29-modda. Ishtirokchilikning shakllari Jinoyatda ishtirokchilik: oddiy ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma shaklida bo‘ladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok qilishi murakkab ishtirokchilik deb topiladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi 37-sonli “Transport vositalarini olib qochish ishlari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining 5-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 5-maydagi 13-sonli “Bir necha jinoyat sodir etilganda qilmishni kvalifikatsiya qilishga doir masalalar to‘g‘risida”gi qarori 12-bandining uchinchi xatboshisi. Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 5-maydagi 13-sonli “Bir necha jinoyat sodir etilganda qilmishni kvalifikatsiya qilishga doir masalalar to‘g‘risida”gi qarori 12-bandining uchinchi xatboshisi. 30-modda. Jinoyatda ishtirok etganlik uchun javobgarlik doirasi Tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham ushbu Kodeks Maxsus qismining bajaruvchini javobgarlikka tortish belgilangan moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
Oldindan til biriktirgan guruh, jinoiy guruh va jinoiy uyushmaning tashkilotchilari hamda a’zolari tayyorgarlik ko‘rilishi yoki sodir etilishida o‘zlari qatnashgan barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladilar.
Uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tashkil etgan yoki ularga rahbarlik qilgan shaxslar shu guruh yoki uyushma sodir etgan barcha jinoyatlar uchun, basharti, bu jinoyatlar ularning jinoiy niyati bilan qamrab olingan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladilar.
Boshqa ishtirokchilarning jinoiy niyati bilan qamrab olinmagan qilmish uchun uni sodir etgan shaxs javobgar bo‘ladi.
Tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni o‘z vaqtida ko‘rganligi, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlikni istisno qiladi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni 28-moddasining ikkinchi qismi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi 13-sonli “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 12-bandining oltinchi xatboshisi, 14-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari hamda 20-bandi.