1-mavzu: «TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI» faninin predmeti, maqsadi va vazifalari. Turkologiyaning tarkibiy qismlari. Turkiy tillar va xalqlar, ularning soni va yashash hududi. Turkiy tillarni o’rganish sohasidagi ta’limotlar
Dars ryejasi:
1. «TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI» kursining predmeti, maqsadi va vazifalari
2. Turkiy xalqlar va tillar haqida umumiy tushuncha
3. «Turk» etnonimining etimologiyasi haqida turli xil qarashlar.
4. Turkiy xalqlarga doir eng qadimgi manbalar.
5. Qadimgi turkiy xalqlar yashagan hududlar. Hozirgi turkiy millat va elatlar.
Tayanch iboralar: filologiya, turkiy filologiya, turkiy xalqlar, turkiy tillar, turkiy adabiyot, turkiy xalqlar tarixi, turkiy xalqlar madaniyati, turkiy xalqlar etnografiyasi, turkiy matnchilik tarixi; turkshunoslik - turkologiya; oltoy nazariyasi, oltoy tillari oilasi, oltoyshunoslik.
Sharq xalqlari tarixi, tili, adabiyoti, madaniyati, san’ati muammolarining o’rganuvchi fan sharqshunoslik deb nomlanadi. Bu fan uzoq va qadimiy tarixga ega. Turkiyshunoslik sharqshunoslikning ajralmas tarmog’i bo’lib, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, xalq og’zaki ijodi, adabiyoti, arxeologiyasi, etnografiyasi va tilini o’rganuvchi ijtimoiy fanlar yig’indisidir. XX asr boshlariga kelib turkiyshunoslik vazifasi, muammolar doirasi keskin o’zgardi, bu fan ko’proq filologik fanlardan biri bo’lib qoldi. Shundan so’ng turkiyshunoslik ko’proq turkiy tillar bilan bog’liq quyidagi muammolar bilan shug’ullanadigan fan bo’lib qoldi:
a) turkiy yozma obidalarni topish, aniqlash, ularni o’qish, sharhlash va nashr etish (A. Kononov «Mahbubul qulub», «Shajarai tarokima»);
b) turkiy tillar grammatikasi va leksikografiyasini tadqiq etish;
v) turkiy tillarga oid lingvistik materiallar to’plash;
g) turkiy tillarning geniologik va tipologik jihatdan tasnif etish;
d) areal lingvistika muammolari bilan shug’ullanish;
ye) turkiy tillar dealekt va shevalarini o’rganish, ularning lug’atlarini yaratish, atlasini tuzish va boshqalar.
Hozirgi vaqtda turkiy xalqlar O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi 5 ta respublika, 6 ta avtonom respublika (Boshqirdiston, Tatariston, Tuva, Chuvashiston, Yoqutiston, Qoraqalpog’iston) va 2 ta avtonom viloyat (Tog’li oltoy, Xakasiya) dagi aholining asosiy qismini tashkil etadi. Shuningdek, turkiy xalqlar Tojikiston, Afg’oniston, Eron, Turkiya, AQSh, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda ham yashaydilar. Dunyoda turkiy tillarda gaplashuvchi aholi soni 140 mln.dan ko’proq.
TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI kursi me’yoriy predmet bo’lib, turkiyshunoslikning zamonaviy muammolari xususida talabalarga zarur dastlabki ma’lumotlarni beradi. Mazkur fan turkiy xalqlar filologiyasi taraqqiyoti masalalarini o’sha xalqlar tarixi, ijtimoiy mavqeyi, madaniyati bilan bog’liq holda ko’zdan kechiradi.
Ma’lumki, tilning rivojlanishi o’sha til egasi bo’lgan xalq va jamiyat taraqqiyotiga bevosita bog’liq. Shunga ko’ra, «TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI» kursi turkiy tillarning shakllanishi, lug’at tarkibi, grammatik qurilishidagi o’zgarishlarni o’sha turkiy tillarning jamiyatda tutgan o’rni, geografik joylashishi bilan uzviy aloqada o’rganadi.
Umuman olganda «TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI» kursi turkiyshunoslikning quyidagi muammolarini o’rganish bilan shug’ullanib kelmoqda:
a) turkiy tillarning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari;
b) turkiy tillar tarixi va uni o’rganish manbalari;
v) Sharq olimlarining turkiy tillarni o’rganishga qo’shgan hissasi;
g) Rossiya va boshqa chet mamlakatlarda turkiy tillarning o’rganilish tarixi.
d) turkiy tillarning geneologik va tipologik tasniflari;
ye) turkiy tillarning lug’at tarkibi, grammatik qurilishi fonetik tuzilishdagi umumiy xolatlar;
yo) turkiy tillar yozuv tuzilishi va uni takomillashtirish muammolari;
j) o’rta turk tili, hozirgi zamonda turkiy tillarni o’zaro aloqasini yaxshilash bilan bog’liq masalalar va hakazo.
Xuddi ana shu muammolar «TURKIY FILOLOGIYA ASOSLARI» kursining maqsadi va vazifasini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |