115-modda.
O`zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o`zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko`pchilik aholi so`zlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to`la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so`zlash huquqi taminlanadi.
116-modda.
Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan taminlanadi.
Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko`rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi.
117-modda.
O`zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o`z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o`n kunligining birinchi yakshanbasida o`tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasining o`n sakkiz yoshga to`lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati azolari Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo`shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so`ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita cheklashga yo`l qo`yilmaydi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o`zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo`lishi mumkin emas.
Saylov o`tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |