208-modda. Hokimiyat harakatsizligi
Oldingi tahrirga qarang.
Hokimiyat harakatsizligi, ya’ni davlat organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, xuddi shuningdek bunday harakatsizlik jinoyatga yo‘l qo‘ygan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
(208-moddaning dispozitsiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(208-moddaning sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi 7-sonli “Sud hujjatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash va ularning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlikka doir qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 11-bandining to‘rtinchi xatboshisi.
209-modda. Mansab soxtakorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Mansab soxtakorligi, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
(209-moddaning birinchi qismi dispozitsiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(209-modda birinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
O‘sha harakat:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(209-modda ikkinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi 19-sonli “Poraxo‘rlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 21-maydagi 4-sonli “Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 8-bandining ikkinchi xatboshisi va 13-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 08-sonli “Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarori 11-bandining to‘rtinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |