin.
9. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga ularning klinikalarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, kapital va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun o‘zlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘lar sarflashga ruxsat berilsin.
10. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
davlat oliy ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga muvofiq soliq to‘lashdan ozod etilganligi;
moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etilishi;
moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qo‘llanilishi.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6318-son Farmoni 3-bandida nazarda tutilgan bojxona bojidan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz o‘quv hamda ilmiy laboratoriya jihozlari, maxsus asbob-uskunalar, o‘quv, ilmiy-metodik adabiyotlar, o‘qitishning texnik vositalari, multimedia mahsulotlarini olib kiruvchi barcha yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda bojxona bojidan ozod qilinadigan tovarlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari xarajatlarini “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali onlayn monitoring qilish imkoniyatini yaratsin. Bunda, xarajatlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklar bo‘yicha “tahlika-tahlil” tizimini yo‘lga qo‘ysin;
oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan ajratmalarning Moliya vazirligi axborot tizimi orqali avtomatik tarzda o‘tkazilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
13. Milliy teleradiokompaniya Milliy axborot agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritishga doir maxsus media-reja ishlab chiqsin hamda uning ijrosini ta’minlasin.
14. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Moliya vazirligi bilan birgalikda bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdori asosida moliyalashtirish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-iyul va 2023-yil 1-yanvarga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-dekabr,
PQ-61-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-son qaroriga
1-ILOVA
Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari
RO‘YXATI
1.
|
Samarqand davlat chet tillar instituti
|
2.
|
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
|
3.
|
Toshkent davlat yuridik universiteti
|
4.
|
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
|
5.
|
Toshkent moliya instituti
|
6.
|
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
|
7.
|
Toshkent farmatsevtika instituti
|
8.
|
Toshkent davlat transport universiteti
|
9.
|
Urganch davlat universiteti
|
10.
|
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
|
11.
|
Andijon mashinasozlik instituti
|
12.
|
Toshkent kimyo-texnologiya instituti
|
13.
|
Samarqand davlat universiteti
|
14.
|
O‘zbekiston Milliy universiteti
|
15.
|
Toshkent davlat texnika universiteti
|
16.
|
Toshkent tibbiyot akademiyasi
|
17.
|
Qoraqalpoq davlat universiteti
|
18.
|
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti
|
19.
|
Buxoro davlat universiteti
|
20.
|
Buxoro davlat tibbiyot instituti
|
21.
|
Samarqand davlat tibbiyot instituti
|
22.
|
Qarshi davlat universiteti
|
23.
|
Termiz davlat universiteti
|
24.
|
Toshkent davlat agrar universiteti
|
25.
|
Guliston davlat universiteti
|
26.
|
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
|
27.
|
Namangan davlat universiteti
|
28.
|
Farg‘ona davlat universiteti
|
29.
|
Geologiya fanlari universiteti
|
30.
|
Andijon davlat universiteti
|
31.
|
Andijon davlat tibbiyot instituti
|
32.
|
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
|
33.
|
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
|
34.
|
Toshkent davlat stomatologiya instituti
|
35.
|
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
|
Izoh:
2023-yil 1-yanvardan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Respublika oliy ta’lim kengashi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda mazkur ro‘yxatga qo‘shimcha davlat oliy ta’lim muassasalarini kiritish huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5787-son Farmoni 6-bandining beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5987-son Farmoni 16-bandining yettinchi xatboshisi “barcha ajratmalardan” so‘zlaridan keyin “2025-yilga qadar” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3389-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisidan “hamda oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda)” so‘zlari chiqarib tashlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati quyidagi mazmundagi 43-band bilan to‘ldirilsin:
“43. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni (mualliflik huquqi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilardan), sarflanadigan laboratoriya materiallari (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa obyektlar) xarid qilish”.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4007-son qarori 5-bandining “a” kichik bandi uchinchi xatboshisidan “oliy tibbiyot ta’lim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan pullik o‘qish kontraktlari bo‘yicha tushumlar, shuningdek,” so‘zlari chiqarib tashlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4041-son qarorida:
a) 4, 6, 7 va 8-bandlardagi “2019/2020” raqamlari “2020/2021” raqamlari bilan almashtirilsin;
b) 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2019/2020 va 2020/2021” so‘zlari “2020/2021 va 2021/2022” so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4319-son qarori 3-bandining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4391-son qarorida:
a) 7-bandi quyidagi tahrirdagi o‘n beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Mazkur bandning “a”, “b” va “v” kichik bandlari moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi;
b) 12-bandning birinchi xatboshisidagi “2022” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-apreldagi “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4666-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moliya vazirligi 2022/2023 o‘quv yilida sog‘liqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash choralarini ko‘rsin”.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5020-son qarori 15-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2021/2022 o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari
hisobidan;
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplab beriladi”.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5254-son qarorining 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Sog‘liq saqlash vazirligi 2022/2023 o‘quv yilida sog‘liqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yo‘nalishida (Master of Nealthcare Administration) davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tayyorlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishini va bu bilan bog‘liq xarajatlarning mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin”.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-yanvardagi “Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4942-son qarori 3-bandining oltinchi xatboshisidagi va 9-bandining “b” kichik bandidagi “2021/2022” raqamlari “2022/2023” raqamlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 102-son qarorida:
a) 3-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“2022-yil 1-yanvardan boshlab, oliy ta’lim muassasalarining ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi esa elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin — mazkur oliy ta’lim muassasasining rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi”;
oltinchi — o‘ninchi xatboshilar tegishincha yettinchi — o‘n birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“oliy ta’lim muassasalarining ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi esa elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin — mazkur oliy ta’lim muassasasining rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi”;
oltinchi — o‘n to‘rtinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi — o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
14. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi “Adliya organlari va muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 124-son qarorining 5-bandidan “, shu jumladan Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qitishning oshirilgan to‘lov-kontrakt summasini to‘lashdan tushadigan mablag‘lar” so‘zlari chiqarib tashlansin.
15. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 130-son qarorining 5-bandidan “oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda),” so‘zlari chiqarib tashlansin.
16. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 4-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt (shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt) shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larining mazkur mablag‘lar bo‘yicha moliya yili oxiriga qoldiq (tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablag‘lar ham inobatga olingan holda) qismining 4 foizi miqdoridagi ajratmalar”;
b) 5-banddagi “1-aprelidan” so‘zlari “10-yanvaridan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)