1. Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]



Download 161 Kb.
bet1/5
Sana19.02.2022
Hajmi161 Kb.
#457274
  1   2   3   4   5



[OKOZ:

1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.03.00.00 Pul tizimi va pul muomalasi. Inflyatsiya / 07.03.02.00 Naqd pul emissiyasi, pul muomalasini tashkil qilish va tartibga solish. Inflyatsiya]

[TSZ:

1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Inflatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida
Inflatsiya darajasini yanada pasaytirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Xalqaro tajriba bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit siyosatini yuritishning samarali usullaridan biri inflatsion targetlash rejimi ekanligini ko‘rsatmoqda, bunda pul-kredit bozoridagi markaziy bankning faol ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning muntazam tahlili va davlat siyosati rejalarining keng yoritib borilishi inflatsiyaning miqdoriy maqsadlariga erishishni ta’minlaydi.
Shu bilan birga, inflatsion targetlash rejimini joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini talab etadi:
inflatsiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan, tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlash va ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish;
Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;
regulyatorning kredit bozoriga samarali ta’sir etishini ta’minlab beruvchi, pul bozorini tartibga solishning yangi instrumentlarini joriy etish.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlasin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari etib belgilansin:
inflatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish;
pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qo‘llash;
pul-kredit siyosati sohasida obyektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish;
pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki inflatsion targetlash rejimiga to‘liq o‘tish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin, xususan:
muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish;
raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning to‘laqonli bozorlarini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish;
monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga o‘tishga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
jamg‘armalarni investitsiyalarga transformatsiya qilish uchun moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish maqsadida bank tizimi hamda moliya bozorlarini isloh etish, shuningdek, moliyaviy oqimlarni uzoq muddatli rejalashtirish uchun imkoniyat yaratish.
[OKOZ:

1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]

4. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2020-yilda inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflatsion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rsin:
2020-yilning 1-yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
2020-yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
2020-yilning 1-apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;
ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflatsion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;
inflatsiya va inflatsion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish.
6. Inflatsiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
inflatsiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan holda tahlil etish va tanqidiy baholab borish;
barcha vazirlik va idoralar sa’y-harakatlarini iqtisodiyotda inflatsiya darajasini pasaytirish hamda amalga oshirilayotgan siyosatning o‘zaro muvofiqligini ta’minlashga qaratish;
respublika pul-kredit siyosatini inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishidagi kamchilik va muammolarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish hamda ushbu sohadagi vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlari va boshqa vakillari ishtirokida har oyda kamida ikki marta ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va inflatsiyani pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilishni tashkillashtirish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borish.
7. Belgilansinki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi, ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno;
2021-yil 1-yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma’lum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2020-yilning 1-fevraliga qadar Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021-yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni, inflatsiya maqsadlariga ta’sirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
umumiy fiskal balans taqchilligini 2022-yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining belgilangan parametrlar doirasidagi qat’iy ijrosini, shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda soliq-budjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 2020-yilning 1-iyuliga qadar norezidentlarga moliya bozoriga kirishga ruxsat berish shartlari, mexanizmlari va muddatlari bo‘yicha takliflarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini bartaraf qilishning aniq mexanizmlari va instrumentlarini ishlab chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki:
Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini;
“2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash yig‘ilishlarida soliq-budjet va pul-kredit siyosati muvofiqligi hamda tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi holati masalalarini ko‘rib chiqish va muhokama qilishni;
jahon bozorlaridagi real vaziyatning rivojlanishi va tarkibiy iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalaridan kelib chiqqan holda moslashuvchan makroiqtisodiy siyosat yuritish, shuningdek, inflatsiyaning uzoq muddatli maqsadli ko‘rsatkichi (targeti) darajasigacha pasayishini;
“Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, inflatsiya bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishish omillari va xatarlarini ko‘rsatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda ma’lumot kiritib borishni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda 2020-yilning 1-apreliga qadar Jahon bankining texnik ko‘magi asosida ishlab chiqilayotgan Moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy strategiyasi doirasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-noyabr,
PF-5877-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-noyabrdagi PF-5877-son Farmoniga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari
KONSEPSIYASI
Ushbu Konsepsiyaning maqsadi chuqur tarkibiy islohotlar o‘tkazilayotgan sharoitda iqtisodiyotda inflatsiya darajasini pasaytirishni ta’minlash hisoblanadi.
Konsepsiya pul-kredit siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini, shuningdek, soliq-budjet siyosati va iqtisodiyot tarmoqlarining tarkibiy o‘zgarishi sohalaridagi zaruriy chora-tadbirlarni belgilaydi.
1-BOB. INFLATSIYA OMILLARI TAHLILI
Tartibga solinadigan narxlar (tariflar) hamda davlat sektorida ish haqining yillik oshirib borilishi, shuningdek, pul-kredit siyosatining o‘ziga xosliklari (iqtisodiyotdagi pul massasi o‘sishi bilan birgalikda oltin-valyuta zaxiralarining jamg‘arib borilishi, milliy valyutaning doimiy devalvatsiyasi va spekulyativ kursli parallel valyuta bozorining mavjudligi) respublikada oldingi yillarda shakllangan inflatsiyaning fundamental omillari bo‘lib hisoblanib kelmoqda.
Yillar davomida yig‘ilib kelgan investitsion yetishmovchilik va iqtisodiyotda shakllangan nomutanosibliklar mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichida ushbu muammolarni hal qilish uchun muhim qadamlar tashlashni taqozo etmoqda.
Iqtisodiyotdagi ushbu ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar sharoitida iqtisodiyotda inflatsiya bosimining obyektiv (muqarrar) shakllanishi kuzatildi.
Ushbu jarayonda quyidagilar asosiy omillar sifatida namoyon bo‘lmoqda:
a) oshirilgan iqtisodiy, kredit va investitsion faollik. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish vazifalari, hududlarda aholi turmush sharoitlarini yaxshilash zaruriyati, agrar sohadagi islohotlar, davlat sektorida ish haqi darajasidagi tuzatishlar, tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi va aholining o‘zini-o‘zi ish bilan ta’minlashi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar iqtisodiyotga sezilarli moliyaviy resurslar yo‘naltirilishini talab etdi;
b) tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish. Narxlarni tartibga solish tizimini isloh qilish va bozor narxlarini shakllantirishga ushbu tovar va xizmatlarning mazkur guruh tomonidan inflatsion bosimini shakllantiradi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, narxlarni erkinlashtirish jarayonining kechiktirilishi islohotlar samaradorligini pasaytirishi va natijada uzoq muddatli inflatsion kutilmalarni yuzaga keltirishi mumkin. Tartibga solinadigan narxlarni bozor darajasiga yetkazish iqtisodiyotning tegishli sektoriga xususiy kapitalni jalb qilishni ta’minlashga imkon beradi.
Bunda, narxlarning ma’muriy tartibga solish tizimining isloh qilinishi va tariflarning bosqichma-bosqich oshirib borilishi mazkur tovarlar va xizmatlar guruhi tomonidan ma’lum darajadagi inflatsion bosimni yuzaga keltirishi mumkin;
v) nominal ish haqlarining korrektirovkasi. So‘nggi ikki yilda aholi real daromadlarining o‘rtacha yillik o‘sishi 10 — 12 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyotning erkinlashtirilishi uning ayrim sohalarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabi natijasida ularning ish haqlari sekin-asta oshib borishiga olib keldi;
g) tashqi savdoni erkinlashtirish hamda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va tovarlar transchegaraviy olib o‘tilishining soddalashtirilishi. Tashqi savdoning erkinlashtirilishi va importning o‘sishi sharoitida valyuta kursining o‘zgarishi ham import, ham mahalliy tovarlar narxlarining shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
2018-yilda nisbatan barqaror valyuta kursi sharoitida ba’zi tovarlar importi narxlar barqarorlashuviga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, meva va sabzavotlar narxlari qo‘shni davlatlardagi narxlar darajasigacha korrektirovka qilinib oldi. Ayni vaqtda, joriy yilda devalvatsiyaning tezlashishi iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Makroiqtisodiy barqarorlik, sifatli iqtisodiy o‘sishga va past darajadagi inflatsiyaga erishish nafaqat pul-kredit siyosati instrumentlarini qo‘llash orqali, balki quyidagilarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv bilan ta’minlanadi:
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirishga urg‘u bergan holda, tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish hamda tovar va xizmatlarning to‘laqonli bozorini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlaridagi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni davom ettirish;
ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiya qilish;
xususiy investitsiyalar kirishini ko‘paytirish va moliya bozorini rivojlantirish orqali moliyaviy resurslarning samarali qayta taqsimlanishini ta’minlash, shuningdek, moliya bozorida “uzoq muddatli” pullar manbasini shakllantirish.
2-BOB. PUL-KREDIT SIYOSATINI TAKOMILLAShTIRISh VA INFLATSION TARGETLAShGA O‘TISh
Chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida pul-kredit siyosatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
narxlarning keskin oshishi va spiral xarakterdagi inflatsiyaning oldini olish;
milliy valyuta kursiga nisbatan devalvatsion bosimni ushlab turish;
pul bozorini shakllantirish, imtiyozli kreditlash va pul bozori segmentlashuvi sharoitlarini bartaraf etish;
ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda aholi va biznesning to‘lovga layoqatliligini saqlab turish, va umuman, moliya sektorining barqarorligini ta’minlash.
Ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, yuqorida keltirilgan ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi pul-kredit siyosati sharoitlarini inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni talab qilmoqda.
Inflatsion targetlash o‘zida shunday pul-kredit siyosati rejimini aks ettiradiki, unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan inflatsiya darajasi bo‘yicha doimiy maqsad (target) e’lon qilinadi va uning harakatlari pul-kredit instrumentlari va kommunikatsiyadan faol foydalangan holda joriy inflatsiyani uning maqsadli ko‘rsatkichiga yetkazishga yo‘naltiriladi.
Inflatsion targetlash rejimi ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘zining keng qamrovli tatbiqini topgan. Mazkur rejim inflatsiyaning tebranuvchanligi va inersionligini pasaytirishda samarali instrument hisoblanadi va bu, o‘z navbatida, o‘rta muddatli istiqbolda mustahkam va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Bundan tashqari, bu rejimda inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishda Markaziy bank harakatlarida katta erkinlik, maqsadlar va pul-kredit siyosati maqsadlari va ustuvorliklarining aniq identifikatsiyasi, shuningdek, Markaziy bankning inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishda javobgarligi ko‘zda tutiladi. Jamoatchilik uchun Markaziy bank faoliyatining yuqori darajada shaffofligi iqtisodiyotda maqbul iqtisodiy kutilmalar shakllanishiga imkon yaratadi.
Inflatsion targetlash rejimini samarali joriy qilish uchun pul-kredit siyosati inflatsiyaning belgilangan maqsadli darajasiga erishish zaruriyatidan kelib chiqib, bozor instrumentlari ta’sirini qo‘llagan holda banklararo pul bozoridagi foiz stavkalarini Markaziy bank intervensiyalari orqali samarali boshqarish yo‘li bilan amalga oshirilishi lozim.
O‘rta muddatli davrda inflatsion targetlash rejimini to‘liq joriy etish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining inflatsiyaning monetar va nomonetar omillarini pasaytirishdagi rolini kuchaytirish;
inflatsiyaning qisqa muddatli maqsadlari trayektoriyasini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan uzoq muddatli maqsadga o‘tishni e’lon qilish;
Markaziy bank tomonidan yangi instrumentlarning (overnayt, depozit va kredit auksioni, svop, REPO, qisqa va o‘rta muddatli obligatsiyalar va boshqalar) joriy etilishi;
pul bozoridagi operatsiyalarning asosiy mezoni sifatida foiz stavkalari koridorini qo‘llash;
moslashuvchan foiz siyosatini olib borish orqali tashqi va ichki omillarga o‘z vaqtida javob berish;
davlat qimmatli qog‘ozlari bilan pul bozori operatsiyalarini amalga oshirish va g‘aznachilikning bo‘sh pul mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirish uchun yagona platforma yaratish;
qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlilik egri chizig‘ini shakllantirish va iqtisodiyot subyektlarining uzoq muddatli kutilmalarini samarali boshqarish;
ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirish, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimini to‘liq tatbiq etish orqali pul-kredit va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro bog‘liqligini tizimli baholash;
inflatsion targetlash rejimining mohiyati va maqsadlari, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish shart-sharoitlari, bevosita va bilvosita ijobiy ta’sirlari hamda unga erishishning maqsadli muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka xolisona, aniq va sodda usulda yetkazish orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish;
pul-kredit siyosatining o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasiga ta’sirini baholash bo‘yicha ekonometrik modellarni qo‘llash.
Banklararo pul bozori foiz stavkasiga ta’sir ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga moliya bozorida shart-sharoit shakllanishiga imkon beradi hamda bu iqtisodiy holat talablaridan kelib chiqib, pul-kredit siyosati maqsadlariga erishishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul bozoridagi likvidlilik hajmini baholaydi va prognoz qiladi, mablag‘lar taqchilligi yoki ortiqchaligini, shuningdek, tegishli (likvidlilikni taqdim etish va yig‘ib olish bo‘yicha) instrumentlarning mavjudligini aniqlaydi.
Bank tizimida likvidlilikka bo‘lgan talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelganda, doimiy harakat operatsiyalari bo‘yicha stavkalari banklararo pul bozoridagi stavkalar tebranishini ushlab turadi.
Shu bilan birga, majburiy zaxiralarni o‘rta darajaga keltirish mexanizmi banklararo bozor stavkalarini boshqarish jarayonida qo‘shimcha moslashuvchanlik yaratadi. O‘rta muddatli istiqbolda koeffitsiyentning ko‘tarilish tomonga o‘zgarishi banklarning banklararo pul bozoridagi faolligini oshiradi va bu orqali transmissiya foiz kanali ishini mustahkamlaydi.
Inflatsion targetlash rejimiga muvaffaqiyatli o‘tish uchun zarur shartlardan biri bu erkin shakllanadigan ayirboshlash kursi bo‘lib, uning o‘zgarishi to‘laligicha talab va takliflarning muhim omillariga sabab bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, banklararo valyuta bozorini modernizatsiya qilishni va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta intervensiyasi sohasidagi siyosatini tegishli ravishda takomillashtirilishini talab etadi.
Valyuta bozori rivojlanishidagi asosiy omillardan biri ichki valyuta bozorida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faolligining asta-sekin pasayishi va tijorat banklarining market-meyker sifatidagi rolining oshirilishi hisoblanadi.
Valyuta kursining moslashuvchan shakllanishga o‘tish va banklararo valyuta savdolarini amalga oshirish valyuta intervensiyasi uslublarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bozor faoliyatiga aralashishni minimallashtirishga qaratilgan va ayirboshlash kursini aniqlashda uning fundamental o‘zgarish trendiga ta’sir o‘tkazmaydigan Valyuta intervensiyasi strategiyasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, quyidagilar, valyuta bozorini erkinlashtirish jarayonini yakunlash orqali inflatsion targetlashga o‘tish uchun zaruriy shartlardan hisoblanadi:
banklarning market-meyker sifatida bozordagi faolligini rag‘batlantirish va ularning ayirboshlash kursini shakllantirishdagi rolini oshirish;
valyuta intervensiyalari siyosatini takomillashtirish va ularning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki intervensiyalari maqsadlari va usullarini belgilab beruvchi strategiya va taktikalarini ishlab chiqish;
valyuta bozori ishtirokchilariga valyuta xatarlarini xedjirlash imkonini beruvchi hosilaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish.
Uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash butun moliya tizimining barqaror ishlashini talab qiladi. Bunda, barqaror makroiqtisodiy sharoitda ham bank sektorida tizimli xatarlar shakllanishi mumkin.
Inflatsiyani belgilangan maqsadga yaqinlashtirish va ushlab turish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, shu jumladan prudensial nazorat choralari orqali moliyaviy xatarlarni kamaytirishi zarur.
Bank nazorati hamda banklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari. Tijorat banklari balanslarini tozalash ular barqarorligining oshishiga, omonatchilar va kreditorlar mablag‘larining saqlanishiga, moliya tizimiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga va moliya bozorlarining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.
Bank va moliya tizimlari uchun xatarlar ehtimolini kamaytiruvchi makroprudensial nazorat choralarining o‘z vaqtida va samarali qo‘llanilishi iqtisodiyotning muvozanatli ishlashiga hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishiga imkon beradi.
Inflatsion targetlash rejimida narxlar barqarorligi moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bozor ishtirokchilari pul-kredit siyosati harakatlarini oldindan ko‘ra bilishi va tushunishi sababli iqtisodiyot subyektlari qarorlarni qabul qilishda yanada izchil bo‘ladilar va bu noaniqlik elementlarini bartaraf qilishga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining minimal ishtiroki bilan butun moliya tizimini barqarorlashtirishga yordam beradi.
Aholi va tadbirkorlarning banklarga va milliy valyutaga bo‘lgan ishonchini oshirish bank tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Mamlakatda ishonchli bank tizimi va moliya bozorining faoliyati pul-kredit siyosati ta’sir kanallarining to‘la ishlashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.
Mazkur maqsadlarga erishish uchun bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
banklarning mijozlarga bo‘lgan e’tiborini oshirish;
mijozlarga elektron va masofaviy xizmat ko‘rsatishni to‘liq joriy etish orqali bank xizmatlari sifati hamda aholining bank va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash;
bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimini isloh qilish va banklarni transformatsiyalash, korporativ boshqaruv sifatini oshirish;
samarali infratuzilmani yaratish, banklar faoliyatini avtomatlashtirish va zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni joriy etish;
davlat banklarini isloh qilish jarayonini tezlashtirish va ularni xususiylashtirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish;
davlat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatishda tezkorlikni oshirish, shu jumladan ularda xodimlar faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) ijrosini baholash tizimini joriy etish;
banklar tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlarga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash va zarur bo‘lganda, ayrim banklarning aktiv operatsiyalarini vaqtincha cheklash choralarini qo‘llash orqali prudensial nazorat choralarini kuchaytirish.
3-BOB. VAZIRLAR MAHKAMASI VA MARKAZIY BANKNING INFLATSIYA DARAJASINI PASAYTIRISh BO‘YIChA BIRGALIKDAGI ChORALARI
Narxlar barqarorligini ta’minlash va inflatsiyaning sezilarli darajada o‘sishi xavfining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki soliq-budjet va pul-kredit siyosatlarini muvofiqlashtirish hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni amalga oshirish borasida birgalikdagi harakatlarni olib borishi zarur.
Soliq-budjet siyosati sohasidagi chora-tadbirlar:
umumiy fiskal balans taqchilligini 2022-yilda 1,5 foizdan oshirmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich qisqartirib borish;
qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan budjet intizomiga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash;
taqchillikni moliyalashtirishning tashqi manbalarini, shu jumladan inflatsiya xavfini tug‘dirmaydigan resurslar hisobiga jalb qilish tartibini belgilash va uni qonun yo‘li bilan mustahkamlash;
ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo‘naltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish;
soliq ma’muriyatchiligi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
soliq intizomiga o‘z vaqtida rioya qilish bo‘yicha javobgarlikni oshirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash.
Tarkibiy siyosat sohasidagi chora-tadbirlar:
a) ishlab chiqarish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish:
ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yoqilg‘i-energetika kompleksini, shu jumladan xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali modernizatsiya qilish;
avtomobil yo‘llarini qurish va xizmat ko‘rsatishda davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini qo‘llash;
temir yo‘l va havo transporti orqali yuk tashish sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish;
ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari tarif va narxlarini asosiy tashqi savdo hamda sayyohlik yo‘nalishlari o‘tadigan boshqa davlatlar darajasidan oshmaydigan darajagacha tushirish;
logistika xizmatlari, ulgurji savdo va tovarlarni saqlash infratuzilmasi sifatini oshirish;
b) raqobat muhitini yaxshilash va biznes yuritishning teng imkoniyatlarini yaratish:
mulk huquqi va tadbirkorlik faoliyati kafolatlarining institutsional asoslarini mustahkamlash;
raqobatbardosh tovar va moliya bozorlarida faoliyat yurituvchi korxonalar ustav kapitalida davlat ulushini kamaytirish, shu jumladan tabiiy monopoliyalarning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan obyektlarini xususiy sektorga sotish;
monopol korxonalarning narx belgilash bo‘yicha shaffofligini ta’minlash, inflatsiyaning maqsadlarini hisobga olgan holda o‘rta muddatli istiqbolda tartibga solinadigan narxlarni (tariflar) erkinlashtirish muddatlarini o‘rnatish;
individual soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, preferensiyalar va imtiyozli kreditlar berish amaliyotini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish;
davlat xaridlari sohasida bozor mexanizmlarini rivojlantirish, ularning shaffofligi va hisobdorligini oshirish;
narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarning mohiyati, maqsadi, amalga oshirish bosqichlari va erishilgan natijalarni tushuntirish va asoslash bo‘yicha faol kommunikatsiya siyosatini yuritish;
v) xususiy investitsiyalar oqimining o‘sishi va moliya bozorining rivojlanishi:
qarzlarni moliyalashtirish instrumentlarini kengaytirish;
mahalliy korxonalar aksiyalarini jahon fond maydonlarida birlamchi va ikkilamchi joylashtirish jarayonlarini faollashtirish;
aksiyadorlik kompaniyalarini tashkil etish va tugatish mexanizmini soddalashtirish;
elektr va gaz ta’minoti sohasiga xususiy investorlar hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni raqobat asosida kirishiga imkoniyat yaratish va ularni faol jalb etish;
g) ishlab chiqarish omillari unumdorligini oshirish:
ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga va energiya sarfini pasaytirishga qaratilgan modernizatsiyalash va texnologik yangilash tarmoq dasturlarini amalga oshirish;
unumdorlikni rag‘batlantirish hamda sifatni oshirishga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yer ajratish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini samarali amalga oshirish;
mehnat unumdorligini oshirish va mehnatga munosib haq to‘lash orqali tarmoqlar tayyor mahsulotlari tannarxi tarkibidagi xarajatlarni optimallashtirish;
xalqaro standartlar va normativlarni joriy etish orqali energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha maxsus tarmoq dasturlarini amalga oshirish;
davlat ulushiga ega korxonalar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oshirish maqsadida ularning samaradorlik reytingini e’lon qilib borish;
asbob-uskunalarning samaradorligi va unumdorligi, shu jumladan foydalanish muddatlari bo‘yicha talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash.
4-BOB. KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Pul-kredit siyosatining takomillashtirilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki tomonidan muvofiqlashtirilgan harakatlarning amalga oshirilishi iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga va inflatsiyaning 5 foizlik darajasi bo‘yicha uzoq muddatli maqsadga erishishni ta’minlaydi.
Narxlar barqarorligi aholining turmush darajasi, ishchanlik faolligiga, ularning milliy valyutaga bo‘lgan ishonchining mustahkamlanishiga, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining pasayishiga, milliy iqtisodiyotga ichki va tashqi investitsiyalarning o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ko‘rsatilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi iqtisodiyot agentlarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosatiga bo‘lgan ishonchining oshishiga xizmat qiladi va bu, o‘z navbatida, inflatsion kutilmalarni sezilarli darajada pasaytirish imkonini beradi.
Barqarorlikni, shuningdek, iqtisodiy siyosat shaffofligi va oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi, kreditlashning tashqi manbalari bo‘yicha tavakkalchilik mukofotini kamaytirish omili bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-noyabrdagi PF-5877-son Farmoniga
2-ILOVA
2020-yilda inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”


Download 161 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish